08:17 / 03.11.2022
6472

Isroildagi saylovlarda sobiq bosh vazir Netanyaxuning bloki g‘alaba qozondi

Isroil matbuotiga ko‘ra, Netanyaxuning o‘ng qanot diniy lageri parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarni egallagan. Bu unga bosh vazir lavozimiga qaytish imkonini beradi.

Foto: Shutterstock

Isroilda muddatidan oldin parlament saylovlarida sobiq bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi o‘ng qanot partiyalar bloki g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlarining 97 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, Netanyaxuning o‘ng qanot diniy lageri Knessetda eng ko‘p – 120 tadan 65 ta o‘ringa ega bo‘ldi, deb xabar bermoqda 2 noyabr, chorshanba kuni mahalliy OAV. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p – 32 o‘rin sobiq bosh vazirning «Likud» milliy-liberal partiyasiga nasib etadi.

Ikkinchi o‘rinda amaldagi bosh vazir Yair Lapidning «Yesh Atid» partiyasi bo‘lib, u parlamentda 24 o‘rinni egallaydi. Benyamin Netanyaxu uchun Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirning o‘ta o‘ngchi Diniy sionizm partiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, deya qayd etadi dpa agentligi. U 14 o‘rinni qo‘lga kiritib, Knessetdagi uchinchi yirik partiyaga aylanishi kutilmoqda. O‘ng qanot ekstremistik alyans Netanyaxuga yana Isroil hukumatini boshqarishga imkon beradi.

Isroilda so‘nggi uch yarim yil ichida beshinchi saylovda ishtirok etganlar soni yuqori bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Saylov uchastkalari yopilgan vaqtga kelib, 1 noyabr oqshomida u 71,3 foizni tashkil etdi.

Saylovning rasmiy natijalari 3 noyabr, payshanba kuni e’lon qilinadi. Isroil prezidenti Itsxak Gersog ular haqida 9 noyabr kuni xabardor qilinadi, shundan so‘ng u 16 noyabrgacha hukumatni shakllantirishni kimga topshirishni hal qilishi kerak. Bu nomzodga koalitsiya tuzish uchun 28 kun beriladi.

73 yoshli Benyamin Netanyaxu uchun bu bosh vazir lavozimiga ikkinchi marta qaytishi bo‘ladi. Isroilda boshqa hech bir siyosatchi bu lavozimni undan ko‘ra ko‘proq egallamagan. Netanyaxu hukumatni 1996 yildan 1999 yilgacha, keyin esa 2009 yildan 2021 yilgacha boshqargan. Naftali Bennet o‘tgan yili sakkiz partiyadan iborat koalitsiya rahbarida uning o‘rnini egallaganidan so‘ng, Netanyaxu davri tugadi deb taxmin qilindi. Biroq iyun oyida o‘ng va so‘llardan iborat keng ko‘lamli siyosiy kuchlardan iborat koalitsiya parchalanib ketdi. Oxir-oqibat bosh vazir lavozimini tashqi ishlar vaziri Yair Lapid egalladi.

Isroilda Benyamin Netanyaxu firibgarlik, korrupsiya va davlatga xiyonatda ayblanmoqda. Siyosatchi barcha ayblovlarni rad etdi. Agar sud uni korrupsiyada aybdor deb topsa, qonunga muvofiq 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Qolgan ayblovlar bo‘yicha maksimal jazo uch yil qamoqdir.

Mavzuga oid
Top