18:39 / 14.01.2023
39439

Turkmaniston prezidenti «Turkmengaz» rahbariga qattiq tanbeh berdi

Serdar Berdimuhamedov «Turkmengaz» rahbariga oxirgi ogohlantirish bilan qattiq tanbeh berdi. Buning sababi batafsil keltirilmagan. 12 yanvar kuni Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan edi.

Foto: AP

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov «Turkmengaz» davlat konserni raisi Botir Amanovga «xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi, ishdagi jiddiy kamchiliklari uchun» qattiq tanbeh berdi.

«Qisqa muddatda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha oxirgi ogohlantirish bilan qattiq tanbeh e’lon qilindi», deyiladi Turkmaniston TV efiridagi Watan axborot dasturida.

Turkmaniston prezidenti kamchiliklar qisqa muddatda bartaraf etilmasa, u egallab turgan lavozimidan ozod etilishini ta’kidlagan. Bu so‘nggi ikki oy ichida Amanovga berilgan ikkinchi tanbehdir.

Xabarda «Turkmengaz» rahbari aynan qaysi vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi, qanday jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani haqida batafsil keltirilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov Ashxobodga tashrif buyurib, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashdi.

Safar chog‘ida O‘zbekistonga qo‘shimcha ravishda kuniga 20 mln kub metr gaz berish (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) bo‘yicha kelishuvga erishilgan va shartnoma imzolangan edi.

12 yanvar kuni «Turkmengaz» tomonidan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi. Bunga «Galqinish» gaz konidagi ichki kommunikatsiyalarda gidrat to‘planishi sabab bo‘lgan, deb yozdi Gazeta.uz. Gaz yetkazib berilishining qachon tiklanishi ma’lum emas.

Top