22:01 / 31.10.2022
8787

Xitoy xorijdagi norozi fuqarolarini mamlakatga qaytarish uchun politsiya «tayanch punktlari» ochganlikda ayblanmoqda

G‘arbdagi fuqarolik jamiyati muhitida katta mojaro pishib yetilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, rivojlangan davlatlar hukumatlari ham xitoylik politsiyachilarga mamlakatda «tayanch punktlari» bino qilish uchun sharoit yaratishgan.

Foto: Getty Images

Tushunarli bo‘lishi uchun: bu, masalan, Toshkentda o‘z fuqarolari bilan shug‘ullanishi uchun Xitoy ichki ishlar bo‘limini yaratishdek gap.

Xitoyga fuqarolarini qaytarish uchun soqchilar ularni telekommunikatsion va onlayn firibgarlikda ayblashadi. Xitoylik emigrantlarning asosan Internetda muxolif fikrlarni yozishi shu modda bilan kvalifikatsiya qilinmoqda (tegishli qonun Xitoyda 2 sentabrda qabul qilingan).

IT-tahlilchi va IBM kompaniyasining sobiq top-menejyeri Sergey Karelov o‘zining Facebook’dagi sahifasida masalaga batafsil to‘xtalib o‘tgan.

«Rejimdan norozilarning mamlakatni tark etishi holva. Xitoy ularni mamlakatga qaytarish bilan shug‘ullanmoqda. Ular transchegaraviy qatag‘onlarni uyushtirish uchun yaqinda qabul qilingan internet to‘g‘risidagi qonundan foydalanishmoqda.

Safeguard Defenders notijorat huquqbonlik tashkilotining «Xitoyning transchegaraviy politsiya operatsiyalari nazoratdan chiqib ketdi» sarlavhasi ostidagi maqolasi keltirib chiqargan mojaro tobora qizimoqda.

Maqolani sharhlayotgan OAV va ijtimoiy media Xitoyning ushbu hisobotda qayd etilgan amaliyoti — mamlakatni tark etgan norozilarga bosim o‘tkazishga mo‘ljallangan XXR politsiyasining xorijdagi noqonuniy «tayanch punktlari»ga o‘z e’tiborini qaratgan.

Hisobotda quyidagilar qayd etilgan:

  • Dunyo bo‘ylab bunday «tayanch punktlari» Avstraliyadan tashqari barcha qit’alarda 21 mamlakatdagi 50 dan ziyod hududiy ofislardan iborat.
  • Ularning vazifasi mamlakatni tark etgan va Xitoy maxsus xizmatlari «telekom/onlayn firibgarlar» deb hisoblovchilarni mamlakatga «qaytishga ko‘ndirish» va u yerda jinoiy javobgarlikka tortishni ta’minlash.
  • Ko‘ndirish usullari turli-tuman, lekin asosan Xitoyda qolgan yaqin qarindoshlarga (qo‘rqitish, ta’qib qilish, huquqlarini cheklash, hibsga olish, qamoqxonaga tashlash kabi) turli bosimlar o‘tkazishdan iborat.
  • «Qaytishga ko‘ndirish» usuli — bu Xitoyning majburiy tarzda qaytarish bo‘yicha ulkan dasturining bir qismi. Bu dunyodek ko‘hna usul hamon o‘ta samarali — bir yil ichida «telekom/onlayn firibgarlik»da gumon qilingan 230 ming gumonlanuvchi «ko‘ndirilgan».
  • Yana Xitoy fuqarolari borishi taqiqlangan yoki xitoyliklarning u yerda istiqomat qilishi juda istalmagan (Kamboja, BAA, Filippin, Tailand, Myanma, Laos, Malayziya, Turkiya va Indoneziya kabi) mamlakatlardan iborat ro‘yxat ham bor. Vaj oddiy — u yerda «telekom/onlayn firibgarlik» gullab-yashnamoqda, shu sababli bu mamlakatda yashovchi xitoylik har qanday fuqaro potensial «telekom/onlayn firibgar» hisoblanishi mumkin.
  • Medianing yozishicha, Niderlandiya, Shvetsiya va Kanada allaqachon o‘z hududida Xitoy politsiyasining noqonuniy faoliyat olib borayotgan «tayanch punkti» borasida surishtiruvni boshlagan.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, Xitoy buni g‘arb qo‘poruvchi kuchlarining navbatdagi nayrangi deb tushuntirmoqda va «ochilgan markazlarning faoliyati mutlaqo qonuniy ekani va masalan, haydovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini cho‘zish kabi davlat xizmatlariga onlayn-platforma taqdim etishdan iboratligi»ni ta’kidlamoqda. 

Mavzuga oid
Top