16:07 / 18.11.2022
7022

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning qariyb 68 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi

YeI tomonidan muzlatilgan barcha Rossiya aktivlarining 90 foizi Belgiya, Lyuksemburg, Italiya, Germaniya, Irlandiya, Avstriya va Fransiyada.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning qariyb 68 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda 18 noyabr, juma kuni Yevropa komissiyasining tegishli ichki hujjati bilan tanishib chiqqan Amerikaning Politico nashri xabar berdi.

Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, muzlatilgan mablag‘larning qariyb 50 milliard yevrosi Belgiyada, yana 5,5 milliardi Lyuksemburgda. Italiya, Germaniya, Irlandiya, Avstriya va Fransiya bilan birgalikda muzlatilgan aktivlarning 90 foizdan ortig‘i ushbu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Ukrainadagi tajovuz uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalari natijasida muzlatilgan Rossiya milliy zaxiralari hajmi taxminiy ravishda 33,8 milliard yevroga baholanmoqda.

Yevrokomissiya, bundan tashqari, yaqin kelajakda YeI kengashi sanksiyalardan qochishni jinoyat deb tan olishini kutmoqda, deya xabar beradi Politico. Bu ayblov xulosasi chiqarilgan taqdirda mol-mulkni musodara qilish tartibini osonlashtiradi. Bu bilan bog‘liq qiyinchiliklar, xususan, Polshada paydo bo‘lyapti. Uning vakili Varshava Yevropa Ittifoqi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, ammo uni amalga oshirish uchun tegishli milliy qonun qabul qilish zarurligini tushuntirdi.

Yevropa Ittifoqining yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga hozirda 1241 jismoniy va 118 yuridik shaxs kiritilgan – ular Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga putur yetkazishda ishtirok etgan deb hisoblanadi. Jazo choralari ro‘yxatiga aktivlarni muzlatish va Yevropa Ittifoqiga kirishni taqiqlash kiradi. 

Top