13:20 / 21.11.2022
31812

Samarqandda uch bolasi bilan o‘zini kanalga tashlab ikkita go‘dakning o‘limiga sababchi bo‘lgan ayol qamoqqa olindi

Ayol va uning ikkita bolasi o‘sha zahoti suvdan olib chiqilgan, bittasi esa oqib ketgan. Bolalardan biri suvdan olib chiqilganda hodisa joyida vafot etgan, ikkinchisining jasadi 10 kundan so‘ng kanal qirg‘og‘idan topilgan.

Foto: Darg‘om kanali

Avvalroq, Kun.uz’da Samarqand tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan Q.A. qaynonasi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik ortidan 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan o‘zini Darg‘om kanaliga tashlagani va oqibatda ikki nafar go‘dak halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Samarqand viloyati prokuraturasining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayolga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bundan tashqari, holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat prokuraturasi tomonidan voqea tafsilotlari ham ochiqlandi. Unga ko‘ra, 2022 yil 1 noyabr kuni 26 yoshli ayol qaynonasi S.Q. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjaldan so‘ng 3 nafar farzandi bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.

Oradan ikki kun o‘tgach, 3 noyabr kuni A.Q. qizini onasining uyidan, o‘g‘illarini bog‘chadan olib chiqqan. So‘ng Darg‘om kanalining Samarqand tumani Yangiariq mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismiga kelib, o‘zi va farzandlarini o‘ldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan.

Shu payt hodisa joyiga yaqin bo‘lgan oshxona ishchilari tomonidan A.Q. hamda uning 2 nafar farzandi suvdan chiqarib olingan.

Ayolning bir nafar farzandi voqea joyida vafot etgan. Ikkinchisi suvda oqib ketgan. 2022 yil 13 noyabr kuni A.Q.ning oqib ketgan farzandi murdasi Darg‘om kanali qirg‘og‘idan topilgan.

Top