18:23 / 11.01.2023
6128

Toshkent viloyatidagi tekstil sexida yirik yong‘in yuz berdi

Yong‘inni bartaraf etishga 37 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

11 yanvar kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi tekstil sexida yong‘in yuz berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.

«11 yanvar kuni soat 08:05 da Toshkent viloyati Zangiota tumani «Gulzor» MFY Yoshlik ko‘chasida joylashgan tekstil sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushdi.

Shunga asosan yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 08:20 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:05 da qurshab olingan va soat 15:05 da bartaraf etilgan. Yong‘inni bartaraf etishga 37 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in sodir bo‘lgan manzilgacha masofa taxminan 15 kilometrni tashkil etadi.

Yong‘in natijasida binoning 2-3 qavatlardagi 2900 kv.m ishlab chiqarish maydonlari, uskunalar va unda saqlanayotgan tayyor hamda yarim tayyor trikotaj mahsulotlari yonib zararlangan. Shuningdek, yong‘indan binoning 11 500 kv.m maydoni saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», deyiladi rasmiy xabarda.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi FVV rahbariyati, viloyat va tuman FVB rahbariyati chiqqan.

Mavzuga oid
Top