15:09 / 25.11.2022
50514

Mundialning eng chiroyli goli urildi, Ronalduda rekord

Qatardagi jahon chempionatining beshinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.

Foto: Peter Cziborra / Reuters / Scanpix / LETA

Risharlisonning goli —  oltin kolleksiya uchun shedevr. Serblar bir soat qarshilik ko‘rsatishdi, ammo braziliyalik sehrgarlarni to‘xtata olishmadi.

JCh-2022. 1-tur. G guruhi
Braziliya — Serbiya 2:0

Gollar: Risharlison (62, 73).
Braziliya – Alisson, Danilo, Silva, Markinos, Sandro, Kazemiro, Paketa (Fred, 75), Neymar (Antoni, 80), Risharlison (Jyezus, 79), Rafinya (Martinelli, 87), Vinisius (Rodrigo, 76). 
Serbiya – Milinkovich-Savich, Velkovich, Milenkovich, Pavlovich, Mladenovich (Vlahovich, 66), Gudel (Ilich, 57), Milinkovich-Savich, Lukich (Lazovich, 66), Jivkovich (Radonich, 57), Tadich, Mitrovich (Maksimovich, 83).
Ogohlantirishlar: Pavlovich (7), Gudel (49), Lukich (64).

Favoritlardan oxirgi bo‘lib turnirga qo‘shilgani Braziliya bo‘ldi. Aytish mumkinki, ular o‘ziga haddan yuqori ishonch qurboni bo‘lgan boshqa top-terma jamoalarning xatolaridan saboq chiqarish imkoniga ega edi. Faqat nemislar va argentinaliklarni oqlamagan holda ularning o‘yinga o‘ta xotirjamlik bilan qaraganini tushunish mumkin: raqiblar oldindan guruh autsayderlari maqomida edi. Brazillarni esa birinchi turda ancha mustahkam Serbiya kutayotgandi va bu o‘rinda qandaydir mensimaslik haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi.

Umuman olganda, faqat birinchi o‘rinni olishni o‘z oldiga maqsad qilgan jamoa hech qaysi o‘yinda xotirjamlikka berilmasligi kerak. Ammo, masalan, Neymarning shortigida oltita chempionlik yulduzi aks etgan foto takabburlik sifatida baholandi. Bunga javob qaytargan Risharlison esa shunchaki bu haqda yozgan nemis jurnalistini haqoratladi va shunday dedi: «Biz oltinchi yulduz haqida orzu qilyapmiz va uni qo‘lga kiritamiz». Aytish kerakki, bu tasodifiy holat emas, balki tizimlidir.

Argentinaliklar ham Messi uchun sovrin yutib berishni orzu qilayotgan bo‘lsa-da, o‘z chiqishlarida anchagina kamtarlik qilishmoqda, ularning abadiy raqiblari esa tiyilib o‘tirmayapti. Masalan, tinim bilmas Dani Alves Jahon kubogini qo‘lga kiritish xayoli bilan uxlashi va uyg‘onganida ham faqat shuni o‘ylashini tan oldi. Neymar esa jahon chempionatidagi g‘alabani eng ardoqli orzusi deb atadi va Messiga finalda uni yengib, sovrinni qo‘lga kiritishni va’da qilib hazillashganini aytib berdi.

Bu o‘ziga haddan tashqari yuqori ishonchmi? Bo‘lishi mumkin, lekin bular brazillar. Ularning barchasi shunaqa — futbolchilar, muxlislar va hatto mamlakatning yangi saylangan prezidenti Lula da Silva, u ham 20 yil o‘tgach yana chempion bo‘lish vaqti kelgani haqida gapirdi. Turnir yakunida bosh murabbiylikni tark etadigan Tite esa uning mamlakatidagi futbol madaniyati va bosim haqida gapirganda aynan shuni nazarda tutgandi.

O‘yin kutilganidek boshlandi. Brazillar to‘pni olishdi va birinchi raqamda o‘ynashdi. Diqqat markazida, kutilganidek Neymar bo‘ldi. Avvaliga Sasha Lukich qanotda Braziliyaning asosiy yulduziga qarshi shunday faollik bilan kurash olib bordiki, maydondan tashqariga chiqib ketgandan keyin ham uning futbolkasini qo‘yib yubormasdi.

Bir necha daqiqa o‘tib Neymar burchak zarbasini to‘g‘ridan to‘g‘ri golga aylantirishiga bir baxya qoldi.

Serbiya esa avvalgi yirik turnirlardan farqli o‘laroq, chindan ham muvozanatli va yaxshi tayyorlangan jamoa ekani va nima istayotganini aniq bilishini ko‘rsatdi. Murabbiy bu o‘yinda odatdagi ikki forvard o‘rniga hujum uchiga faqat Mitrovichni qo‘ydi, chap qanotni esa hujumga ixtisoslashgan Kostich o‘rniga himoyachi Mladenovich yopdi. Birinchi bo‘lim raqibni kuchli pressing qilish bilan kechdi va qarshi hujumlarga tayanildi. Serblar mudofaasi birinchi bo‘limda turib berdi.

Ammo brazillar o‘yini — xuddi suv kabi, u yoki toshni teshadi yoki uni aylanib o‘tish yo‘lini topadi. Ikkinchi bo‘lim boshida darvozabon Milinkovich-Savich noqulay pas bilan Gudelni noqulay holatga solib qo‘ydi, lekin to‘pga ega chiqqan Rafinya bilan yakkama-yakka vaziyatda xavfni bartaraf etdi, keyingi vaziyatda Gudeb jarima maydoniga kirib borayotgan Neymarni yiqitdi.

Bosh murabbiy Dragan Stoykovich darhol reaksiya qildi — bo‘sh detalni almashtirdi. Ammo bu yordam bermadi. 

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib, serblar faqat mo‘jiza tufayli qutulib qolishi mumkinligi ko‘rinib qoldi. Janubiy amerikaliklarning hujumlari kuchaygandan kuchaydi. 60-daqiqada Aleks Sandroning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, ikki daqiqa o‘tib esa Risharlison hisobni ochdi. Neymar jarima maydoniga yorib kirdi, Vinisius zarba berdi, darvozabondan qaytgan to‘pni esa Risharlison darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

11 daqiqa o‘tib esa butun o‘yinning eng ajoyib lahzasi ro‘y berdi. Vinisius qanotdan to‘pni jarima maydoniga uzatdi, Risharlison uni qabul qildi va odatda plyaj futbolida kuzatiladigan qaychi uslubida zarba yo‘lladi. O‘yinda barchasini saviya hal qildi - bundan oldinroq serblar hujumida Vlahovich to‘pga shu kabi zarba berishga urinib, uni o‘tkazib yuborgandi. Braziliyalik hujumchining shedevri esa katta ehtimol turnirning eng chiroyli goli masalasiga birinchi turdayoq nuqta qo‘ydi.

O‘yinning davomi xotirjam kechdi. Brazillarni hisob qoniqtirardi, serblar endi hech narsa qila olmasliklarini his qilib turishardi. Muxlislar bu o‘yinda kutilgan manzaraga guvoh bo‘lishdi. Serblar endi keyingi ikki o‘yinda pley-offga harakat qilib ko‘rishadi, Braziliya esa hozicha o‘z kuzirlarining faqat yarmini ko‘rsatgan yaqqol favorit.

Embolo tarixiy vatani jamoasiga gol urdi va nishonlamadi

Shveytsariya – Kamerun 1:0
Gol:
1:0 – 48 Embolo.
Shveytsariya – Zommer, Vidmer, Elvedi, Akanji, Rodriges, Shaqiri (Okafor, 72), Chaka, Froyler, Sou (Fray, 71), Vargas (Rider, 81), Embolo (Seferovich, 72).
Kamerun – Onana, Fe, Nkulu, Kastelletto, Tolo, Zambo-Angissa, Gvet, Ongla (Ondua, 68), Shupo-Moting (Abubakar, 74), Toko-Ekambi (Nkudu, 74), Mbemo (Ngamale, 81).
Ogohlantirishlar: Fe (36), Elvedi (64), Akanji (83).

Samyuel Eto'O vatandoshlariga jahon chempionatida sovrindor bo‘lish vazifasini qo‘ygan bo‘lsa-da, turnir arafasida Kamerun guruh favoriti bo‘lib ko‘rinmayotgandi. Bu guruhdan Braziliya osonlik bilan pley-offga chiqishi, ikkinchi yo‘llanma uchun kurash esa Shveytsariya va Serbiya o‘rtasida kechishi taxmin qilingan. Ammo Kamerunga dastlabki turlarda aynan yevropaliklar raqib bo‘ldi, shu tufayli afrikaliklar darhol ochko uchun o‘ynashi talab etilardi.

Buni amalga oshirish esa qiyinligi ma’lum. Kamerun kuzdagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida gol urishga qiynaldi, darvozasida buyuk Zommer turadigan Shveytsariyaga gol urish esa yanada qiyin edi. Menhengladbahning «Borussiya» klubi posboni avgustda «Bavariya»ga qarshi o‘yinda rekord darajada 19 zarbani qaytardi va terma jamoada ham doimiy ravishda yorqin o‘yin ko‘rsatib keladi — saralash turnirida Italiya uning darvozasiga qo‘yilgan ikki penaltini aniq ijro eta olmagan va natijada guruhda ikkinchi o‘rinda qolib, o‘tish o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin jahon chempionatida tomoshabinga aylangandi.

Bu o‘yinda ham Zommer qahramonlardan biri bo‘ldi. Birinchi bo‘lim boshida u Mbeumo va Ekambiga gol urishga qo‘ymadi, lekin bu bilan cheklanib qolmadi va jamoani qutqarishda davom etdi. Kamerun dastlabki yarim soatda raqibdan ancha kuchliroq ko‘rindi va gol urishga haqli edi. Ammo Shupo-Moting boshchiligidagi hujumchilar raqib mudofaasini taslim eta olmadi, tribunalardagi afrikalik shamanlar ham gol keltira olmadi.

Shveytsariya tanaffusga qadar ancha passiv o‘yin ko‘rsatdi. Yevropaliklar to‘pga egalik qilishga intilmadi va maksimal darajadagi ehtiyotkorlik bilan oldinga borishdi. Tanaffusda bosh murabbiy Murat Yaqin futbolchilardan harakatlariga tezlik qo‘shishni so‘ragani aniq, chunki ularga aynan shu narsa yetishmayotgandi.

Va tanaffusdan keyinoq jamoa tezlik oldi, Kamerun birinchi xavfli hujumdan gol o‘tkazib yubordi. Gol oddiy urildi: Shaqiri o‘ng qanotdan jarima maydoni markaziga to‘pni uzatdi, bu yerda negadir butunlay yolg‘iz qoldirilgan Embolo esa to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Vaziyat shu darajada ediki, kamerunlik himoyachilar go‘yo «Monako» forvardini o‘zinikilardan deb o‘ylagan va uni yopmagan. Ma’lum ma’noda bu to‘g‘ri ham edi: Embolo Kamerunda tug‘ilgan va shu tufayli golni nishonlamadi.

Shu goldan keyin o‘yin ssenariysi Shveytsariya uchun maksimal darajada qulaylashdi. Bu jamoa saralash turnirida ham kerakli hisobni ushlay olishini namoyish etgandi va biror o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagandi. O‘yin davomida Shveytsariya yana gol urishi mumkin edi: Onana Vargasning murakkab zarbasini amallab qaytardi, boshqa bir vaziyatda esa Zambo-Angissa o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga bir baxya qoldi. Shveytsarlar xotirjamlik bilan o‘yinni yakunlashdi va haqli g‘alabaga erishdi. 1:0 — o‘yinga mos hisob.

Krishtianu yana diqqat markazida: madhiya vaqtida yig‘ladi va buyuk rekordni o‘rnatdi

JCh-2022. H guruhi. 1-tur
Portugaliya – Gana 3:2

Gollar: 1:0 – 65, penalti Ronaldu, 1:1 – 73 Ayyu, 2:1 – 78 Joau Felish, 3:1 – 80 Rafael Leau, 3:2 – 89 Buxoriy.
Portugaliya – Diogu Koshta, Joau Kanselu, Danilu Pereyra, Ruben Diash, Gerreyru, Otavio (Vilyam Karvalyu, 56), Bernardu Silva (Palinya, 88), Ruben Nevesh (Rafael Leau, 77), Brunu Fernandesh, Ronaldu (Gonsalu Ramush, 88), Joau Felish (Joau Mariu, 88).
Gana – Ati-Ziji, Seydu (Lempti, 66), Jiku (Semeno, 90), Amarti, Salisu, Baba, Parti, Quddus (Buxoriy, 77), Abdul-Samed (Kere, 90), Ayyu (Ayyu, 77), Uilyams.
Ogohlantirishlar: Quddus (45), Ayyu (49), Seydu (57), Uilyams (90), Danilu Pereyra (90), Brunu Fernandesh (90).

Turnir arafasida Krishtianu Ronaldu mojaroli intervyu berib, «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Erik ten Hagni hurmat qilmasligini aytdi, shuningdek klubdagi vaziyatni keskin tanqid qildi — xususan, uning nazarida eskirib qolgan infratuzilmani. Intervyu ulkan rezonans keltirib chiqardi va «MYu» seshanba kuni — jahon chempionati boshlanib ketganida — Ronaldu bilan shartnoma bekor qilinganini e’lon qildi.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, muhokama uchun asosiy mavzu — bularning bari Krishtianuning va Portugaliya termasining Qatar mundialidagi ishtirokiga qay tariqa ta’sir ko‘rsatishi bo‘ldi. Lekin savolga javob birgina Gana bilan o‘yinning o‘zida topilmaydi.

Birinchidan, bu hali guruh bosqichining birinchi o‘yini va bu o‘yin hali deyarli hech narsani hal qilmadi. JCh-2010 da Ispaniya start o‘yinida Shveytsariyaga mag‘lub bo‘lgandi — 0:1 (shveysarlar o‘shanda pley-offga ham chiqa olmagan). JCh-2018da Fransiya Avstraliyaga qarshi o‘yinda juda qiynalgan, faqat qo‘shimcha daqiqalardagi avtogol evaziga g‘alaba qozongan (2:1). Yevro-2008da esa Niderlandiya o‘sha vaqtda amaldagi chempion bo‘lgan Italiyani birinchi turda tor-mor etgandi — 3:0. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Bu shaxsan Ronalduga ham taalluqli. 2018 yilgi jahon chempionatini u Ispaniyaga qarshi o‘yindagi het-trik bilan boshlagandi. Ikkinchi o‘yinda esa u Marokash darvozasiga yagona gol muallifi bo‘ladi (1:0). Lekin bu ishtirok 1/8 finalda Urugvayga mag‘lub bo‘lish bilan yakunlanadi (1:2). Yevro-2020da Krishtianu Vengriya darvozasiga dubl yo‘llaydi, Yevropa chempionatlari final turnirlarida urilgan gollar soni bo‘yicha Mishel Platini rekordini yangilaydi, keyin Germaniyaga gol uradi, Fransiya darvozasiga ham ikki gol joylaydi. Ammo bu safar ham portugallar 1/8 finalda Belgiyaga qarshi nursiz o‘yin ko‘rsatib (0:1), ishtirokini yakunlaydi.

Gana bilan o‘yinda Krishtianu o‘rtacha ishtirok etdi, u milliy jamoa safida 118-golni urgan bo‘lishiga qaramay, uning ushbu uchrashuvdagi eng yodda qolarli vaziyat o‘yindan oldin Portugaliya madhiyasi yangrayotganida bo‘ldi, 37 yoshli forvard bu vaqtda ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Uning ishtirokidagi yana bir e’tiborli epizod birinchi bo‘lim o‘rtalarida ro‘y berdi, o‘shanda qanotdan uzatmaga Ronaldu baland sakradi, «Yuventus» safida «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi bir muddat havoda muallaq qoldi, ammo bu safar zarba xato ketdi.

Krishtianu ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida penalti ishladi. Muhammad Salisu unga qarshi o‘ta ehtiyotsiz harakat qildi. Ronaldu ham «mahoratini ishga soldi», ammo amalda afrikalik futbolchi uning oyog‘iga tegdi. Natijada ajoyib mediya syujyeti yuzaga keldi: Krish o‘zi ishtirok etgan barcha besh jahon chempionatlarida gol urgan yagona futbolchi.

Portugaliya termasi mudofaasi ham sardor kabi o‘rtamiyona harakat qildi. Lekin bu safargi JCh-2022 turnirida kim mukammal ishtirok etmoqda? Hatto Angliya, Fransiya va Ispaniyaning g‘alabalariga ham savollar bor. Birinchi tur o‘yinlaridan keyin ayon bo‘ldiki, Qatarda barchada pozitsion hujumlarda muammolar kuzatilmoqda. Tayyorgarlik yig‘ini uchun vaqt bo‘lmagan sharoitda shunday bo‘lishi mantiqiy ham.

Portugaliyaning omadi keldi, ganaliklar hisobni tenglashtirgach, negadir ehtiyotkorlikni unutdi va o‘z kuchiga yuqori baho berib yubordi. Afrikaliklar hujum qilayotganda to‘pni yo‘qotdi va Fernandeshning odatiy pasidan keyin Joau Felish jamoasini oldinga olib chiqdi. Shundan keyin yevropaliklar raqib himoyasidagi xatolardan yana foydalandi. Afrikaliklar yana maydon markazida to‘p yo‘qotdi, yana Fernandesh pas berdi, o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Leau hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Lekin o‘yin oxiri portugallar uchun maksimal darajada asabiy kechdi, raqib hisobni qisqartirishga erishdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda esa uchinchi gol o‘tkazib yuborilishi ham mumkin edi. Ammo Uilyamsning hiylasi ish bermadi - portugallar darvozaboni u ortda ekanini payqamay xotirjamlik bilan to‘pni o‘yinga kiritmoqchi bo‘lganida hujumchi to‘pni olib qo‘ydi, ammo yiqilib, vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

Portugaliyaning bu g‘alabasi va Ronalduning bu goli JCh-2022 istiqbollari haqida nimanidir anglatadimi? Yo‘q. Buning uchun hech bo‘lmaganda guruh bosqichi yakunini kutish kerak.

Suares endi avvalgidek emas, Son Xin Min ham hali formasini tiklamadi. Jahon chempionatida yana bir golsiz durang

JCh-2022. H guruhi. 1-tur
Urugvay – Janubiy Koreya 0:0

Urugvay – Rochet, Kaseres, Godin, Ximenes, Olivera (Vinya, 79), Varela, Vesino (de la Krus, 78), Bentankur, Valverde, Pelistri, Suares (Kavani, 64), Nunes.
Janubiy Koreya – Kim Sin Gyu, Kim Mun Hvan, Kim Yen Gvon, Kim Min Chje, Kim Chjin Su, Chjon U Yen, Li Chje Son (Son Chjun Xo, 75), Xvan In Bom, Son Hyon Min, Hvan Iy Chjo (Chjo Gyu Son, 74), Na San Xo (Li Kan In, 75).
Ogohlantirishlar: Kaseres (57), Chjo Gyu Son (88). 

Urugvay Qatarga yo‘llanmadan mahrum bo‘lib, jiddiy va chuqur inqirozga tushib qolishi ham mumkin edi. O‘n yildan ortiq vaqt davomida jamoani yuqori saviyada o‘ynatgan Oskar Tabares ketgan, jamoa o‘yini o‘ta zerikarli va g‘oyasiz bo‘lib qolgan, yirik turnirlarda ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga uchralmoqda. Afsonaviy mutaxassis bilan xayrlashgach, urugvayliklar saralash turnirida besh turda birgina gol urishdi va qatorasiga to‘rt o‘yinda yutqazishdi.

Diyego Alonso saralash turnirida yettinchi o‘rinda borayotgan jamoani qabul qilib oldi — bu qit’alarao o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish imkonini beruvchi zonadan ham tashqarida edi. Ammo bungacha faqat klublar bilan ishlagan 46 yoshli mutaxassis jamoani silkitdi va tarkibni yangi nomlar bilan to‘ldirib, qatorasiga to‘rt g‘alabadan keyin saralash turniri uchinchi o‘rinda yakunlandi. Aytish kerakki, hal qiluvchi davrda barcha yaxshi harakatlandi — 2010 yilgi mundialda yarimfinalga chiqqan va 2011 yil Amerika Kubogini qo‘lga kiritgan eski tarkibning yoshi o‘tgan yulduzlari ham, keyingi yillarda jamoaning asosiy futbolchilariga aylanadigan yoshlar ham.

Ko‘rinib turibdiki, Suares, Kavani, Kaseres, Muslera va jahon chempionatlaridagi eng yoshi katta urugvaylikka aylangan Godin uchun Qatardagi turnir — xayrlashuv gastroli bo‘ladi. Ko‘pchilik uchun darvozani Rochet qo‘riqlayotgani ajablanarli bo‘lishi mumkin, chunki urugvayliklar so‘nggi bor 2002 yilgi jahon chempionatida Musleradan boshqa darvozabon bilan ishtirok etgandi.

Endi Bentankur va Valverde — o‘rta liniyaning asosiy figuralari, hujum uchligida esa Nunes va «MYu» uchun hozircha faqat ichki kuboklarda maydonga tushgan 20 yoshli Pelistri harakatlanmoqda. Urugvay boshqaruvidagi dastlabki o‘yinlarida yillar mobaynida sinovdan o‘tgan 4-4-2 sxemasidan foydalanishda davom etgan Alonso asta-sekinlik bilan 4-3-3 sxemasiga o‘ta boshladi.

Lekin jamoa o‘yini radikal o‘zgardi deyish mubolag‘a bo‘ladi. Katta ehtimol bilan, to‘liq qayta qurish natijalari haqida keyingi Amerika kubogiga borib gapirish mumkin, ammo saralash bosqichining dastlabki qismi bilan solishtirganda urugvayliklarning o‘yini ancha yangilangan. Va jamoaning aksar futbolchilari yoshi futbol mezonlariga ko‘ra ancha katta bo‘lsa ham tezkor koreyslar to‘xtovsiz yugurishiga imkon berilmadi.

Birinchi bo‘lim davomida janubiy amerikaliklar faqat bir marta raqibning xavfli hujumini o‘tkazib yubordi, ammo Hvang Iy Jo o‘n metr masofadan turib to‘pni to‘sin ustidan o‘tkazib tepdi.

Urugvayning an’anaviy ustunliklari esa yo‘qolib qolmadi. Tezkor qarshi hujumlardan birini sheriklari uchun noqulay pas bergan Olivera yo‘qqa chiqardi. Xavfli standart vaziyatlar Tabaresning eng yaxshi davrlarini yodga solib yubordi. Ammo Godinning zarbasini darvoza ustuni qaytardi, boshqa bir vaziyatda Nunes Pelistrining ajoyib pasini golga aylantira olmadi.

Agar bu vaziyatlardan hech bo‘lmaganda birortasi gol bilan yakunlanganida o‘yin ochiqroq kechishi mumkin edi. Ammo, ehtimol, urugvayliklarga Suaresning avvalgi samaradorligi yetishmadi. Luis bu o‘yinda asosan pressinglardagi ishtiroki bilan ajralib turdi. Uning hozirgi darajasi «Nasonal» bilan milliy chempionatda g‘olib bo‘lish uchun yetarli, ammo jahon birinchiligi uchun bu yetarli emas. O‘z navbatida koreyslar asosiy yulduzi Son Xin Min ham o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi.

«Tottenhem» forvardi yuzidagi jarohat tufayli operatsiya qilingach, avvalgi formasiga hali qaytmagan. Muxlislar balki Ganaga qarshi o‘yinda odatiy Sonni ko‘rishlari mumkin. Suares esa Portugaliyaga qarshi o‘yinda foydali harakatlar qila oladimi? Bu qariyb ritorik savol, chunki jarohatidan forig‘ bo‘lgan Kavani o‘ziga ajratilgan qisqa muddatda yaxshiroq harakat qildi.

Bu o‘yinda tarkibida 35 yoshdan oshgan to‘rt nafar futbolchisi harakat qilgan Urugvay g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Bu o‘yinda ikki tomon ham g‘alabaga haqli emasdi. Shu bilan birga mag‘lubiyatga ham. Raqiblar bir-biriga munosib bo‘lib chiqdi, masalan osiyoliklar yarimhimoyachisi Hvang In Bom hech bir jabhada Valverdedan ortda qolmadi. Lekin «Real» havbeki o‘yin oxirida jamoasiga g‘alaba keltirishi mumkin edi, ammo yillar o‘tib darvoza ustuniga tekkan zarbalarni emas, faqat gollarni eslab qolishadi. Yo‘qsa — o‘yin o‘tadi va unutiladi. Ikki jamoa ham pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlab qolmoqda.

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top