11:54 / 28.12.2022
13796

Putin Rossiya neftiga yuqori narx chegarasi kiritilishiga munosabat bildirdi

Narxlarni cheklash mexanizmidan foydalanishni nazarda tutuvchi shartnomalar bo‘yicha Rossiya neft va neft mahsulotlarini xaridorlarga yetkazib bermaydi.

Foto: Reuters

27 dekabr, seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya nefti va neft mahsulotlariga narxlarning yuqori chegarasini joriy qilishiga javob choralari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Gap Rossiya nefti va neft mahsulotlarini chet ellik xaridorlarga yetkazib berishni taqiqlash haqida boryapti, yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita narxlarni cheklash mexanizmidan foydalanish nazarda tutilgan. Shuningdek, farmonga muvofiq sotish taqiqlangan mahsulotlarni yetkazib berish amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan, ammo faqat Rossiya prezidentining maxsus qarori asosida. Narxlar chegarasini nazarda tutuvchi shartnomalar bo‘yicha Rossiya neftini yetkazib berishni taqiqlash 2023 yil 1 fevraldan kuchga kiradi va 1 iyulgacha amal qiladi.

G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya neftiga narxlarning yuqori chegarasini joriy etishi Rossiya budjetining energiya resurslarini sotishdan tushadigan daromadlarini cheklashga qaratilgan. O‘rnatilgan cheklovlar yordamida G7 a’zolari va Avstraliya jahon energetika bozorini barqarorlashtirish va Ukrainadagi urush oqibatlarining eng qashshoq mamlakatlarga salbiy ta’sirini yumshatishni istaydi, deyiladi tomonlar 2 dekabr kuni e’lon qilgan bayonotda.

5 dekabr kuni G7 mamlakatlari Rossiyadan kelib chiqqan neftni dengiz orqali tashish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator xizmatlar, jumladan, yuk tashish sug‘urtasi va savdoni moliyalashtirishni ko‘rsatishga taqiq joriy qildi. Shu bilan birga, bir barrel uchun 60 dollardan past narxda sotiladigan neft zaxiralari embargodan ozod qilinadi. Rossiya neft mahsulotlari uchun ham xuddi shunday cheklovlar 2023 yil 5 fevraldan kuchga kiradi. Hozircha ular uchun maksimal narx e’lon qilinmagan.

Narxlarni cheklash mexanizmining ishlashi 2023 yil yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab har ikki oyda bir marta ko‘rib chiqilishi va Xalqaro energiya agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida hisoblangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarining o‘rtacha bozor narxidan kamida 5 foizga past bo‘lishi nazarda tutilmoqda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top