13:12 / 21.12.2022
3454

Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha tashabbusi BMT Xavfsizlik kengashida taqdim etildi

BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishida O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari, muvaqqat ishlar bo‘yicha vakil Nurulla Abdullayev mamlakat tomonidan Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Hindiston raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq yig‘ilishda BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligi va ko‘magida Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, jahon hamjamiyati talablarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni ushbu davlat hokimiyat organlari bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish tashabbusi taqdim etildi.

Xavfsizlik kengashi a’zolariga O‘zbekistonning Afg‘onistondagi amaldagi rasmiy organlar bilan o‘zaro hamkorligi samarali tajribasi haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston “Tolibon” harakati bilan muloqot orqali so‘nggi 25 yil ichida birinchi marta shimoliy viloyatlarda qizlar uchun maktablar ochishga, Pokiston dengiz bandargohlariga va Afg‘oniston orqali yuk tranzitini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. O‘tgan 10 oy davomida mazkur tranzit yo‘nalishi bo‘yicha har ikki yo‘nalishda 600 ming tonnaga yaqin yuk tashilgan bo‘lib, hech qanday xavfsizlik hodisasi kuzatilmaganiga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga afg‘on mutaxassislari va talabalarini, ayollarni o‘qitish hamda kasbga yo‘naltirish, elektr ta’minoti, muvaffaqiyatli amalga oshirilgan infratuzilma loyihalari, afg‘on xalqiga favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatish, afg‘on xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha respublika tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam haqidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Termiz shahridagi ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali ushbu yo‘nalishdagi xalqaro sa’y-harakatlar muvofiqlashtirilayotgani qayd etildi. Ushbu xabga BMT shafeligida xalqaro maqom berish taklifi bildirildi.

Afg‘on xalqi hech qachon urush qilmagani, ular barchasi afg‘on zaminiga tashqaridan olib kelingani alohida ta’kidlandi. Jahon hamjamiyati afg‘onlar taqdiri, bu mamlakat kelajagi uchun ma’naviy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu mamlakat qayta izolyatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, afg‘on xalqini mamlakatda tobora og‘irlashib borayotgan gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan yolg‘iz qoldirmaslik kerakligi bildirildi.

Top