23:11 / 19.01.2023
14752

«Toshkent ertagisi» - O‘zbekistonda kartoshkaning o‘ta ertapishar navi yaratildi 

U boshqa navlarga qaraganda 10-12 kun oldin yetiladi. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksioner olimlari kartoshkaning O‘zbekiston tuproq iqlim sharoitiga mos «Toshkent ertagisi» navini yaratishdi. 

Yangi nav boshqalaridan bir nechta ustunlik jihatlari bilan ajralib turishi ta’kidlanmoqda. Jumladan, u ultra ertapishar nav, mavjud mahalliy ertapishar navlardan 10-12 kun oldin yetiladi. Uning vegetatsiya davri ya’ni unib chiqishidan toki palak qurigunicha muddati 65-70 kundan iborat. Nav yuqori unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga bardoshli. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 221,5 ming gektar yerga kartoshka ekilgan va 3,4 mln tonna hosil olingan. Dehqonlar tomonidan kartoshkaning yangi serhosil «Surya», «Spunta», «Ranomi», «Passion», «Malis», «Luizana», «Orea va Konstanse» kabi yuqori avlodli xorijiy navlari yetishtirilgan. 

O‘zbekistonda 2023 yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida 286 ming gektar yerga kartoshka ekish va 3,7 mln tonna hosil olish rejalashtirilmoqda.

Top