13:27 / 06.12.2022
6149

Latviya «Dojd» telekanalining efirga chiqish litsenziyasini bekor qildi

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy kengashi rahbari Ivar Abolinshning aytishicha, «Dojd» «milliy xavfsizlik va jamoat tartibiga tahdid tufayli» litsenziyasidan mahrum qilingan. Telekanal 8 dekabrdan boshlab Latviyada translatsiyasini to‘xtatadi. 

Foto: RIA Novosti

Latviya Rossiyaning «Dojd» telekanalining efirga chiqish litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda 6 dekabr, seshanba kuni Latviya Elektron ommaviy axborot vositalari milliy kengashi rahbari Ivar Abolinsh xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror «milliy xavfsizlik va jamoat tartibiga tahdid munosabati bilan» qabul qilingan. «Dojd» 8 dekabr kuni Latviyada translatsiyasini to‘xtatadi.

«Qonunbuzarliklarning umumiy hajmini baholar ekan, NEPLP «Dojd» rahbariyati qonunbuzarliklar ahamiyati va jiddiyligini tushunmaydi, shuning uchun Latviya hududida ishlashi mumkin emas, degan xulosaga keldi», dedi Abolinsh Leta agentligiga. O‘zining Twitter mikroblogida u «Latviya qonunlariga hamma rioya qilishi va hurmat qilishi shart», deb qo‘shimcha qilgan. 

«Dojd» telekanali Ukrainada urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib Rossiyada bloklandi va boshqa ko‘plab mustaqil ommaviy axborot vositalari kabi o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Iyun oyida «Dojd» bir qator mustaqil rus nashrlari jurnalistlari ko‘chib kelgan Latviyada translatsiya qilish uchun litsenziya olgani ma’lum bo‘ldi. Iyul oyida telekanal translatsiyani qayta boshlaganini e’lon qilgan edi. 

Bir necha kun oldin Latviya hukumati telekanalga qarshi qator e’tirozlarini ilgari surdi. Xususan, NEPLP Rossiyaning bir qismi sifatida Qrim bilan xaritani efirga uzatganligi, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlariga nisbatan «bizning armiyamiz» so‘zlarini ishlatgani uchun «Dojd» telekanaliga 10 000 yevro miqdorida jarima soldi. Shu bilan birga, NEPLP bu telekanalga qarshi birinchi e’tiroz emasligini ta’kidladi. 

Latviya mudofaa vaziri Artis Pabriks teleboshlovchi Aleksey Korostelev efirda xato gapirgani uchun telekanal xodimlarining yashash uchun ruxsatnomalarini bekor qilishga chaqirdi. Uning kanal «frontga» safarbar qilingan ruslarga «yordam berishi mumkin» degan iborasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’noda talqin etildi - Moskvaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligiga yordam berishning dalili sifatida. Latviya Davlat xavfsizlik xizmati «Dojd»ga nisbatan tergov boshladi. 

Mavzuga oid
Top