19:38 / 17.11.2022
15417

Qirg‘iziston parlamenti O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha bitimlarni ratifikatsiya qildi

Qirg‘iziston parlamenti O‘zbekiston bilan chegarani delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani va Andijon suv ombori to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasining ayrim uchastkalarini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani va Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini O‘zbekiston bilan hamkorlikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini uch o‘qishda qabul qildi.

Yig‘ilishda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. Qonun loyihalarini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev o‘qib eshittirdi.

Avvalroq, Tashiyev kelishuv natijalariga ko‘ra, Andijon suv ombori ostida Qirg‘izistonga 19 ming gektardan ortiq, O‘zbekistonga esa 4485 gektar yer qolishini aytgan edi. Shartnoma loyihasiga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston suv omborini boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etadi. Unda har tomondan 12 kishi qatnashadi.

Qirg‘iziston quyidagi yer uchastkalarini oladi:

  • G‘ovasoy maydoni 12872 gektar (ga);
  • Ko‘kserek qishlog‘i, 105 ga;
  • Olabuqa tumani, Boyaston qishlog‘i, 212 ga;
  • O‘ngartog‘ (O‘ngartepa) tog‘i, 35 ga;
  • Olabuqa tumani, Qora-Beles qishlog‘i, 25 ga;
  • Qorasuv tumani, Oqtosh qishlog‘i, 100 ga;
  • Shahrixonsoy kanalining bir qismi, 19,5 ga;
  • Suzoq tumani, 500 ga;
  • O‘zgan tumani, 500 ga.

Avvalroq, Sadir Japarov O‘zbekiston bilan «chegara muammolariga abadiy chek qo‘yish» rejalashtirilganini aytgandi: «O‘z ko‘zi bilan hamma narsani ko‘rgan xalq bizni olqishlaydi, deb o‘ylayman».

14 noyabr kuni mazkur hujjatlar O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Qonun loyihalari muhokamasi Qirg‘izistonda noroziliklarga sabab bo‘ldi, 26 kishi ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashda gumonlanib hibsga olindi. Ular orasida sobiq deputat Orozayim Narmatova va Moskvada hibsga olingan faol Ilgiz Shamenov ham bor. Huquq himoyachilari rasmiylardan hibsga olinganlarni ozod etishni talab qilmoqda.

Mavzuga oid
Top