20:41 / 23.11.2022
14202

30 yil oldin muzlatilgan embrionlardan egizaklar dunyoga keldi. Bu yangi rekord

Amerikaning Tennessi shtatida 30 yil davomida muzlatib qo‘yilgan embriondan ikkita egizak dunyoga keldi. Bu muzlatilgan embrionlarning tug‘ilishi «kutilgan» tarixdagi eng uzoq davrdir. 

Foto: NATIONAL EMBRYO DONATION CENTER

Embrionlar 1992 yil 22 apreldan beri suyuq azotda, -128C haroratda saqlangan va o‘z hayotiyligini yo‘qotmagan. 

Shundan so‘ng ular eritilib, bo‘lajak onasi Reychel Rijueyga ko‘chirib o‘tkazilgan. 31 oktyabr kuni egizaklar dunyoga keldi. «Aqldan ozish mumkin», deydi baxtli ota Filip Rijuey. 

Donorlik embrionlari milliy markazi (NEDC) xususiy tashkilotiga ko‘ra, Lidiya-Enn va Timoti-Ronald Rijuey endi yangi rekord sohiblari sanaladi. Oldingi rekord Molli Gibsonga tegishli bo‘lib, u 2020 yilda 27 yil davomida muzlatib qo‘yilgan embriondan tug‘ilgan edi. Milliy markaz shu paytgacha embrionlardan 1200 dan ortiq chaqaloqni dunyoga keltirishda yordam berganini da’vo qiladi. 

«Ushbu embrionlarni farzand qilib olish to‘g‘risidagi qaror, 5, 10 yoki 20 yil oldin muzlatilgan embrionlarni qabul qilishga shubhalanayotgan odamlarga ishonch baxsh etishi kerak», deydi markaz doktori Jon Devid Gordon. «Va bu savolga qat’iy «Ha!» deb javob berish lozim». 

Egizak embrionlar 1990-yillarning boshida turmush qurgan juftlik uchun sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan yaratilgan. 2007 yilgacha embrionlar NEDC laboratoriyasida saqlangan. Shundan so‘ng er-xotin ularni boshqa birov foydalanishi uchun berishga rozi bo‘lishgan.  

NEDC sog‘lom bolalar tug‘ilgani haqidagi xabar boshqa ehtimoliy ota-onalarni embriondan tug‘ilgan bolalarni asrab olish baxtini his qilishga undashiga umid qilmoqda. 

Egizaklar tug‘ilganda, Rijueylar oilasida bir yoshdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan to‘rtta farzand bor edi va ularning barchasi tabiiy ravishda, donorlarsiz yoki sun’iy urug‘lantirishsiz tug‘ilgan. 

NEDC ma’lumotlariga ko‘ra, muzlatilgan embrionlarni saqlash uchun vaqt chegarasi yo‘q. Ammo 100 yil oldin muzlatilgan embrionlardan bir kun kelib bolalar tug‘ilishi ehtimoli unchalik katta emas, chunki bu texnologiya nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan. Muzlatilgan embriondan birinchi bola 1984 yilda tug‘ilgan, bu Avstraliyada sodir bo‘lgan edi. 

Top