12:45 / 08.11.2022
11431

Zelenskiy: Rossiyani tinchlik muzokaralarini olib borishga majburlash kerak

Ukraina prezidenti Kiyev faqat Rossiyaning navbatdagi rahbari bilan tinchlik muzokaralarini olib borishga tayyorligini takrorladi.

Foto: Reuters

Rossiyani Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimini ishlab chiqish, jumladan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 7 noyabr, dushanba kuni kechqurun e’lon qilingan videomurojaatida aytib o‘tdi.

«Dunyo urushga, energiya va oziq-ovqat inqiroziga, tanish xalqaro munosabatlarning buzilishiga qarshi kurashga qaratilgan bo‘lsa, iqlim bo‘yicha kun tartibi aniq zarar ko‘radi. Iqlimning buzilishini qandaydir tarzda to‘xtatib bo‘lmaydi, - dedi u. - Shuning uchun iqlim bo‘yicha kun tartibini jiddiy pozitsiyada ko‘rayotganlar zudlik bilan rus agressiyasini to‘xtatishi, hududiy yaxlitlikni tiklashi va Rossiyani haqiqiy tinchlik muzokaralariga majburlashi kerak».

11 oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «katta yettilik» vakillari bilan uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borish niyatida emasligini ma’lum qildi.

Undan oldin, 4 oktabr kuni u Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Putin bilan muzokaradan bosh tortishni nazarda tutuvchi qarorini imzolagan edi.

Oktyabr oyi boshida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning yaqin doiralari bilan «har qanday muzokaralar» olib borishni ma’nosiz deb bilishini, chunki ularning so‘zlari «salbiy qiymatga» ega ekanligini aytgandi.

Shu bilan birga, 5 noyabr kuni Amerikaning The Washington Post gazetasi maqola e’lon qildi, unga ko‘ra AQSh ma’muriyati Ukraina rasmiylaridan Rossiya bilan muzokaralarga tayyorligini namoyish etishni va Rossiya bilan faqat Vladimir Putin hokimiyatni tark etganidan keyin gaplashish mumkinligi haqidagi jamoatchilik pozitsiyasidan voz kechishni so‘ragan.

Nashrning yozishicha, Amerika tomoni bu chaqiriqni urushning oziq-ovqat va yonilg‘i mavjudligi va narxiga falokatli ta’siri eng kuchli sezilayotgan Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasidagi fuqarolarning tashvishi bilan izohlagan. 

8 noyabrga o‘tar kechasi Mixail Podolyak quyidagi mazmundagi tvit qoldirdi: «Muhim narsa: Ukraina hech qachon muzokaradan bosh tortmagan. Muzokaralardagi pozitsiyamiz ma’lum va ochiq. Avvalo, Rossiya Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak. Keyin esa qolgan hamma narsa bo‘ladi. Putin tayyormi? Aftidan, yo‘q. Shuning uchun biz konstruktiv baho beramiz: biz Rossiyaning keyingi rahbari bilan muzokaralar olib boramiz». 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top