19:10 / 09.12.2022
8449

«Dinimizda pora beruvchi ham, oluvchi va vositachi ham la’natlangan» - Muftiy korrupsionerlarni boshqalarning mulkini yeyish gunohidan ogohlantirdi

«Pora nima deb atalmasin, baribir poraligicha qolaveradi Hozir hech kim bilmayapti deya odamlarni aldab, tanishlarim orqali qonunni chetlab o‘tyapman, deb o‘ylashimiz mumkin. Qiyomatda bunday bo‘lmaydi. Alloh taolo qo‘limizga hamma narsa yozilgan kitobimizni berganida «dod» deymiz, lekin hech narsa qilolmaymiz», – deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov taraqqiyot kushandasi va jamiyatni ichidan yemiradigan ofat – korrupsiya illatidan saqlanish haqida yurtdoshlarimizga murojaat qildi.

«Poraxo‘rlik diniy manbalarimizda «rishva» deb nomlanib, birovning foydasiga hukm qilish yoki istagini amalga oshirish uchun ish egasiga biror narsa berishga aytiladi. Rishva so‘zi «rashaa»dan olingan bo‘lib, jo‘ja yegulik ilinjida o‘z onasiga bo‘ynini cho‘zishiga aytiladi. Xuddi shuningdek, poraxo‘r ham o‘zi haqli bo‘lmasa-da odamlardan biror narsa olish ilinjida qo‘li va bo‘ynini cho‘zadi. Poraxo‘rlik Qur’oni karim, hadisi sharif va ulamolarning ijmosiga ko‘ra harom ish va katta gunoh hisoblanadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: «Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq yemanglar. Bilaturib odamlarning mollaridan bir qismini yeyish maqsadida gunoh yo‘l bilan uni hokimlarga uzatmanglar» (Baqara surasi, 188-oyat).

«Mollarni nohaq yeyish»ga pora berish va olish, o‘g‘rilik qilish, omonatga xiyonat qilish, firibgarlik, foiz olish, qarzga narsa olib, undan tonish, zo‘rlik bilan tortib olish, qimorda yutib olish, o‘lchov va tarozidan urish, odam savdosi, sehr va folbinlik bilan pul topish, nojoiz tijorat bilan molni qo‘lga kiritish kiradi. Yuqoridagi usullar orqali mol topish shariatda harom qilingan.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar» (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Bugun jamiyatda shu uchalasidan biri bo‘lib qolish ko‘paydi. Agar hammamiz ham Allohdan qo‘rqib, hadisga amal qilib, pora berish va vositachilikdan ham to‘xtasak, jamiyatda inshalloh, bu muammo yo‘qoladi. Rasululloh alayhissalom la’natlagan bu ish qanchalik og‘irligini tasavvur qilishimiz kerak».

Muftiy, shuningdek, pora olayotganlar uni hadya deb, o‘zini oqlashga harakat qilsa ham u gunohligicha qolaveradi.

«Shuni yaxshi bilishimiz kerakki, pora nima deb atalmasin, baribir poraligicha qolaveradi. Ba’zan pora olayotganlar uni «hadya», «sovg‘a» deb, o‘zini oqlashga, «yo‘l» topib olishga odatlangan bo‘ladi. Beruvchilar ham doimo «ko‘ngildan chiqdi», «atab qo‘yganmiz», «ehson» kabi «chiroyli» so‘zlar bilan o‘zining qabih amallarini «bo‘yab», uni ro‘yobga chiqarishga harakat qiladi. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, Islomda «hadya» so‘zi ham aniq ta’rifga ega bo‘lib, u biror insonga foydalanish maqsadida savobdan boshqa hech qanday manfaatni ko‘zlamay berishdir. Hadyaning zamirida odatda, odamlarning mehr-u muhabbatini qozonish, ularga bo‘lgan hurmatni ifodalash kabi ezgu maqsadlar yotadi. Shu bilan birga, hadya oluvchidan biror narsani nohaq undirishni niyat qilmaydi. Bir so‘z bilan aytganda unda g‘araz va tama bo‘lmaydi!» – deydi Nuriddin Xoliqnazarov.

«Demak qattiq gunohlardan biri bir-birlarining molini botil yo‘l bilan yeyishdir. Qanday qilib bo‘lsa ham: tarozidan uradimi, poraxo‘rlik bo‘ladimi, tamagirlik bo‘ladimi, rozi qilmasdan birovning molini yesa – botil yo‘l bilan yeyayotgan bo‘ladi. Qiyomatda buning uchun javob beradi. Albatta bir kun bu dunyodan o‘tib, Allohning huzuriga boramiz. Hech kim bilmayapti, odamlarning ko‘zini aldab, qonunni chetlab o‘tib ketyapman, tanish-bilishim bilan hammasini hal qilib ketyapman, deb o‘ylashimiz mumkin.

Qiyomatda bunday bo‘lmaydi. Alloh taolo qo‘limizga hamma narsa yozilgan kitobimizni berganida «dod» deymiz, lekin hech narsa qilolmaymiz. O‘shanda bir-birlarimizga haqqimizni olib bermasdan turib, Alloh bizni hisob-kitob qilmaydi. Zolimning savoblaridan mazlumga olib beriladi. Savoblar yetmasa, haqdorning gunohlari mazlumga o‘tadi. Qiyomatda ahvolimiz voy bo‘lmasligi uchun, botil yo‘l bilan pul topishdan saqlanishimiz kerak», – deydi muftiy o‘z murojaatida.

Top