16:13 / 23.01.2023
13346

“Bu normal holat” - Statistika agentligi gaz eksporti bo‘yicha raqamlardagi tafovutga izoh berdi

Istalgan ikki yoki undan ortiq mamlakatning tashqi savdo bo‘yicha statistikasi solishtirilganda muayyan miqdor va hajmdagi tafovutlar kuzatiladi, deya ma’lum qildi Statistika agentligi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi gaz eksporti bo‘yicha yuzaga kelayotgan savollar yuzasidan izoh berdi.

O‘zbekiston rasmiylari dekabr oyida xorijga gaz eksporti to‘xtatilganini aytgan, bu rasmiy statistikada ham o‘z aksini topgan edi. Biroq kuni kecha Xitoy bojxona bosh boshqarmasi e’lon qilgan raqamlardan mamlakat dekabr oyida O‘zbekistondan 40 mln dollarlik tabiiy gaz import qilgani ko‘rinadi.

Statistika agentligining izohlashicha, butunjahon tashqi savdo statistikasi mamlakatlar tomonidan umume’tirof etilgan standartlar va tavsiyalarga (bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish, hisobini yuritish va h.k.) tayangan holda yuritiladi.

Mamlakatlarning ichki tartib-tamoyillarining bir-biridan farq qilishi bois istalgan ikki yoki undan ortiq mamlakatning tashqi savdo bo‘yicha statistikasi solishtirilganda muayyan miqdor va hajmdagi tafovutlar kuzatiladi.

Bu holatni tashqi savdo statistikasi bo‘yicha xalqaro darajada umumqabul qilingan asosiy axborot manbai – BMTning Comtrade veb-saytidan foydalanib, istalgan davlatlar solishtiruvida ko‘rish mumkin.

“Bu normal, tabiiy holat hisoblanadi. Ya’ni yuritiladigan tashqi savdo hisobi tizimidagi farqlanishlar, tovarlar bojxona qiymatining baholash xususiyatlaridagi farqlanishlar (aniqrog‘i bojxona chegarasini kesib o‘tishi paytida bazis narxiga keltirilgan shartnomadagi tovarlar qiymati), eksport-importda turdosh mahsulotlarni “Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi” kodlarini belgilashda yondashuvdagi farqlar, tovarlarni hisobga olish vaqtidagi farqlar va boshqa omillar bunga sabab bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, misol uchun, bir davlatda kalendar belgi bo‘yicha, masalan, noyabr oyida shartli 10 kg mahsulot boshqa bir davlatga bojxona chegara postidan chiqib, hisobga olingan bo‘lsa, qabul qilib olayotgan davlat bu statistikani dekabr oyida ko‘rsatishi mumkin va h.k.

Demak, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi tafovut kabi holatlar O‘zbekiston bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida, O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasida yohud Qozog‘iston bilan Xitoy o‘rtasida, AQSh bilan Kanada o‘rtasida istalgan tovar bo‘yicha, qo‘yingki, qaysi bir davlatni boshqa bir mamlakat bilan solishtirib ko‘rmang, bu kabi holatlar kuzatiladi va bu yuqorida e’tirof etilganidek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy omil hisoblanadi”, – deyiladi agentlik tushuntirishida.

Statistika organi statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilarga bu kabi tafovutlarni ortiqcha shov-shuvga aylantirmasdan, o‘z mamlakatining rasmiy statistikasiga tayanishni taklif etgan.

Kun.uz BMTning Comtrade portali orqali ayrim statistik ma’lumotlarni taqqosladi va haqiqatan ham eksport-importga oid raqamlar mamlakatlar o‘rtasida farqlanishiga guvoh bo‘ldi.

Manba: comtradeplus.un.org / Kun.uz
Manba: comtradeplus.un.org / Kun.uz
Top