08:20 / 22.11.2022
5499

Turkiya Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun Shvetsiyaga norozilik bildirdi

Shvetsiya elchisi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga Turkiyaning Stokholmdagi diplomatik missiyasi binosida Erdo‘g‘anni haqorat qilgani aytilgan fotoproyeksiya munosabati bilan norozilik bildirilgan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi / Foto: Anadolu agency

Shvetsiya elchisi Staffan Herrstryom Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va unga 21 noyabr, dushanba kuni ertalab «Turkiyaning Stokholmdagi elchixonasiga qarshi provokatsiya» bilan bog‘liq norozilik bildirildi, deya xabar bermoqda Turkiyaning Anadolu agentligi diplomatik manbalar ma’lumotiga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga nisbatan haqoratlarni va «terrorchilik tashviqoti»ni o‘z ichiga olgan fotosuratlar Stokholmdagi Turkiya elchixonasi binosiga proyeksiya qilingan. Turkiyada ushbu harakat uchun javobgarlik mamlakatda taqiqlangan Kurdiston Ishchi partiyasi (KIP) tarafdorlari zimmasiga yuklandi.

Kunning boshida Shvetsiyaning Rojava bilan birdamlik qo‘mitasi (Rojavakommittéerna) Twitter mikroblogida bir daqiqadan ko‘proq davom etgan aksiya videosini e’lon qildi, u yerda tunda bino devoriga fotoslaydlar proyeksiya qilingani va kurd faollarining suratlari aks etgani ko‘rinadi. Shuningdek, Turkiya prezidentining yuzi ham paydo bo‘lgan.

Videoning annotatsiyasida aytilishicha, aksiya «Erdo‘g‘anning so‘z erkinligi va huquqlarga davom etayotgan hujumlari, shuningdek, Turkiyaning kurd xalqiga qarshi davom etayotgan terrori» munosabati bilan amalga oshirilgan.

Rojava Suriya shimolidagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan kurd avtonom viloyati bo‘lib, Suriya va Iroqda IShID guruhiga qarshi kurashgan «Xalq himoyasi otryadlari» (YPG) kurd jangarilari tomonidan amalda nazorat qilinadi. Anqara YPG'ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan KIPning jangari qanoti deb biladi.

Avvalroq, Shvetsiya Finlandiya bilan birgalikda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida NATOga qo‘shilish niyatini e’lon qilgan edi. Turkiya bunga dastlab e’tiroz bildirgan, biroq 28 iyun kuni Anqara Stokholm va Helsinkining NATO a’zoligiga intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan qo‘shma memorandum imzolagan edi.

Turkiya tomoniga ko‘ra, shimoliy Yevropaning ikki davlati uning qator asosiy talablariga rozi bo‘lgan, jumladan Helsinki va Stokholm taqiqlangan KIP va uning ittifoqchilariga qarshi kurashda «to‘liq hamkorlik» va’da qilgan.

Mavzuga oid
Top