15:53 / 23.11.2022
4478

AQShda Walmart supermarketidagi otishma oqibatida odamlar halok bo‘ldi

Virjiniya shtatida o‘qotar quroldan foydalangan holda ommaviy qotillik sodir bo‘ldi. Walmart filiallaridan birining menejyeri besh va undan ortiq odamni otib, yaralagan.

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlarda oxirgi bir necha kun ichida o‘qotar quroldan foydalangan holda ikkinchi ommaviy qotillik sodir etildi. Virjiniya shtatida Chesapik shahridagi Walmart supermarketida sodir bo‘lgan otishmada olti kishi halok bo‘ldi va yaralandi, deya ma’lum qildi 23 noyabr, chorshanba kuni politsiya vakili. 

Halok bo‘lganlar orasida jinoyatchining o‘zi ham bor, uning ismi hozircha oshkor etilmagan. Mahalliy matbuotning yozishicha, otishmani supermarket menejyerlaridan biri uyushtirgan. Politsiya u o‘zini otib o‘ldirganmi yoki politsiya tomonidan yo‘q qilinganmi, aniqlik kiritmadi. Fojia mahalliy vaqt bilan soat 22:00 (Toshkent vaqti bilan 8:00) lar atrofida sodir bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik chakana sotuv tarmog‘i - Walmart ma’muriyati sodir bo‘lgan voqeadan hayratda qolganini va tergov bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Virjiniya shtatidan senator Luiza Lukas ham voqeadan shokda ekanligini aytib o‘tdi. «Bugun kechqurun mening Virjiniya shtatidagi Chesapik okrugimda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yana bir qirg‘in sodir bo‘lganidan kuchli shokdaman. Mamlakatimizda ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan qurolli zo‘ravonlik epidemiyasini to‘xtatish uchun yechim topmagunimizcha tinchlanmayman», deb yozdi u Twitter’dagi mikroblogida. 

Birgina 20 oktyabr kuni Koloradodagi tungi klubga qurolli hujum uyushtirilib, besh kishi halok bo‘ldi, 18 kishi yaralandi. AQSh uzoq vaqtdan beri qurolli zo‘ravonlikning ulkan to‘lqiniga qarshi kurashib kelmoqda. Bu mamlakatda qonuniy yo‘l bilan qurol olish juda oson. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2020 yilda AQShda 20 000 ga yaqin odam otib o‘ldirilgan - kuniga deyarli 50 kishi. Gun Violence Archive portaliga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatda o‘qotar quroldan foydalangan holda 600 dan ortiq ommaviy qotilliklar sodir etilgan. 

Top