18:26 / 13.11.2022
50422

Rossiya Xersonni topshirishi. Bu qanday ro‘y berdi?

Foto: STANISLAV KOZLIUK/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Rossiya mudofaa vazirligi juma kuni Xersondagi qo‘shinlarni Dneprning chap sohiliga olib o‘tish jarayoni yakunlanganini ma’lum qildi. Moskva barcha harbiylar - 30 ming kishi olib chiqilgani hamda harbiy texnikalar (5 mingga yaqin) va qurol-yarog‘lar boy berilmaganini ma’lum qilgan. BBC nima uchun bunday chekinishda yo‘qotishlar bo‘lmagani va bunday amaliyot qanday murakkabliklar keltirib chiqarishini tahlil qildi.

Juma kuni Rossiya mudofaa vazirligi Xersondagi qo‘shinlarni Dneprning chap sohiliga o‘tkazish jarayoni 11 noyabr kuni tonggi soat 5 da yakunlanganini e’lon qildi. Shu tariqa, Rossiya armiyasi Ukrainada 24 fevraldan keyin egallab olingan so‘nggi oblast markazini tashlab chiqdi.

Moskva Dneprning chap sohiliga 30 mingdan ortiq harbiy xizmatchi olib o‘tilganini ma’lum qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi xabarida qo‘shinlarni olib ketishda «birorta harbiy texnika va qurol-yarog‘ o‘ng sohilda qoldirilmagani, rossiyalik barcha harbiy xizmatchilar daryodan o‘tgani, Rossiya guruhining shaxsiy tarkib, qurol-yarog‘, texnika va harbiy anjomlarida yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmagani» ta’kidlangan.

Avvalroq Ukraina va G‘arbdagi harbiylar Rossiya qo‘shinlari Dneprning o‘ng sohilidan olib ketilishi bir haftagacha vaqt olishi mumkinligini aytishgandi. 

Ukraina nashrlarida Xerson yo‘nalishida rossiyaliklar tomonidan tashlab ketilgani aytilgan texnikalar aks etgan videolar tarqalgan. Shu bilan birga, Dneprning chap sohiliga olib o‘tuvchi asosiy yo‘l bo‘lgan Antonov ko‘prigi qulagani aks etgan video va fotolar e’lon qilindi.

Rossiyadagilar nima deyishdi?

Xersonni tashlab chiqishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida rossiyaparast telegram-kanallar bir necha haftadan buyon yozayotgandi, Rossiya hukumati bu haqda 9 noyabr kuniga kelib e’lon qildi.

Shu kuni Rossiya televideniyesida Ukrainadagi qo‘shinlar qo‘mondoni Sergey Surovikinning mudofaa vaziri Sergey Shoyguga hisoboti namoyish etildi. General Dneprning o‘ng sohilidagi guruh ta’minoti murakkablashganini aytib, daryoning chap sohilida yangi mudofaa chizig‘i tashkil etishni taklif qildi. Shoygu bunga rozilik bildirdi.

Rossiya sentabr oyi oxirida o‘tkazilgan soxta referendumlardan (dunyoda hech bir davlat uning natijalarini tan olmadi) keyin oktyabr oyi boshida Xerson oblastini, Donetsk, Luhansk va Zaporijjya oblastlari bilan birga o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi, ya’ni endilikda Rossiya qo‘shini Moskva rasman o‘z tarkibida deb hisoblaydigan hududni tark etdi.

Kreml matbuot xizmati Dmitriy Peskov Rossiya qo‘shinlari Xersondan Dneprning chap sohiliga o‘tkazilishi (Kreml ta’siridagi nashrlar buni qayta guruhlanish deb atagan) Xerson oblastining maqomini o‘zgartirmasligini aytdi.

«Bu Rossiya Federatsiyasi sub’yekti, bu status qonunan belgilangan va mustahkamlab qo‘yilgan. Bu yerda hech qanday o‘zgarishlar yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», degan Peskov jurnalistlarga.

U BBC muxbirining rossiyaliklar Ukrainada egallab turilgan yagona oblast markazi bo‘lgan Xersondan chekinish Kremlda sharmandalik sifatida baholanadimi, deya berilgan savoliga bunday emasligini aytib javob qaytargan.

Rossiya qo‘shinlari Xersondan chiqib ketganidan keyin Genichesk shahri Xerson oblastining bosib olingan qismining ma’muriy markaziga aylanadi. Bu haqda Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat raisi o‘rinbosari matbuot kotibi Aleksandr Fomin ma’lum qildi. «Bugungi kunda Xerson oblastining vaqtinchalik ma’muriy poytaxti Genichesk hisoblanadi. Asosiy hukumat organlarining barchasi shu yerga joylashtirilgan», dedi u.

«Tarixiy kun»

Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda shaharga kirib kelgan ukrain harbiylari mahalliy aholi vakillari tomonidan quchoq ochib kutib olinayotgani aks etgan behisob videolar tarqaldi.

Lekin bu vaqtda Ukraina tomoni Rossiya qo‘shini Xersondan butunlay chiqib ketganini shubha ostiga olayotgandi - Ukraina razvedkasi mamlakat harbiylari shaharga kira boshlaganini ma’lum qilib, shaharda qolgan rossiyalik harbiylarni taslim bo‘lishga chaqirib murojaat qildi.

Kun oxiriga bori prezident Volodimir Zelenskiy telegram-kanalida ukrainalik harbiy Xerson shahrida mahalliy aholi vakillari davrasida aks etgan videoni joylashtirib, shahar ozod etilganini rasman tasdiqladi. «Biznikilar. Xerson bizniki», deya videoga ilova qildi prezident.

«Bugun - tarixiy kun. Biz Xersonni qaytarmoqdamiz. Bugungi kunda bizning himoyachilarimiz shahar ostonasida. Ammo maxsus bo‘linmalar allaqachon shaharga kirgan. Xersonliklar kutishdi. Hech qachon Ukrainadan voz kechishmadi. Ukrainaga bildirilgan umidlar hamisha oqlangan va Ukraina hamisha o‘zinikini qaytargan.

Shahar hali dushman unsurlaridan to‘liq tozalanmaganida ham xersonliklarning o‘zlari ko‘chalar va binolarni ruslarning ramzlari va ularga aloqador barcha izlardan tozalashga kirishdi. Himoyachilarimiz tomonidan ozod qilingan boshqa barcha shaharlarda ham shunday bo‘lgan. Bizning qaytishimizni hali kutayotgan shaharlarda ham shunday bo‘ladi. Ukraina barcha o‘zinikilarga boradi», dedi Zelenskiy kechqurungi videomurojaatida.

Ko‘p o‘tmay Ukraina Milliy politsiyasi boshlig‘i Igor Klimenko shaharda va oblastning boshqa ozod etilgan posyolkalarida barqarorlashtirish tadbirlari boshlanganini ma’lum qildi. U bunda nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.

Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari «Janub» guruhi operativ qo‘mondonligi Natalya Gumenyuk so‘nggi haftalarda rossiyalik harbiy xizmatchilar fuqarolik kiyimlari kiya boshlagani, shu tufayli nazariy jihatdan ular tashlab ketilgan hududlarda qolgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Ukraina mudofaa vazirligi harbiylar Xerson oblastidagi qishloqlarni ozod etishda davom etayotgani va Dnepr sohillariga yetib borganini ma’lum qilgan. 

Ukraina rasmiylarining bir qanchasi shahardan evakuatsiya bo‘lgan aholini uylariga qaytishga shoshilmaslikka chaqirdi. Gumenyukning so‘zlariga ko‘ra, ozod etilgan hududlar hamon zarbalarga uchrashi mumkin. Shuningdek, bu hududlarda issiqlik tizimi yoqilishiga hech qanday kafolat yo‘q. «Qaytish tavsiya etilmaydi. Qish yaqin va kommunikatsiyani tiklash va mahalliy aholiga xizmat ko‘rsatish imkonsiz bo‘lishi mumkin», dedi u.

Mikolayiv oblasti rahbari Vitaliy Kim esa rossiyalik harbiylar qoldirilgan hududlarni minalab ketganini aytdi.

«Ozod etilgan hududlar va aholi yashash manzillarida juda ko‘p minalar joylashtirilgan. Zaruratsiz bormang. Qurbonlar bor», deya yozgan Kim.

Rossiya Dneprning o‘ng sohilidan ketishi harbiy nuqtayi nazardan nimani anglatadi?

BBC muxbiri Pavel Aksenov - Rossiya armiyasining Xersondan chekinishi haqida:

«Chekinish - harbiy ishdagi eng murakkab manevrlardan biridir. Bunday amaliyot qo‘shinlarni yaxshi tashkil etish va tayyorlashni talab etadi, buni oldindan rejalashtirish kerak. Aks holda chekinish osonlik bilan tartibsiz qochishga aylanib, shaxsiy tarkib va texnikada yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin - bu har qanday armiya uchrashi mumkin bo‘lgan eng yomon ssenariydir.

Chekinish vazifasi - imkoniyatga qarab harbiy guruhning yangi mudofaa chiziqlariga uyushgan holda o‘tkazilishidir. Bundan maqsad turlicha bo‘lishi mumkin - qo‘shinni zarba ostidan olib chiqish, front chizig‘ini optimallashtirish, nihoyat chekinish raqibni tuzoqqa tushirish uchun aldamchi manevr bo‘lib chiqishi ham mumkin.

Rossiya tomoni qo‘shinlarni Dneprning o‘ng sohilidan olib ketishi haqida rasman e’lon qilgach, Ukrainada ko‘pchilik bu harbiy hiyla bo‘lishi mumkin deb hisoblayotgandi. Ammo endi ma’lum bo‘lmoqdaki, bu chindan ham ketish bo‘lgan va Rossiya armiyasi bu ishni maksimal darajada uyushqoqlik bilan amalga oshirgan.

Ukraina armiyasi yozdayoq janubdagi ushbu muhim shaharni harbiy yo‘l bilan ozod etmoqchiligini ma’lum qilgandi va bu yerdagi Rossiya guruhi ta’minot bilan bog‘liq muammolarga duch kela boshladi va qurshovga tushib qolish xavfi ostida qoldi.

Chekinishdagi asosiy muammo - raqib guruhlarining ta’qib etishi bo‘ladi. Rossiya armiyasi Xersonda tushib qolgan vaziyat ham xavfli edi, Ukraina qurolli kuchlari ularni ta’qib etib, zarbalar berishi mumkin edi.

«Bunday yirik guruhni Dnepr orqali olib o‘tishning murakkabligi shunda ediki, Ukraina qurolli kuchlari osonlik bilan evakuatsiya bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Kam sonli ko‘priklar, kechuv paromlari, suzish vositalari, yig‘ilish punktlari, to‘planib turgan harbiylarga artilleriya va raketa zarbalari berilishi, vahima qo‘zg‘atish uchun diversiya guruhlari harakatlanishi va reydlar o‘tkazilishi mumkin edi. Agar istashsa», deydi BBC bilan suhbatda isroillik harbiy ekspert David Gendelman.

Shu tufayli chekinayotgan qo‘shinlar turli usullardan foydalanadi, asosiy maqsad - raqibni masofada tutib turish va unga chekinayotgan guruhga zarba berish imkonini qoldirmaslik. Masalan, raqib arergard janglar (asosiy guruhlardan orqadagi qismlar jang olib borishi)ga majbur etilishi, pistirmalar uyushtirilishi va yo‘llar minalashtirilishi mumkin. Harbiy fan chekinish chog‘ida imkon qadar ko‘proq hududni minalashtirishni tavsiya etadi.

Bundan tashqari, chekinish chog‘ida imkon qadar chekinish yo‘lini ehtiyotkorlik bilan yashirish talab etiladi - marsh bo‘lib harakatlanuvchi harbiy kolonnalar artilleriya va aviatsiya uchun oson nishonga aylanishi mumkin. Bunda murakkablik shundaki, maxfiy harakatlanish tezkorlikka ters: yoki yashirinish kerak, yoki qochish.

Qo‘shinni tunda tezda va yashirincha olib ketish osonroq. Yurish qilib kelayotgan qo‘shin buni hisobga olishi va oldindan razvedka qilingan hamda mo‘ljalga olingan nuqtalar - chorrahalar, daryoga tushish joylari va boshqa joylarga zarbalar berishi mumkin.

Hozirgi vaziyatning murakkabligi shundaki, bosqinchi kuchlar katta qo‘shinni atigi bir necha o‘tish yo‘llari bo‘ylab o‘tkazishi talab etilardi.

Odatda kechib o‘tish joylari (agar bu katta ko‘prik bo‘lmasa) - chekinish bo‘yicha amaliyotning «shisha og‘zi» qismi hisoblanadi.

Dnepr orqali o‘tgan katta ko‘priklar ukrainlar raketalari zarbalaridan jiddiy shikastlangan, Antonov ko‘prigi bo‘ylab og‘ir texnikalar harakatlanishi imkonsiz edi.

Har qanday kechuvda oqim tezligi sekinlashadi, chunki o‘tkazish quvvati kechuvga olib kelgan yo‘llardagidan ancha past bo‘ladi. Bu esa chekinish sur’atlarini sezilarli darajada pasaytiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat harbiylarni, balki harbiy texnikani ham Dnepr orqali olib o‘tish qiyin edi. Bunday vazifa kechuv atrofidagi yo‘l harakatida yuqori darajadagi tashkilotchilikni talab etardi.

Qiyinchiligi shundaki, bir tomondan yo‘lda texnikalar to‘planmasligi kerak, bunday to‘planish ukrain raketalari va artilleriyasi nishoniga aylanishi mumkin, boshqa tomondan - oqimni uzoq vaqtgacha to‘xtatib bo‘lmasdi, chunki daryo orqali olib o‘tilishi kerak bo‘lgan texnikalar miqdori katta edi.

Bahorda Kiyevga yurish qilish chog‘ida Rossiya harbiy politsiyasi front yo‘llari bo‘ylab harakatni tashkillashtirish vazifasini uddalay olmagandi - sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida 60 km uzunlikka cho‘zilgan va Kiyevga olib boruvchi yo‘lda turib qolgan harbiy kolonna yaqqol ko‘rinib turardi.

Urush boshlanganidan qariyb to‘qqiz oy o‘tib front ortidagi xizmatlar qarshisida yanada murakkabroq vazifa turardi - front chizig‘idagi zarba ostida qolishi mumkin bo‘lgan yo‘llar bo‘ylabgina emas, ulkan daryodan kechib o‘tish ham.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) juma tongida Rossiya qo‘shini katta ehtimol bilan Xersondan ancha yaxshi tartibda chekingani, ukrain qo‘shini esa bu yo‘nalishda kutilganidek muvaffaqiyatga erishgani, ammo Xarkiv oblastida bo‘lgani kabi raqib qo‘shini yakson etilmaganini tan oldi.

«Xerson uchun jang yakunlanmadi, ammo Rossiya qo‘shini uning yangi bosqichiga o‘tdi va urg‘uni jangovar qobiliyatni saqlab qolish va Ukraina qo‘shinlari harakatini sekinlashtirib, lekin ularning yurishini butunlay to‘xtatmagan holda daryodan kechib o‘tishga qaratdi», deyiladi ISW sharhida.

«Rossiya qo‘shini Xersondan olib ketilishi oldindan tayyorlangan va sentabr oyi boshidagi Xarkivdan chekinish bilan solishtirganda «juda tartibli va harbiy nuqtayi nazardan malakali» tashkil etilgan», deydi Ukraina xavfsizlik xizmati polkovnigi, Ukraina Oliy radasi deputati Roman Kostenko (iqtibos Republic nashridan).

«Bu chekinishga tayyorgarlik ko‘rilgan edi va bu Xarkiv atrofida kuzatilganidan ancha yaxshi tashkillashtirilishini anglatadi, ammo bu safar kechuv yo‘llari yetishmovchiligi uni murakkablashtiradi. O‘ylaymanki, ukrainlar chekinayotgan rossiyaliklarga zarba beradi», degandi avvalroq BBC bilan suhbatda AQSh Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Rob Li.

«Bu Ukrainaning katta siyosiy g‘alabasi, ammo harbiy g‘alaba darajasini rossiyaliklarga chekinish qanchalik qimmatga tushishi belgilaydi», deya vaziyatni baholagandi ekspert.

Kechuv yo‘llariga qilingan hujumlar naqadar halokatli bo‘lishi va qanday oqibatlarga olib kelishi Ukraina armiyasi may oyi boshida nisbatan torroq bo‘lgan Shimoliy Don daryosidagi kechuvni o‘qqa tutgani ko‘rsatib bergandi.

O‘shanda Rossiya armiyasi Shimoliy Don orqali o‘tishga urinish chog‘ida anchagina kuchlaridan ayrilgandi. Britaniya razvedkasi hisoblariga ko‘ra, kamida bitta batalon-taktik guruhi butunlay yakson etilgan. RF mudofaa vazirligi bu ma’lumotga munosabat bildirmagan va Shimoliy Don orqali kechuvda katta yo‘qotishlarga uchraganini tan olmagandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top