11:44 / 04.11.2022
12112

Angren va Chirchiqda maktab jihozlari uchun ajratilgan mablag‘ni talon-toroj qilish holati aniqlandi 

Ikki maktabda qariyb 600 mln so‘m o‘g‘irlangan.

Foto: Tergov departamenti

Angren va Chirchiq shaharlarida maktab jihozlari uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “T.Z.” MChJ rahbari G.Q. Angren shahridagi maktab-internati direktori V.U. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu maktabga aslida yetkazib berilmagan maktab jihozlarini qabul qilib olgani to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirish orqali 474,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “T.Z.” MChJ ish yurituvchisi F.Q., yordamchisi Sh.A. va Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori G.M. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu MChJ tomonidan maktabga aslida yetkazib berilmagan ofis mebellarini qabul qilib olganligi yuzasidan hujjatlarni soxtalashtirish orqali 124,2 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Top