2022 yilgi Ukraina dahshatlari. Urushning muhim 9 pallasi suratlarda
24 fevraldan buyon «Meduza» fotomuharrirlari har kuni bu urushning eng asosiy kadrlarini taqdim etib kelishmoqda. Bu suratlarning mualliflari oldingi chiziqlarda, doimiy otishmalar ostida ishlab, ozod etilgan shaharlarga birinchilardan bo‘lib kirib, bu joylarda Rossiya istilosining dahshatli oqibatlariga guvoh bo‘lishmoqda. Kelgusida urush aynan shu fotosuratlar asosida o‘rganiladi. Quyida Rossiya bosqinining asosiy to‘qqiz voqeasi ukrainalik fotomuxbirlar nigohida.
Urushning ilk haftalari. Maksim Levin
2006 yildan boshlangan faoliyati davomida Maksim Levin Ukrainaning «Levyy bereg», «Gromadske» nashrlari va UNIAN agentligi uchun suratlar olgan, BBC, Associated Press va Reuters bilan hamkorlik qilgan, BMT uchun ham foto va videoloyihalar tayyorlab bergan.
2022 yilda Levin dastlab Xarkiv mudofaasini hujjatlashtirdi, keyin Kiyev oblastiga ketdi va shiddatli janglar kechayotgan vaqtda Bucha, Borodyanka hamda Irpinda bo‘ldi.
13 mart kunidan Levin aloqaga chiqmay qo‘ydi. 2 aprel kuni «Levyy bereg» tahririyati fotografning jonsiz tanasi Kiyev atrofidagi Guta-Mejigorskaya qishlog‘idan topilganini xabar qildi. «Chegarasiz muxbirlar» xalqaro tashkiloti o‘z mustaqil surishtiruvini o‘tkazib, Maksim Levin va unga hamrohlik qilgan ukrainalik askar Aleksey Chernishov rossiyalik harbiylar tomonidan o‘ldirilganini aniqladi — ular avval qiynoqlar ostida so‘roq qilingan bo‘lishi mumkin.
Versiyalardan biriga ko‘ra, rossiyaliklar fotografni askar deb o‘ylab, o‘t ochgan bo‘lishi mumkin, keyin uning tanasi va mashinasini yoqib yuborishgan. Boshqa versiyaga ko‘ra — rossiyalik harbiylar Levin va Chernishov ketayotgan avtomobilni to‘xtatgan, ularni so‘roq qilish uchun o‘rmon ichkarisiga olib ketgan, keyin ularni o‘ldirib, izlarni yashirish maqsadida o‘t qo‘yishgan.
Mariupol qamali. Yevgeniy Maloletka
Yevgeniy Maloletka 2009 yildan buyon fotokorrespondent sifatida faoliyat olib boradi. 2013–2014 yillarda u Yevromaydanni tasvirga olgan.
Maloletka va uning sherigi, videojurnalist Mstislav Chernov keng ko‘lamli bosqinning ilk soatlaridan Mariupolda bo‘lishgan. Yigirma kun mobaynida ular shahar o‘qqa tutilishi oqibatlari, turar joy binolariga zarbalar, mahalliy shifoxonalardagi shifokorlar ishini tasvirga olishgan. Bu davrni fotograf «vaqt o‘tgan sayin vaziyat tobora yomonlashib borgan adoqsiz kun» deb atagan.
Maloletka o‘zining, balki urush davridagi eng asosiy suratlarni Mariupol tug‘uruqxonasida olgan. U shuningdek mahalliy aholi vakillari qamal chog‘ida otishmalardan, ochlik va kasalliklardan vafot etgan yaqinlari hamda qo‘shnilarini ko‘mishga majbur bo‘lgan birodarlik qabristonlarini ham tasvirga muhrlagan.
Sentyabr oyida Maloletka Ukrainadagi ishlari uchun fotojurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri — Visa dʼor News («Yangiliklar oltin vizasi») bilan taqdirlandi. The Guardian esa uni agentliklar uchun ishlagan yil fotografi (Agency photographer of 2022) deb topdi.
Xarkiv metrosi. Pavel Dorogoy
Xarkivlik Pavel Dorogoy urushga qadar hujjatli va arxivlashtirish fotografiyasi bilan shug‘ullanib, o‘zi tug‘ilgan shahar arxitekturasini tasvirga olgan. Keng ko‘lamli bosqin boshlangach, Dorogoy Xarkivda qoladi va ro‘y berayotgan hodisalarni obektivga muhrlaydi. Uning ishlarining bir qismi otishmalar chog‘ida shahar aholisi uchun boshpanaga aylangan metrodagi holatga bag‘ishlanadi. Fotograf Xarkivdagi yer osti boshpanalaridagi holatni shunday tasvirlagan:
Bu o‘ziga xos tartiblariga ega «shahar ichidagi shahar»ga aylandi. Soat oltida germetik darvoza ochiladi va odamlar ko‘chaga chiqishadi — kimdir uyga, kimdir ishga yo‘l oladi. Kechqurun ularning aksari yana qaytib keladi, chunki uyda qolish qo‘rqinchli.
Mart oyida mening otam va oilasi yashagan bekatda 500 ga yaqin kishi tunagan, ayrim stansiyalarda esa bir yarim mingdan ikki minggacha xarkivlik yashagan. Odamlar vaqt o‘tgan sayin o‘zlari uchun yer ostida yashash sharoitlarini yaratib olishdi, yig‘ma karavotlar (raskladushka), palatkalar, adyollar keltirishdi. Metroda sovuq — 15 daraja — va yelvizak edi. Barcha qalin kiyimlarda va ko‘rpa-to‘shakka o‘ranib yotardi. Tok hamisha yoniq turgan va shovqin tinmagan. Vagonlardan ham uxlash uchun foydalanishgan — ular «VIP-joylar» sanalgan.
Men uchun eng qizig‘i ekstremal sharoitlarda kundalik hayot tarzi qanday davom etayotganini kuzatish edi: odamlar taom tayyorlashar, pedagoglar bolalarni o‘qitish uchun kelishar, kimdir nimadir o‘qib o‘tirar, kimdir to‘qish bilan band, yana kimdir manikyur qilardi.
Bucha. Mixaylo Palinchak
2014 yilda Maydanda ishlagan Mixayl Palinchak prezident Petro Poroshenkoning shaxsiy fotografiga aylanib, bir necha yil mobaynida uni turli davlatlardagi diplomatik uchrashuvlarda suratga oladi. 2019 yilda Time jurnalida uning xalqaro muzokaralar olib borilgan xonalarda qilingan ajoyib fotosessiyasi e’lon qilinadi — unda NATO sammitlaridan tortib, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumigacha aks etgan.
2022 yil 24 fevralidan Palinchak Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini oqibatlarini qayd etishga kirishadi. U urushning ilk kunlaridagi evakuatsiya jarayonini, boshpanalardagi odamlarni, hududiy mudofaa kuchlari jangchilarining tayyorgarlik ko‘rishini tasvirga oladi — va ozod etilgan Buchaga birinchilar qatorida kiradi. Rossiya qo‘shini shahardan mart oyi oxirida chekingandi. Ukrain harbiylari shaharga kirganida esa bu yerda o‘ldirilgan yuzlab tinch aholi vakillari jasadlari ustidan chiqadi — ko‘p jasadlar qo‘li bog‘liq holda ko‘chalarda yotardi. BBC rus xizmatining avgust oyida bergan ma’lumotiga ko‘ra, Buchada rossiyaliklarning bir oylik istilosi chog‘ida mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan.
May oyida ushbu fotografning suratlari Venadagi «Urush musibatlari. Goyya va bugungi kun» ko‘rgazmasida Goyyaning urushga qarshi kartinalari bilan bir qatorda namoyish etiladi. Iyun oyida esa «Meduza»da uning urush Kiyev va uning atrofidagi hududlarini qanday o‘zgartirgani to‘g‘risidagi fototarixi chiqqandi.
Oleksandr Yermochenko — Reuters agentligining 2014 yildan buyon Rossiya-Ukraina mojarosini kadrlarga qayd etib keluvchi fotokorrespondentidir. Shuningdek, Yermochenko — G‘arbdagi axborot agentliklarining «DXR» va Rossiya nazoratidagi hududlarda ishlagan yagona fotografi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish vaqtida u tinch aholi vakillariga alohida e’tibor qaratadi — «chunki bu tomon odamlari ham o‘z ovoziga ega».
2022 yil iyun oyi boshida Yermochenko Severodonetskka boruvchi yo‘lda operator Pavel Klimov bilan birga yaralanadi. O‘shanda ular ketayotgan avtomobil o‘qqa tutilgan, haydovchi halok bo‘lgandi. Fotograf va operatorga hujum ro‘y bergan joyga yaqin joylashgan Rubijneda tibbiy yordam ko‘rsatiladi va oy oxiriga kelib Yermochenko yana ishga qaytadi.
Severodonetsk mudofaasi. Oleksandr Ratushnyak
Ukrainalik fotograf Oleksandr Ratushnyak 2014 yildan buyon mojaroni yoritib keladi. 24 fevraldan keyin u ukrainlar onlayn-mediasi «Levyy bereg» bilan, shuningdek G‘arbdagi Reuters, Associated Press va EPA (European Press Agency) agentliklari bilan hamkorlik qila boshladi.
Ratushnyak — urushni o‘qqa tutilayotgan shaharlardan emas, oldingi chiziqdagi harbiy bo‘linmalar safida turib yoritayotgan kam sonli fotograflardan biridir. Shu tufayli u Luhansk oblastining Severodonetsk shahri mudofasini kadrlarga muhrlashga muvaffaq bo‘ldi. 25 iyun kuni uch oy davom etgan og‘ir janglardan keyin shahar to‘lig‘icha «LXR» kuchlari nazoratiga o‘tgandi.
Xarkiv oblastidagi kuzgi qarshi hujum. Konstantin Liberov
Odessalik Konstantin Liberov va uning rafiqasi Vlada tinchlik davrida to‘ylarni s’yomka qilish bilan shug‘ullanishgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, ushbu juftlik ozod etilgan shaharlarda va front chizig‘ida ro‘y berayotgan hodisalarni tasvirga olishga kirishdi va bir necha bor zarbalar ostida qolishdi. Xususan, o‘zlarining so‘zlariga ko‘ra, ular mart oyi oxirida Rossiya qo‘shini chekingach, Bucha va Irpinga birinchilardan bo‘lib kirishgan. Ularning suratlarini bir necha bor prezident Volodimir Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida ishlatgan.
«Slujba podderjki» bilan suhbatda Vlada o‘zi va erida hech qachon «dokumentalist bo‘lish ambitsiyalari» bo‘lmaganini tan olgan, ammo ular urushda ko‘rgan-kechirganlaridan keyin to‘ylar fotografiyasiga qaytishni rejalashtirmayapti.
Kiyev yoppasiga o‘qqa tutilishi. Gleb Garanich
Reuters agentligi fotografi Gleb Garanich faoliyatini 1991 yilda boshlagan — u dastlab Moskvadagi avgust isyoni voqealarini kadrlarga muhrlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uning ilk bor chindan xavfli sharoitga tushib qolishi edi. Shundan keyin u Iroq (2003–2011) va Gruziyadagi (2008) urush voqealarini tasvirga oladi, shuningdek 2006 yilda Minskda bo‘lib o‘tgan namoyishlarni yoritadi, Chernobildan fotoreportaj tayyorlaydi hamda 2013 yil noyabrida maydandagi talabalar namoyishi tarqatilishini kadrlarga muhrlaydi, bu aksiya keyinchalik inqilob boshlanishiga turtki bo‘lgandi.
Keng ko‘lamli urush boshlangach fotograf asosan Kiyevda bo‘layotgan voqealarni hujjatlashtirish bilan shug‘ullanmoqda —masalan, bahor boshida rossiyaliklarning poytaxtga hujumlari hamda 10 oktyabr kuni, Qrimdagi portlashga javoban Rossiya tomonidan boshlangan yoppasiga raketa zarbalari oqibatlarini. Ukraina IIVga ko‘ra, o‘sha kuni shaharda portlashlar oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, yana 97 kishi jabrlangandi.
Ozod etilgan Xerson. Valentin Ogirenko
Kiyevlik fotograf Valentin Ogirenkoning birinchi ish kunidagi topshirig‘i 2008 yilda ukrain ayollari harakati bo‘lmish Femen harakati aksiyasini tasvirga olish bo‘lgandi — uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u o‘zining har qadamini o‘ylash va tezda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgangandi. 2014 yildan Ogirenko Reuters agentligi uchun suratlar oladi. Uning ishlari orasida —Kiyevda 2014 yilda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tasvirlari hamda jurnalist Arkadiy Babchenkoning 2018 yil mayidagi sahnalashtirilgan qotilligidan keyingi matbuot anjumani kadrlari bor.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Ogirenko Kiyevdagi tug‘uruqxona yerto‘lasida yashiringan ayollar va ularning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarini, shuningdek, Mikolayivda otishma oqibatlarini tasvirga oldi. Shuningdek Ogirenko noyabr oyida ozod etilgan Xerson shahriga yetib borgan ilk fotograflardan biri bo‘ladi.