15:35 / 22.11.2022
36132

Bosqinchilikka yetaklagan oltin vasvasasi. Navoiydagi shov-shuvli voqea tafsilotlari

Navoiyda bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan 14 nafar yigit umrining ma’lum qismini qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi. Ularning eng kichigi 22, eng kattasi esa 45 yosh. Sud hukmi bilan yigitlarga 6 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Foto: KUN.UZ

2021 yilning 22 avgust kuni yarim tunda Navoiy viloyatining Konimex tumani hududida katta bosqinchilik sodir etilgan. Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, Konimex tumanining Lolazor nomli hududidagi tashlandiq kondan tarkibida tilla zarralari bo‘lgan ma’danli qumni qazib, yuk mashinalarida olib ketayotgan fuqarolar cho‘l “qaroqchi”lari hujumiga uchraydi. 2022 yilning 10 oktabr kuni Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida mazkur ish ko‘rib chiqildi.

Sud materiallariga ko‘ra, bosqinchilik oldindan reja qilingan holda amalga oshirilgan. Jinoiy guruh a’zolari tashlandiq kondan kelayotgan yuk mashinalarining yo‘lini to‘sib, ularni to‘xtatishni hamda yuk egalarini sovuq qurollar bilan qo‘rqitgan holda “o‘lja”ni qo‘lga kiritishni reja qilishgan. Yigitlar jinoiy sheriklari tomonidan yetkazilgan ma’lumot – ya’ni yuk mashinalari qachon yo‘lga chiqishi haqidagi xabarni olgach, 2021 yilning 22 avgust kuni “ovga” chiqishadi. Kelishilgani kabi, pichoq va tosh bo‘laklari bilan qurollanib olishadi. So‘ngra “Ford” mashinasida Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanidagi “Jongeldi” shirkat xo‘jaligi yaqiniga kelishadi va shu yerda yuk mashinalarini kutib o‘tirishadi.

Soat 2:30larda “qaroqchilar” pistirmada o‘tirgan chorrahaga yuk ortilgan “Kamaz” mashinasi yaqinlashadi. Jinoiy guruh a’zolari xuddi kinolardagi kabi tosh otgan va osilgan holda harakatlanib borayotgan mashinani to‘xtatishadi. Haydovchilar va yo‘lovchilarni esa bita bilan urib, o‘ldirishlarini aytib tahdid qilishadi va o‘zlari minib kelgan “Ford” mashinasiga o‘tkazishadi.

Jinoiy guruh o‘sha kuni soat 3:00da Konimex tumani Karakata ovuli hududidan o‘tgan4-R61 avtomobil yo‘lining 210-212 kilometrlari oralig‘ida “Howo” yuk mashinasini ham “qo‘lga olishgan”. Ikki yuk mashinasi o‘sha tunda jinoiy guruh a’zolaridan birining Navbahor tumanidagi Oq oltin mahallasi hududidagi xonadoniga olib kelinadi va to‘kiladi. Yigitlar shu tariqa 55 tonna atrofidagi ma’danli tosh va qumni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Jinoiy guruh xonadon oldidagi ma’danli tosh va qumni yashirish maqsadida uning bir qismini NKMKga qarashli “1-son GMZ” kon boshqarmasi orqa tomonidagi tashlandiq hududga, yana bir qismini esa Karmana tumaniBog‘ishamol mahallasi cho‘l hududida joylashgan qo‘y qo‘rasiga olib borib to‘kishgan. Shuningdek, “o‘lja”ning 20,5 tonnasi Paxtachi tumani hududidagi tosh maydalash tegirmonida maydalanib, ishlov berilgan holda tillasi ajratib olingan va sotib yuborilgan. 

Oradan biroz vaqt o‘tgach, NKMKga qarashli “1-son GMZ” kon boshqarmasi orqa tomonidagi tashlandiq hududga to‘kib ketilgan 33,5 tonna ma’danli tosh va qum olib ketish uchun yuk mashinalariga yuklanayotgani IIB xodimlari tomonidan aniqlangan. Sud ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, mazkur tosh va qum tarkibida qiymati qariyb 1 mlrd so‘mga teng 1493,6 gramm oltin bo‘lgan.

Jinoiy guruh a’zolari o‘z qilmishlariga iqror bo‘lmasdan, ma’danli tosh va qumni sotib olishga kelishganlarini ta’kidlashgan. Ammo sud jarayonida ularning jinoyati dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan to‘liq isbotini topgan. Yigitlarga sud hukmi bilan 6 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Maqola Navoiy viloyati sudi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Top