12:57 / 21.12.2022
70745

Benzin narxi 4300 so‘mga tushishi va yengil mashinalardan gaz yechilishi haqida xabarlar tarqaldi, Energetika vazirligi izoh berdi  

Ijtimoiy tarmoqlarda transport vositalariga o‘rnatilgan suyultirilgan gaz ballonlari yechib olinishi, hamma avtomobillar benzinga o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, har ikki xabar ham yolg‘on. 

Foto: Getty Images

Telegram kanallarida benzin narxi tushishi va yengil avtomobillardan gaz yechilishi haqida xabarlar aylanib yuribdi. 

Xabarga ilova qilingan audioda aytilishicha, yengil mashinalardan gaz yechilib, faqat yuk mashinalari va avtobuslar gazda yuradi. 

“Metan allaqachon “otmen” bo‘lyapti. Benzinning eng past narxi 4300-4400 so‘m bo‘ladi”, – deyiladi tarqalgan ovozli xabarlarda. 

U norasmiy manbasi metandan umid uzishini aytgani, viloyatlarda yengil mashinalardagi metan portlashlari tufayli gaz bekor bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. 

Kun.uz tarqalgan xabarlar yuzasidan Energetika vazirligidan izoh oldi. Vazirlik matbuot xizmati audiodagi xabarlar yolg‘on ekanini ma’lum qildi. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 4 dekabridan boshlab Toshkent shahrida metan shoxobchalar vaqtincha yopildi. Bunga aholi iste’mol qiladigan va isitish tizimida foydalaniladigan tabiiy gaz bosimi pasayib ketgani sabab bo‘ldi. 

13 dekabrdan boshlab Toshkentdagi “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirildi. Buning ortidan “zapravka”larda uzundan uzoq navbatlar kuzatildi.  

Avvalroq Navoiydagi “metan-zapravka”da 1,5 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlangani ma’lum qilingandi. Andijonda esa avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga mashinalarni navbatsiz kiritayotgan shaxslarga qamoq jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top