20:50 / 16.01.2023
7831

Ilon Mask Instagram'ning asosiy kamchiligini aytdi 

Twitter bosh direktori Ilon Mask Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi fotosuratlarni ko‘rish orqali tushkunlikka tushish mumkinligini aytdi. 

Foto: AFP

Twitter rahbari Ilon Mask Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi fotosuratlarni ko‘rish odamlarni tushkunlikka solishini aytdi. Bu haqda Business Insider xabar berdi. 

«Instagram odamlarni tushkunlikka soladi, Twitter esa ularni g‘azablantiradi. Qaysi biri yaxshiroq?» deb yozdi milliarder. Bunga javoban foydalanuvchilardan biri Twitter o‘zini g‘azabga solmasligini, balki ko‘proq kuldirishini ma’lum qildi. Biznesmen esa o‘zi ham Twitter postlarini o‘qib, ko‘p kulishini aytdi. 

Maskning aytishicha, Instagram'ning asosiy kamchiligi «odamlar hayotini xuddi yaxshilangandek ko‘rsatishidir». Uning fikricha, Instagram odamlarni o‘zini yaxshiroq va baxtliroq ko‘rsatishga majburlaydi. 

«Foydalanuvchilar chiroyli va baxtiyor odamlarni ko‘rib, o‘zini unchalik chiroyli va baxtiyor emasdek his qilishi mumkin. Bundan o‘zini g‘arib degan xulosaga borishadi», deb qo‘shimcha qildi Twitter bosh direktori. 

Avvalroq, Ilon Mask internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlardan vaqtincha voz kechishni bilishi kerakligi haqida aytgan. Shunga qaramay, tadbirkorning o‘zi Twitter tarmog‘ida faol bo‘lmoqda va muntazam ravishda yangi tvitlarini yozmoqda. 

 

Mavzuga oid
Top