20:15 / 19.11.2022
16614

Sankt-Peterburg yaqinidagi gaz quvurida kuchli portlash sodir bo‘ldi

Portlash magistral gaz quvurida yuz bergani aytilmoqda. Qurbonlar haqida xabar berilmadi. 

Foto: theins.ru

Rossiyaning Leningrad viloyati, Vsevolojsk shaharchasi yaqinidagi gaz quvurida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng katta yong‘in boshlandi. Olov ustuni bir necha o‘n metr osmonga ko‘tarilgan. 

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, portlash sabablari aniqlanmoqda. 

«O‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar Berngardovka va Kovalevo o‘rtasidagi gaz quvuridagi portlash natijasida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirmoqda. Aholiga va yong‘inning turar joylarga tarqalishiga hech qanday xavf yo‘q», dedi gubernator. 

«Pod’yem» nashrining yozishicha, portlash oqibatida yuzaga kelgan zarba to‘lqini Sankt-Peterburg chekkasidagi ko‘p qavatli binolarga yetib borgan. Industrialniy prospektidagi uyda yashovchi fuqaro portlash oqibatida «deraza tokchasidan mayda narsalar tushib ketganini» yozgan. 

Guvohlar yong‘in aks etgan surat va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmoqda.

Portlash va yong‘in quvurdan gaz sizib chiqishi oqibatida sodir bo‘ldi, deb xabar berdi RBK Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib. Yong‘inni o‘chirishda ikkita qutqaruv guruhi ishtirok etmoqda. 

Mavzuga oid
Top