10:54 / 11.11.2022
26793

«Imtiyozlarga qurilgan koshona». Hyatt Regency endi uchdan bir narxiga sotildi

Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 100 foizlik davlat ulushi Abu Dhabi Uzbek Investment investitsiyaviy fond tomonidan 87 million AQSh dollari evaziga sotib olingani ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qabul qilinmoqda.

Fond tomonidan tarqatilgan press-relizda garchi «tavsiya etilgan narx yuqori narx diapazonida joylashgan bo‘lib, avval mehmonxona mustaqil tarzda baholangan narxdan sezilarli darajada balandroq deb topildi», deya ta’kidlanayotgan bo‘lsa-da, mehmonxona qurilishi 2016 yilda 205 million AQSh dollariga tushgandi.

2016 yilda Toshkent shahrida Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida «premium» sinfidagi xalqaro Hyatt tarmog‘i mehmonxonasi — Hyatt Regency Tashkent qurib bitkazilgani ma’lum qilingan edi.

«Ushbu mehmonxona 2013 yilda qurila boshlagandi. Loyiha qiymati taxminan 205 million dollar bo‘lib, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 42 million dollarlik, Xalq bankining 100 milliard so‘mlik kreditlari va Toshkent shahri ma’muriyatining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi», deyilgan edi rasmiy xabarlarda.

2020 yil boshida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani tilga olib o‘tilgan edi.

«BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega «The Abu Dhabi Uzbek Fund» investitsiya fondi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kichik va o‘rta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma’qullandi», deyilgan edi xabarda.

Gazeta.uz o‘shanda hukumatdagi o‘z manbalariga tayanib, Hyatt Regency Tashkent uchun 110 million AQSh dollari jalb qilish rejalashtirilayotganini xabar bergan edi.

Iqtisodchi-ekspert Otabek Bakirov Hyatt Regency mehmonxonasi qurilishi qiymatiga oid ikkita hukumat qarori lex.uz bazasidan o‘chirib yuborilgani, biroq unda qaror nusxalari borligini ma’lum qildi.

Adliya vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hukumatning 279- va 49 sonli qarorlari Lex.uz’da avval e’lon qilinmagan.

Ammo Norma.uz saytida 279-sonli qaror saqlanib qolgan. Matnda «Xalq banki» ATB «Poytaxt qurilish va xizmat» DUKka xalqaro toifadagi mehmonxona qurish uchun 100 milliard so‘m miqdorida kredit ajratishi, kredit jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari hisobidan 7 yil muddatga, 1 yil imtiyozli davr bilan, yillik 9 foiz stavka bilan ajratilishi keltirilgan.

«E’tiborlisi, qarorda Xalq banki beradigan kredit manbayi sifatida Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari ko‘rsatilgan. Rasmiylar mehmonxona qurilishiga pensiya tizimi mablag‘lari ishlatilmaganini aytib kelishgan», deb yozadi Bakirov.

Chindan ham, Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya puliga qurilgani haqida internetda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, «Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan»ligi ko‘rsatilgan ma’lumot noto‘g‘ri keltirilgan, deya bayonot bergan edi.

«Shuningdek, qarorda mehmonxona qurilishi uchun ajratilgan kreditlar mehmonxona faoliyatidan tushgan mablag‘lar hisobiga so‘ndirilishi ko‘rsatilgan. Lekin amalda mehmonxona kreditlari bo‘yicha majburiyatlar budjet hisobidan yopilib kelinmoqda», – deb yozadi ekspert.

Aslida Hyatt Regency 205 million dollardan ham qimmatroqqa tushgan

«Hyatt Regency mehmonxonasining qiymati qanchaligi bo‘yicha bahslarda uning qurilishiga sarflangan 205 million dollar keltirilmoqda va ko‘pchilik shu raqamga asosiy urg‘u bermoqda.

Afsuski, bu yakuniy raqam emas. Chunki mehmonxona qurilishi va keyingi foydalanuvida berilgan boj va soliq imtiyozlari qiymatini hech kim hisoblagani yo‘q. Buyam bir necha o‘n million dollar bo‘lsa kerak.

Yana mehmonxona kreditlarining so‘ndirilishi qiymati ham bor. Hyatt Regency kreditlarini so‘ndirish uchun 2020 yilda budjetdan 66 mlrd so‘m, 2021 yilda 71,3 mlrd so‘m, 2022 yilda 69 mlrd so‘m ajratilgan. Ya’ni oxirgi uch yilning o‘zida budjetdan jami 206,3 mlrd so‘m yoki 20 mln dollardan ortiq budjet puli mehmonxona qarzlarini yopishga ketgan. Undan avvalgi yillarda ma’lumotlar ochiqlanmagan», – deb yozadi O.Bakirov.

Loyihani amalga oshiruvchi kompaniyalarga Vazirlar Mahkamasining 2015 yilgi №279-sonli qarori bilan soliq va bojxona imtiyozlari berilgan.

Qarorga muvofiq, «Poytaxt qurilish va xizmat» DUK, «Toshgiprogor» AJ, [aksiyadorlari orasida qurilish vaziri B.Zokirovning qarindoshlari bo‘lgan] «Trest 12» AJ va ularning subpudratchilari mehmonxona foydalanishga topshirilgunga qadar loyihalashtirish, qurish davrida QQS va maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan (budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ajratmalar uchun to‘lovdan tashqari) va kafolat muddati tugagunga qadar import qilinadigan asbob-uskunalar, qurilish texnikasi, qurilish materiallari va butlovchi buyumlar, mebel, orgtexnika va boshqa tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilingan.

Shu bilan birga, qurilish ishlarida ishtirok etadigan kompaniyalar kredit mablag‘larini to‘lash uchun barcha soliqlarni to‘lashdan ozod qilingan. Xorijlik mutaxassislarga viza xarajatlari imtiyozlari ham bor.

Ayni paytda mehmonxonani xarid qilgan Abu Dhabi Uzbek Investment tomonidan tarqatilgan rasmiy press-relizga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tanlovda Abu Dhabi Uzbek Investment MChJ QK g‘olib deb topilgan. Kompaniya O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Prezidentning 20.05.2019 yil PF-5722-son farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Investorni tanlashda taklif etilajak eng yaxshi narx, malaka talablariga muvofiqligi, mintaqadagi tajriba, bitimni yopish shartlari hisobga olingan. Marketing kampaniyasi va xorijiy va mahalliy investorlarga sarmoya tizerini tarqatish natijasida Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xarid qilish bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Amerika, Osiyo, Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalaridan 5 ta ariza kelib tushgan.

«Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasining xususiylashtirilishi O‘zbekistonning turizm sohasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritish sohasidagi muhim voqeadir. Uni boshqa ko‘plab bitimlardan ajratib turadigan jihati shundaki, davlat ulushini sotib olish kreditlar yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lar hisobiga emas, balki faqat investorning o‘z kapitali hisobidan amalga oshiriladi.

«To‘lov oldi-sotdi shartnomasi imzolangandan keyin bitta to‘lovda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Abu Dhabi Uzbek Investment mehmonxonaga 12 mln AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritish majburiyatini oladi. Abu Dhabi Uzbek Investment kompaniyasi O‘zbekistonga uzoq muddatli istiqbolda qaraydi. Rejalarimizda bir necha yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1 mlrd AQSh dollaridan ortiq mablag‘ jalb etish bor», — degan Abu Dhabi Uzbek Investment bosh direktori Timur Rahmonov.

Tomonlar g‘olib Hyatt International mehmonxonalari xalqaro tarmog‘i boshqaruvi tomonidan bitim tasdiqlanganidan so‘ng oldi-sotdi shartnomasini imzolaydi.

Mavzuga oid
Top