18:30 / 17.01.2023
23134

MSK Ortiqxo‘jayev qanday hollarda senatorlikdan ketishi mumkinligini ma’lum qildi

Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olinishi ortidan u xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati hamda senatorlik rutbalarini saqlab qolish yo qolmasligi kun tartibiga chiqdi. Markaziy saylov komissiyasi Kun.uz so‘roviga javoban qanday holatlarda sobiq hokimning vakolatlari muddatidan oldin tugatilishi haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, uning hokimlik lavozimini tark etishi senator sifatidagi faoliyatiga ta’sir qilmaydi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra quyidagi hollarda senatorning vakolati muddatidan oldin tugatiladi:

  • yozma arizasiga ko‘ra;
  • senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq lavozimga o‘tganda;
  • sudning ayblov hukmi kuchga kirganda;
  • sud muomalaga layoqatsiz deb topganda;
  • bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoki vafot etganda;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
  • palata tarqatib yuborilganda.

Shuningdek, alohida hollarda deputatning, senatorning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat, senator degan yuksak nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ortiqxo‘jayev hokimlikdan ketgan bo‘lsa ham senator rutbasini saqlab qolishi mumkin. Masalan, Navoiy viloyatiga hokimlik qilgan Qobil Tursunov iste’foga chiqqanidan so‘ng maqomini saqlab qoldi va bugungi kungacha senator sifatidagi faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Yuqori palata a’zoligidan tashqari, Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati hamdir. Qonunga ko‘ra, xalq deputatlari shahar kengashining senator etib saylangan deputati vakolatlarining muddatidan ilgari tugatilishi uning senatorlik vakolatlari ham tugatilishiga olib keladi.

17 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi quruq gap bilan, yolg‘on svodka bilan pastga tushmagani uchun prezident tomonidan ishdan olingan Jahongir Ortiqxo‘jayevga shahar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va kengashni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchiligini e’lon qilgandi. Biroq keyinchalik noma’lum sabablarga ko‘ra minnatdorchilik matni kengash rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan o‘chirib tashlandi.

Top