16:13 / 16.11.2022
18976

Yo‘l talashish oqibatida sodir bo‘lgan YTH uch kishining o‘limiga sabab bo‘ldi

Toshkent-Termiz yo‘nalishida harakatlangan Spark mashinasi o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan Nexia-2 bilan to‘qnashgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, har ikkala mashina haydovchilari harakatlanish davomida yo‘l talashib, bir-birini siqib qo‘ygan.

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishicha, 2022 yil 1 noyabr kuni soat 20:00 larda, M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumani “Gumbuloq” MFY hududidan o‘tgan 1266-kilometrida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transporti sodir bo‘lgan.

Haydovchi B.T. o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark mashinasi bilan Toshkent-Termiz yo‘nalishida ketayotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Nexia-2 mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, Spark haydovchisi, ushbu mashina yo‘lovchisi hamda Nexia-2 mashinasi haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Kun.uz manbasining hodisa yuzasidan bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Spark va Nexia-2 mashinalari haydovchilari va yo‘lovchilari Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqarolar bo‘lib, ular Dehqonobodga to‘yga kelishgan.

Ortga qaytishda ular yo‘lda ketayotib, bir-birining harakatlanishiga xalaqit bergan va oqibatda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Hodisada uch kishi vafot etgan va yana uch kishi turli darajadagi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Avvalroq, 2022 yil 1 yanvar kuni M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumani hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan YTHda 5 kishi vafot etgandi.

Shuningdek, 2021 yil 5 avgust kuni M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lacetti Termiz-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib borayotgan Isuzu yuk mashinasiga urilgan. Oqibatda Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan va uning ichida bo‘lgan to‘rt nafar fuqaro tanib bo‘lmas darajada kuyib vafot etgandi.

Top