13:22 / 16.01.2023
84059

«Quruq gap bilan, yolg‘on svodka bilan pastga tushmagani uchun noinsofni ishdan oldim» - Prezident Ortiqxo‘jayev haqida

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni lavozimidan ozod etganiga tushuntirish berdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni lavozimidan ozod etganiga tushuntirish berdi. 

«Aholimiz tabiiy gaz va elektr ta’minoti, kommunal xizmatlari sifatidan jiddiy e’tirozlarini bildiryapti. Buni barchamiz ko‘rib turibmiz.

Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlarining bugungi holatga tayyor emasligini men o‘zim ham ko‘rib turibman, xalqimiz ham ko‘rib turibdi.

Hozirgi kunda poytaxtda kunlik 3 mln kilovatt cheklov o‘rnatilgani, 6 mingga yaqin ulgurji iste’molchilar gaz tarmog‘idan uzilganiga qaramay, 120 ta mahallada elektr va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘ldi. 584 ta mahalladan 120 tasida mana shunday muammolar bo‘ldi.

Birgina 15 yanvar kuni Toshkent shahridagi yettita yuqori va 524 ta past kuchlanishli transformator hamda 87 ta transformator ortiqcha yuklamalarga bardosh berolmay ishdan chiqdi. Ayniqsa Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida bir kunda yuzga yaqin avariya bo‘ldi.

Nega poytaxtda shunday bo‘ldi? Nega oldindan tayyorgarlik qilmadik? Shuncha gap gapirganimizga qaramay, Vazirlar Mahkamasi qayerga qaragan degan savol meni qiynayapti», degan prezident.

Shundan so‘ng davlat rahbari Toshkent shahri hokimi ishdan olinishi tafsilotlariga to‘xtab o‘tilgan.

«Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on «svodka» bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — dedi prezident.

Shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Abduvaliyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Ergashev hamda Uchtepa tumani hokimi Abdullayevga oxirgi marta hayfsan berilishi aytib o‘tilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yil aprelidan buyon Toshkent shahriga rahbarlik qilib kelayotgandi. Endi uning o‘rnini vaqtinchalikka birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov egallab turadi.

Top