16:39 / 18.11.2022
7221

Shvetsiya: «Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2»dagi portlashlar diversiya bo‘lgan

«Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlaridagi portlashlar «jiddiy diversiya» harakatlaridir, deb xabar berdi palata prokurori, dastlabki tergovga rahbarlik qiluvchi Mats Yungkvist. 

Foto: AP

«Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlaridagi portlashlar «jiddiy diversiya» harakatlaridir. Palata prokurori, Shvetsiyadagi dastlabki tergovga rahbarlik qiluvchi Mats Yungkvist shunday xulosaga keldi, deb xabar berdi 18 noyabr, juma kuni mamlakat prokuraturasi.

«Tekshiruv davomida Boltiq dengizidagi jinoyat joyida keng ko‘lamli materiallar musodara qilindi, qo‘poruvchilik sodir etilgan hududga tegishli hujjatlar puxtalik bilan yig‘ildi», — deyiladi prokuratura xabarida. Tahlillar topilgan bir qancha begona jismlarda portlovchi moddalar izi borligini ko‘rsatdi, deya qo‘shimcha qildi idora.

«Hodisa yuzasidan ishonchliroq xulosalar chiqarish uchun chuqur tahlil ishlari davom etmoqda», — dedi Mats Yungkvist. Dastlabki tergov - juda murakkab va katta hajmli. U ehtimoliy gumondorlar borligini ko‘rsatadi, deya qayd etdi prokuratura. «Shvetsiya va boshqa mamlakatlar rasmiylari bilan hamkorlik juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan», dedi Yungkvist. U jarayon tinch va ortiqcha e’tiborni jalb qilmasdan davom etishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, alohida press-relizda aytilishicha, Yungkvist va uning Shvetsiya milliy xavfsizlik prokuraturasidagi hamkasbi Per Lindkvist ikki erkak kishini Rossiya foydasiga katta hajmdagi josuslikda ayblagan. Ulardan biri, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarga «jiddiy noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish»da ayblanmoqda.

Ayblov xulosasida aks ettirilgan ma’lumotlarning aksariyati maxfiydir, shuning uchun prokurorlarning tergovga izoh berish imkoniyati cheklangan bo‘ladi, dedi prokuratura. Gap «Shvetsiya razvedkasi va xavfsizlik tizimiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar» haqida ketyapti, deb tushuntirdi idora. «Agar olingan ma’lumotlar chet elga uzatilsa, oshkor qilinsa yoki ularga yetib borsa, bu Shvetsiya xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin», dedi Per Lindkvist.

Ayblanuvchilar 2021 yil sentabr va noyabr oylaridan beri hibsda saqlanmoqda.

Wired nashrining 11 noyabr, juma kuni SpaceKnow kompaniyasi tahliliga tayanib xabar berganidek, «Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarida sizib chiqishdan bir necha kun oldin quvurlar o‘tgan joylardan uch mil uzoqlikda transponderlari o‘chirilgan ikkita noma’lum kema paydo bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, har bir kemaning uzunligi 95 metrdan 130 metrgacha bo‘lgan. SpaceKnow rahbari Jyerri Javornitskining ta’kidlashicha, ularda kuzatuv datchiklari o‘chirilgan, bu «ular o‘zlarining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni dunyodan yashirishga harakat qilishganini bildiradi». Biz bir nechta sun’iy yo‘ldoshlardan olingan suratlarni tahlil qilib, kemalar haqida ma’lumot to‘plashga muvaffaq bo‘lingan.

SpaceKnow kemalarni topishi bilanoq, o‘z xulosalarini «Shimoliy oqimlar»dagi portlashlarni tergov qilayotgan NATO rasmiylariga ma’lum qilgan. Javornitskining so‘zlariga ko‘ra, alyans vakillari kompaniyadan ularga qo‘shimcha ma’lumot berishni so‘ragan.

Boltiq dengizida 26 sentabr kuni «Shimoliy oqim-1»ning ikkala tarmog‘ida va «Shimoliy oqim-2»ning bir tarmog‘ida gaz sizib chiqishi kuzatildi. ShO-1 tarmoqlaridan birida chuqurligi besh metrgacha bo‘lgan ikkita «texnogen chuqurlik» topilgan.

Yevropa Ittifoqi «Shimoliy oqim» gaz quvurlari tizimi qasddan shikastlangan deb hisoblayapti.

Mavzuga oid
Top