11:46 / 27.10.2022
4216

Jurnalist OAVni O‘zbekistonning ekologik muammolariga qarshi birlashishga chaqirdi

Kun.uz muxbirining chaqirig‘ini senator Farhod Boqiyev ham qo‘llab-quvvatladi.

26 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati binosida O‘zbekistonda so‘z erkinligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov so‘nggi yillarda Toshkent shahri ekologiyasining inqiroz yoqasiga kelib qolganini bildirib, jurnalistlarni bu muammolarga qarshi birlashishga, bahamjihat harakat qilishga chaqirdi.

“Bugun jurnalistlar yig‘ilgan ekanmiz, bu yerda faqat o‘z muammolarimiz haqida emas, jamiyat, mamlakat muammolari va bu muammolarni hal qilish uchun o‘z vazifalarimiz haqida ham gaplashaylik.

Bugun O‘zbekiston qanday ekologik muammolar yoqasida ekanini barchamiz bilamiz. Masalan, 17 oktyabr kuni Toshkent havosining iflosligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. Lekin nega bu masalalarni faqat sanoqli tahririyat va blogerlargina yozmoqda? Nima uchun butun OAV bu masala atrofida birlashmayapti?

Kelinglar, Toshkent ekologiyasini bugungi ahvolga keltirgan yuzlab tartibsiz qurilishlar, daraxtkushliklarga yo‘l qo‘yib berayotgan shahar hokimligi, yirik korxonalarga qarshi kuchni birlashtiraylik. Balki, barchamiz kelishib, bir kunimizni, sonimizni to‘liq ekologik muammolarga bag‘ishlarmiz. Sahifalarimizni to‘liq oq yoki qora qilib chiqararmiz.

Men bugun O‘zbekiston ekologiyasini inqirozdan olib chiqish uchun barcha jurnalistlarni birdamlikka chaqiraman. Birlashmasak bo‘lmaydi. Biz o‘zimizning ichki muammolarimiz haqida ko‘p gapirishimiz mumkin, lekin jamiyat oldidagi asl vazifalarimiz qolib ketyapti”, – dedi u.

Jurnalistning chaqirig‘idan keyin “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov so‘z oldi va u ham hamkasblarni birdamlikka chaqirdi.

“Bugun matbuotimiz birdaniga va ketma-ketlikda ekologik muammolarni ko‘tarishi kerak. Bu izsiz ketmaydi, natija bo‘ladi.

Biz ekologik muammolar, daraxt kesilishlari haqida ko‘p gapiryapmiz, chora ko‘rildi, deyapmiz. Lekin ikki kundan keyin prokuratura yonidagi daraxtlarni kesib ketishyapti.

Ekologik jinoyatlarga nisbatan javobgarlikni keskin oshirishimiz kerak”, – dedi jurnalist.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev bildirilgan fikrlarga qo‘shilishini ta’kidladi.

“Biz 2021 yilda daraxt va butalarning kesilishi borasida Ekologiya qo‘mitasi raisining axborotini eshitgandik. Shundan keyin ham ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi, lekin biz kutgandek natijani bermayapti.

Shu nuqtayi nazardan, xulosaga kelganmanki, Ekologiya qo‘mitasini parlamentga bo‘ysinuvchi, hukumatdan mustaqil bir organga aylantirishimiz kerak.

Agar qo‘mitaning hududiy boshqarmalari mahalliy hokimiyatga hisobdor bo‘lib tursa, biz ijobiy holatga yetolmaymiz. Javobgarlikni oshirish borasida fikrlaringizni qo‘llab-quvvatlayman. Biz bugun qat’iy bir pozitsiyaga kelmas ekanmiz, tabiatda ko‘p narsani yutqazamiz.

Men fikrlaringizga qo‘shilaman va butun OAVni birlashtirish bo‘yicha taklifingizni ham ma’qullayman. Chunki hamma birdaniga muammoni gapirsa, har qanday odam bir marta bo‘lsa-da, “do‘ppisini boshdan olib” o‘ylab ko‘radi. Fikrlarini to‘g‘rilab oladi”, – dedi Farhod Boqiyev.

Top