14:26 / 09.01.2023
8799

YeXHT rahbari Rossiya tashkilotdan chiqarib yuborilishiga qarshi chiqdi

Rossiya bilan diplomatik kanallar kelajakda foydali bo‘ladi va ularni saqlab qolish Moskva pozitsiyasi bilan kelishishni anglatmaydi, dedi YeXHT rahbari Helga Mariya Shmid Die Welt nashriga bergan intervyusida.

Helga Mariya Shmid / Foto: AP

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bosh kotibi Helga Mariya Shmid Rossiyaning tashkilotdan chiqarib yuborilishiga qarshi chiqdi. «O‘ylaymanki, bugungi vaziyat nuqtayi nazardan Rossiya YeXHT a’zosi bo‘lib qolishda davom etishi mantiqan to‘g‘ri», dedi u 9 yanvar, dushanba kuni chop etilgan Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida. «Bir kun kelib bizga yana aloqa kanallari kerak bo‘ladi», dedi Shmid. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatik kanallarning saqlanib qolishi tashkilot Moskva pozitsiyasiga qo‘shiladi, degani emas. YeXHT Yevropa xavfsizlik arxitekturasida muhim rol o‘ynaydigan barcha tomonlar bir stolda o‘tirayotgan yagona xavfsizlik tashkilotidir, deya qo‘shimcha qildi nemis diplomati. 

Uning eslatishicha, YeXHT sovuq urush davrida turli manfaatlarga ega bo‘lgan, ammo vaziyatning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilgan davlatlar tomonidan yaratilgan. Bundan tashqari, Yevropa kengashidan farqli o‘laroq, YeXHTda Rossiya Federatsiyasini chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan mexanizm yo‘q, dedi u. Shu tariqa Shmid Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyani YeXHTdan chiqarib tashlash zarurligi bo‘yicha chaqirig‘ini rad etdi. 

YeXHT 1,3 milliard aholiga ega 57 davlatdan iborat. 2022 yildan beri Rossiya tashkilotning budjetini bloklab kelmoqda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top