19:04 / 02.11.2022
13221

Rossiya «g‘alla kelishuvi»ga qaytishga rozi bo‘ldi. Vaziyatga Turkiya aralashdi

Rossiya mudofaa vazirligi Moskva Ukrainadan «g‘alla yo‘lagi»dan harbiy harakatlar olib borishda foydalanmaslik haqida yozma kafolat olganini ma’lum qildi. Rossiya «Qora dengiz g‘alla tashabbusi»dagi ishtirokini tiklaydi.

Foto: Reuters

29 oktyabr kuni Rossiya Ukraina g‘allasini tashish bo‘yicha Istanbulda erishilgan kelishuvdan chiqqanini e’lon qilgandi. Bunga Qora dengiz flotining Sevastopolda turgan kemalariga dronlar hujumi uyushtirilgani sabab qilib keltirilgandi. Rossiya tomoni Ukraina annexia qilingan Qrim hududidagi kemalariga hujum qilishda kemalar g‘alla tashishi uchun tashkil etilgan xavfsiz yo‘lakdan foydalanganini iddao qilgandi.

Ukraina bu hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga olmagan. Prezident Volodimir Zelenskiy Moskva iyul oyida Turkiya va BMT ishtirokida tuzilgan «g‘alla kelishuvi»dan chiqish uchun boshqa bahonalardan ham foydalanishi mumkinligini aytgandi.

Qora dengizda «g‘alla yo‘lagi» bo‘ylab kemalar harakati Rossiyaning yo‘nalishni muvofiqlashtirish markazidagi vakili ishtirokisiz ham davom etdi. Ammo bir kun oldin tomonlarning hech biri - BMT, Turkiya, Rossiya va Ukraina - 2 noyabr kuni uchun gumanitar karvon bo‘yicha kelishib olmagani ma’lum bo‘ldi.

Seshanba kuni Rossiya va Turkiya prezidentlari hamda mudofaa vazirlari o‘zaro telefon muloqotlari o‘tkazishdi. Kreml o‘z bayonotida Moskva kelishuvga qaytishi uchun Kiyev tomonidan gumanitar yo‘lakdan harbiy maqsadlarda foydalanmaslik bo‘yicha «haqiqiy kafolatlar» talab qilishi aytilgan.

Endi esa Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina «g‘alla yo‘lagi»dan Rossiyaga qarshi harbiy harakatlar olib borishda foydalanmaslik bo‘yicha yozma kafolat olinganini bildirmoqda. Bayonotga ko‘ra, bu kafolat BMT va Turkiyaning sa’y-harakatlaridan keyin berilgan.

«Rossiya Federatsiyasi hozirgi vaqtda olingan kafolatlar yetarli deb hisoblaydi hamda kelishuvlarni - Ukraina portlaridan don va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish bo‘yicha tashabbusni («Qora dengiz tashabbusi») amalga oshirishni davom ettirmoqda», deyilgan Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Ikki kun muqaddam Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya «g‘alla kelishuvi»dan chiqmagani, balki undagi ishtirokini vaqtincha to‘xtatganini aytgandi. Qora dengiz floti kemalariga dronlar hujumi va Ukraina g‘allasi eksporti o‘rtasidagi bog‘liqlikni u shunday izohlagandi: «Bu dronlar, suvosti dronlari va havodagilari qisman Ukrainadan g‘alla olib chiqilayotgan yo‘lakdan o‘tishgan».

G‘arb mamlakatlari va Ukraina «g‘alla kelishuvi» to‘xtatilishidan manfaatdor bo‘lgan Moskva keltirgan dalillarni ishonchsiz deb topdi va bu qaror qayta ko‘rib chiqilishini talab etdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonlarni imkon qadar muddati 19 noyabrga qadar tuzilgan kelishuvni uzaytirish bo‘yicha kelishib olishga chaqirdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham parlamentdagi chiqishida «g‘alla kelishuvi» faoliyati tiklangani haqida xabar berdi. «Biz kecha Putin bilan o‘tkazgan telefon muloqotimizdan keyin Rossiya mudofaa vaziri janob Shoygu bizning milliy mudofaa vazirimiz Xulusi Okarga telefon qildi va g‘alla yetkazib berilishi bugun soat 12:00 dan davom etishini aytdi», degan Erdo‘g‘an.

Putin va Rossiya mudofaa vazirligi Qora dengiz floti kemalariga dronlar hujumini terrorchilik akti deb baholagandi. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) tahlilchilari esa bunday tasniflashga qo‘shilmaydi. Ular flot tarkibidan «Kalibr» raketalari bilan qurollangan uchta fregat ham o‘rin olganiga e’tibor qaratishgan. Rossiya uch haftadan buyon dronlar va shunday raketalar orqali Ukraina energetika infratuzilmasini o‘qqa tutmoqda. Shu tufayli ISW ekspertlari bu kemalarni ukrainlar uchun qonuniy harbiy nishon deb hisoblaydi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top