19:20 / 23.11.2022
46800

Karerasi, qarashlari va siyosiy nufuzi: Rasman siyosatga qaytgan Saida Mirziyoyeva haqida

Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasi mulozimiga aylandi va endi axborot siyosatini belgilashda, to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat rahbarining oldiga jiddiy ma’lumotlarni olib kirishda muhim rol o‘ynaydi. Xo‘sh, u mazkur tayinlovgacha qanday yo‘lni bosib o‘tdi, ko‘plab masalalarda jamoatchilik tarafida turadigan yana bir kadrning prezident jamoasida bo‘lishi qaysi jihatlarga ko‘ra ahamiyatli?

Ikkita magistrlik diplomi va ilmiy faoliyat

Saida Mirziyoyeva 1984 yil 4 noyabrda Qo‘qonda tug‘ilgan. 18 yoshida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirib, 2006 yilda xalqaro huquq bo‘yicha bakalavr darajasini olgan.

O‘sha yili Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga kirgan Mirziyoyeva 2008 yilda huquqshunoslik bo‘yicha, 2010 yilda esa Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetidan iqtisodiyot bo‘yicha magistr darajasini olgan.

Rasmiy tarjimayi holida yozilishicha, Saida Mirziyoyeva 2010–2021 yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borgan. Xususan, 2018–2021 yillarda Davlat boshqaruvi akademiyasi izlanuvchisi bo‘lgan.

Tadqiqotchi 2021 yil iyunida Moskva davlat universitetida iqtisodiyot bo‘yicha dissertatsiya yoqlagan. Nomzodlik dissertatsiyasi mavzusi – “Mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish metodologiyasini takomillashtirish (O‘zbekiston Respublikasi materiallari asosida)”.

Universitet rasmiy saytida Mirziyoyevaning dissertatsiyasidan tashqari 6 ta maqolasi, 1 ta monografiyasi, ilmiy konferensiyalardagi 3 ta hisoboti va 1 ta tezis-dokladi haqida ma’lumotlar bor. Ularning aksariyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha milliy strategiyalar mavzusi birlashtirib turadi.

Davlat organlari “tilga kirdi”

Saida Mirziyoyeva davlat xizmatchisi sifatida ilk marta 2019 yilning 12 aprel kuni jamoatchilik nigohiga tushgandi. O‘shanda u Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Bu lavozimda unga asosan ikkita vazifa yuklatilgan edi. Ta’kidlash kerak, avvaliga Mirziyoyeva O‘zbekistonning xorijdagi ijobiy imijini shakllantirish (PR-markaz)ga mas’ul bo‘lgani odamlarning e’tiborini ko‘proq tortgandi. Yakunda esa u o‘ziga yuklatilgan ikkinchi yo‘nalish – davlat organlarining axborot xizmatlari faoliyatini isloh qilishda kattaroq natijalarga erishdi.

Mirziyoyeva karerasidagi ilk lavozimga ancha faol kirishdi, matbuotda tez-tez ko‘rina boshladi. Tayinlovdan ko‘p o‘tmay davlat organlarining matbuot xizmatlari faoliyati bo‘yicha tanqidiy bayonot e’lon qilib, jiddiy voqea-hodisalarga oid rasmiy ma’lumotlar tezkor berilmasligini qoraladi va vaziyatni o‘zgartirishga kirishganini ma’lum qildi. Konferensiyalardan biridagi chiqishida esa 200ga yaqin hokimliklarda haligacha axborot xizmati yo‘qligi, odamlar o‘zini qiziqtirgan ma’lumotni chet el nashrlaridan olayotganini aytdi.

Ma’lum vaqtdan keyin Saida Mirziyoyeva matbuot kotiblarining faoliyatini isloh qilishga doir hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilganini e’lon qildi. 2019 yil iyunida imzolangan prezident qarori bilan barcha davlat organlarining matbuot xizmatlariga jiddiy talablar qo‘yildi, matbuot kotiblarining obro‘si ko‘tarilib, ular tashkilot rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirildi. Umuman, davlat organlarida normal axborot xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks choralar tasdiqlandi.

Qaror imzolanganidan keyin shu mavzuda bosh vazir selektori, AOKAda matbuot kotiblari ishtirokida yig‘ilishlar, matbuot kotiblari va jurnalistlar o‘rtasida muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Ularda so‘zga chiqqan Saida Mirziyoyeva sohadagi muammolarni sanadi, ishi sust matbuot xizmatlarini yana tanqid qildi, hatto axborot siyosati talablariga e’tiborsiz qarayotgan mansabdorlarga nisbatan chora ko‘rishni taklif etdi. Bu sa’y-harakatlar natijasida qisqa vaqt ichida sohada o‘zgarish sezildi: davlat organlarining ochiqligi va jurnalistlar bilan muloqoti yangi bosqichga ko‘tarildi.

“So‘z erkinligisiz islohot qilib bo‘lmaydi”

Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevani so‘z erkinligining hukumat ichidagi asosiy targ‘ibotchilari, tarafdorlari va himoyachilari deyish mumkin. Ular so‘z erkinligining ahamiyatini oliy rahbariyatda doimiy kun tartibida ushlab turadi.

“Ommaviy axborot vositalari va blogerlar fuqarolik nazoratining flagmaniga aylandi. Biz boshlagan ochiqlik yo‘li ortga qaytmasdir”, degandi Saida Mirziyoyeva o‘z chiqishlaridan birida.

“OAV erkinligi va saviyali jurnalistika – demokratiyaning ajralmas qismi. So‘z erkinligini, davlat organlari shaffofligi va jamiyat oldida hisobdorligini ta’minlamay turib, haqiqiy islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, deya ta’kidlagan u boshqa bir nutqida.

“Biz qonunlarni keskinlashtirish, turli mavzulardagi chiqishlarni taqiqlash, ijtimoiy tarmoqlarni to‘sib qo‘yish va fikrlarni boshqarish orqali ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligini yaxshi anglaymiz. Bularning bari aks samara beradi va vaziyatni yanada chigallashtiradi”, – degandi Mirziyoyeva media-konferensiyalardan birida.

Saida Mirziyoyeva tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosi bekor qilinishining tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. “Odam gapirgan gapi uchun qamalishi kerak emas”, – deya bu boradagi fikrini ifodalagandi u.

Mirziyoyevaning AOKAdagi faoliyati 9 oy davom etdi. 2020 yil yanvarida u va Komil Allamjonov agentlikni tark etishdi. Ular buni faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish istagi va rejalari borligi bilan izohlashdi. Ko‘p o‘tmay bu rejalarni amalga oshirish allaqachon boshlangani oydinlashdi: iste’fo haqida e’lon qilinganidan 2 kun o‘tib, ular jurnalistlar va blogerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan yangi jamoat tashkiloti – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashiga saylanishdi. Komil Allamjonov kengash raisi, Saida Mirziyoyeva esa uning o‘rinbosariga aylandi.

Tandem fonddagi faoliyati davomida ham so‘z erkinligiga nisbatan tahdidlarni qoraladi, jurnalistlar bosimga uchragan holatlarda ularning himoyasi uchun tegishli vazirliklar va Bosh prokuraturaga murojaat-so‘rovlar yubordi. Shuningdek, media sohasi vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda ham ish olib borildi.

Fond rahbarlari BMTning oliy darajadagi mansabdorlari, YuNeSKO, YUNISEF, YeXHT, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Germaniya, Shveytsariya, BAA kabi davlatlar rasmiylari bilan muloqotlar o‘rnatishdi. E’tiborlisi, fondning xalqaro hamkorlaridan deyarli hammasi – rivojlangan G‘arb davlatlaridir. O‘zbekiston kontekstida qaraganda, ro‘yxatda mamlakatning asosiy hamkori deb ko‘riladigan Rossiyaning yo‘qligi diqqatga sazovor.

Og‘riqli mavzularga munosabatlar

Saida Mirziyoyeva AOKA mulozimiga aylangan kuni ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarini ochgan. Shundan beri o‘tkir ijtimoiy masalalarga tez-tez munosabat bildirib keladi. Va u fikr bildiradigan mavzular doirasi faqat so‘z erkinligidan iborat emas.

Mirziyoyeva yagona maktab formasi, o‘qituvchilarning o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlanishi, Toshkent markazidagi bog‘da qurilish bo‘lishi kabi katta muhokamalarni keltirib chiqargan mavzularda o‘z pozitsiyasini bildirib, ko‘tarilgan masalalarning keng omma foydasiga hal bo‘lishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

U o‘z chiqishlarida xotin-qizlar huquqlari masalasiga ham ko‘p marta to‘xtalgan. Surxondaryoda o‘smir qizni zo‘rlaganlar jazosiz qolgani, Toshkent viloyatida shifokor Guljahon Yo‘ldoshevaning qamab qo‘yilgani, oliygohlarda talaba qizlarga nisbatan shilqimlikning keng tarqalgani, o‘zbek ayollari milliy seriallarda nuqul kaltafahm qilib ko‘rsatilishi kabi masalalar shular jumlasidan.

Qolaversa, Mirziyoyeva Namanganda MIB xodimlariga norozilik bildirgan ayolning o‘ziga o‘t qo‘ygani, Xorazmda 19 yoshli homilador kelin o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib borilgani, Navoiyda o‘g‘il tug‘maslikda ayblab kelingan ayol o‘zi va uch qizini poyezd tagiga tashlagani kabi ayanchli voqealarga ham munosabat bildirib keladi.

Uning bu chiqishlari shunisi bilan ham ahamiyatliki, xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikdek og‘riqli muammo har safar shov-shuv mavzusiga aylanganida, hatto bu sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul rahbarlar ham bir og‘iz munosabat bildirmaydi, xuddi eshitmagandek, ko‘rmagandek, shunchaki sukut saqlaydi. Holbuki, birgina Respublika gender komissiyasida Saida Mirziyoyevadan tashqari yana boshqa o‘nlab a’zolar bor.

Ta’kidlash lozim, Mirziyoyeva Mass-media fondidagi faoliyati orqali “Zakovat” intellektual klubining yangi darajaga chiqishiga ham hissa qo‘shdi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi 400ga yaqin bola operatsiya qilingan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasini amalga oshirdi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari sifatida madaniyat sohasidagi qator loyihalarda ishtirok etmoqda.

Katta siyosiy dargohga qadam

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardor Umrzoqovni o‘z administratsiyasiga rahbar etib tayinlashi ortidan, oliy ma’muriyatda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘tgan 4 oy ichida bu dargohda 7 ta kadr o‘zgarishi ro‘y berdi.

Matbuot sohasi uchun eng ahamiyatlisi – Komil Allamjonov administratsiya rahbari o‘rinbosari lavozimiga qaytib, shu munosabat bilan bergan bayonotida “so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga chiqishi”ni ta’kidladi. Endi esa Saida Mirziyoyeva administratsiya ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri etib tayinlandi.

Yangi tuzilgan bu shu’ba administratsiya rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul o‘rinbosari (K.Allamjonov) tizimiga kiradi. Bu – jurnalistlarga nisbatan davlat tomonidan qo‘llov 2019 yildagi darajaga qaytishi mumkinligiga umid uyg‘otadi. Salkam uch yil oldin Allamjonov–Mirziyoyeva tandemi AOKAdan ketganidan keyin matbuot sohasining himoyasi susayganini nafaqat mahalliy jamoatchilik, balki xalqaro kuzatuvchilar ham aytgan edi.

E’tiborlisi, rasmiy xabarda aytilishicha, Saida Mirziyoyeva administratsiyada nafaqat axborot sohasini, balki ijtimoiy soha, madaniyat va ta’lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, bu jamoa davlat rahbari oldiga alohida tuzilmalarning hisobotlariga alternativ o‘z hisobotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kira olishi ham muhim ahamiyatga ega. Yodingizda bo‘lsa, “snos”lar avj olgan paytda odamlarning arz-dodi, ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan izohlar prezidentga olib kirilgan, vaziyatdan xabar topgan davlat rahbari viloyat hokimlariga qattiq tanbeh bergan edi. “Mana, izohlarni o‘qi. Bularni o‘qib men qanday kabinetimda tinch o‘tira olaman?! [...] Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz!” – degandi Shavkat Mirziyoyev hokimlarga qarata, o‘ziga olib kirilgan hisobotni ko‘rsatib.

Komil Allamjonov o‘z intervyularidan birida Saida Mirziyoyeva haqida gapirayotib, ayni shu jihatga urg‘u bergandi. “Matbuotning muammolarini zudlik bilan rahbariyatga yetkazishda va uni hal qilishda ularning roli katta”, – degandi Allamjonov.

Odamlarni qiynayotgan o‘tkir muammolar hozir ham talaygina. Muammolar va ularga xalqning munosabati haqida prezidentga xolis axborotlarning ko‘proq yetib borishidan esa yurt ravnaqini tilagan hamma manfaatdor.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining atrofida yosh, xorijiy tilni biladigan, so‘z erkinligi va umuman erkinliklarni qadriyat deb biluvchi insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi – aynan bugun mamlakatga bunday kadrlar ayniqsa ko‘proq kerak.

Top