14:54 / 05.11.2022
11501

G7 Minskni urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash oqibatlari haqida ogohlantirdi

Agar Belarus Ukraina bilan urushda Rossiyaga faolroq yordam bersa, u falokatli xarajatlarga duch keladi, deya ogohlantirdi G7 va YeI vakillari. 

Foto: Picture Alliance

G7 davlatlari va Yevropa Ittifoqi Belarusni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga yordam berishni to‘xtatishga chaqirdi va agar Lukashenko rejimi Moskvani faol qo‘llab-quvvatlasa, Belarusga moliyaviy bosim o‘tkazish bilan tahdid qildi

«Biz Belarus hukumatini Rossiyaga Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borishda, shu jumladan RF Qurolli kuchlariga Belarus davlati hududidan Ukrainaga qaratilgan raketalarni uchirishga ruxsat orqali yordam berishni to‘xtatishga chaqiramiz. Agar Belarus hukumati Rossiya urushiga yanada bevosita aralashsa, G7 Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko rejimiga qo‘shimcha falokatli xarajatlarni yuklaydi», deyiladi G7 tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqi vakillarining 5 noyabr, shanba kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotida.

Xuddi shu hujjatda bayonotni imzolagan tomonlar Ukraina aholisining azob-uqubatlarini kamaytirish, xalqaro huquq tomonidan tan olingan chegaralari doirasida suverenitet va hududiy yaxlitlikni saqlash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy, gumanitar, siyosiy, texnik, huquqiy va mudofaa yordamini mamlakatga ko‘rsatishni davom ettirishga qat’iy niyatini e’lon qildi. 

«Biz Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz», — deyiladi bayonotda. 

Bundan tashqari, G7 va YeI vakillari Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasiga, jumladan, Ukrainadagi biologik qurollar bilan bog‘liq ayblovlariga qarshi turish niyatida ekanini ta’kidladi. 

4 noyabr kuni Aleksandr Lukashenko Belarus milliy biotexnologik korporatsiyasiga tashrifi chog‘ida Belarus harbiylarini Ukrainaga jo‘natish rejalashtirilmaganligini aytdi. «Bugun ular: «Lukashenko o‘z harbiylarini Ukrainaga jo‘natmoqchi!» – deb baqirishyapti, menda bunday rejalar yo‘qligini ikki yuz ming marta aytganman», — dedi u. 

Shu bilan birga, u qo‘llarida qurol-yarog‘ bilan ukrainalik harbiylar mamlakati hududiga qadam qo‘ysa, «ularga qiyin bo‘ladi», deya ogohlantirdi. 

4 oktyabr kuni uchrashuvlarning birida Lukashenko Belarus Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi»da ishtirok etayotganini tasdiqladi: «Biz buni yashirmaymiz. Lekin biz hech kimni o‘ldirmayapmiz. Harbiylarimizni hech qayerga jo‘natmayapmiz. Biz o‘z majburiyatlarimizni buzmayapmiz». 

10 oktyabr kuni Lukashenko va Rossiya prezidenti Vladimir Putin qo‘shma mintaqaviy qo‘shinlar guruhini joylashtirishga kelishib oldi. Bir necha kundan keyin Rossiya harbiy xizmatchilari bo‘lgan birinchi eshelon Belarusga yetib keldi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top