18:32 / 24.01.2023
22350

Polsha Ukrainaga tanklar yetkazib bermoqchi. Bunga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Ukrainaga nemislar ishlab chiqargan Leopard 2 rusumli tanklarini yetkazib berish bo‘yicha doston davom etadi.

Foto: WOJTEK RADWANSKI/AGENCE FRANCE-PRESSE/GETTY IMAGES

Ittifoqchilar hamon Ukrainaga nemislarning Leopard 2 tanklarini yetkazib berish bo‘yicha kelisha olmadi - holbuki Yevropada yuzlab shunday tanklar bor. Bunga Germaniya qonunlari va kansler Olaf Sholsning ehtiyotkorona siyosati xalaqit qilmoqda.

Muammo mohiyati shundaki, Leopard tanklari Germaniyada ishlab chiqariladi va ular bir mamlakatdan boshqasiga yetkazib berilishi uchun Germaniya hukumati roziligi talab etiladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Berlin o‘z tanklari boshqa istalgan mamlakatga qayta eksport qilinishiga rasman ruxsat berishi kerak.

Germaniya esa qator sabablarga ko‘ra, jumladan Ikkinchi jahon urushi merosi tufayli, yaqin vaqtlargacha mojaro hududlariga qurol yetkazib berishdan tiyilgan.

Vaziyat faqat Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin o‘zgardi, shunda ham birdaniga emas.

2022 yil fevral oyi o‘rtalarida mamlakatning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Kristina Lambrext (u yaqinda iste’foga chiqdi) Ukraina harbiylari uchun besh ming dona kaska yetkazib berishni va’da qilib, bu boradagi ilk qadamni tashlagandi, o‘shanda uning bu qarori Kiyevga jiddiyroq yordam berish tarafdorlarining kulgisiga sabab bo‘lgandi.

Urush boshlanganidan bir necha oy o‘tib Germaniya Ukrainaga zirhli transportyorlar va bugungi urushda o‘ta muhim bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan IRIS-T va Patriot zenit-raketa qurilmalarini yetkazib bera boshladi.

Ammo hamon urushda yurish qilish uchun muhim vosita bo‘lgan tanklarni yetkazib berish muammo bo‘lib qolmoqda.

Foto: GETTY IMAGES

Yana kelishuvga erishilmadi

Juma kuni Ukraina ittifoqchilari bo‘lgan 54 mamlakat (Ukrainaga yordam berish masalasi muvofiqlashtiriladigan «Ramshtayn» formatidagi kontakt guruhi a’zolari) mudofaa vazirlari navbatdagi yig‘ilishda Kiyevga katta miqdorda zirhli texnikalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishdi.

Volodimir Zelenskiy NATO bo‘yicha hamkorlarga harbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo Kiyev hali zamonaviy tanklar yetkazib berilishi uchun ham kurashishi darkorligini qo‘shimcha qildi.

«Tanklar yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinishidan boshqa muqobil yo‘qligi kundan kunga ayon bo‘lib bormoqda», dedi u.

Ammo Leopard yetkazib berish masalasida o‘zgarish bo‘lmadi.

Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirining Germaniyadan «Ukraina uchun zudlik bilan Leopard 2 tanklari yetkazib berish» bo‘yicha birgalikdagi bayonoti ham, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Germaniya jamoat televideniyesi efirida chiqish qilib, ilk bor Germaniyaga tank so‘rab to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi ham naf bermadi.

Ramshteyndagi uchrashuv yakunlariga ko‘ra Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov shunday dedi: «Biz [Germaniya mudofaa vaziri bilan] Leopard 2 masalasida ochiqchasiga gaplashib oldik. Bu muloqot davom etadi».

Aleksey Reznikov AQSh va Germaniya mudofaa vazirlari Lloyd Ostino hamda Boris Pistorius bilan Ramshtaynda
Foto: EPA

O‘tgan haftada lavozimga tayinlangan Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati hozircha Leopard tanklari yetkazib berish masalasida qaror qabul qilmagan.

«Bugun biz bunday qaror qachon va qanday shaklda qabul qilinishi mumkinligini aytishga tayyor emasmiz», - degan Pistorius «Ramshtayn» ishtirokchilari mudofaa vazirlari uchrashuvi yakunida.

Shu bilan birga, Pistorius Germaniya bunday tanklar yetkazib berilishiga qasddan to‘sqinlik qilmoqchi emasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Berlin qarshi emasmi?

Yakshanba kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham Berlin Leopard 2 tanklari Polshadan Ukrainaga yuborilishiga qarshilik ko‘rsatmasligini aytdi.

«Ayni vaqtda bu savol berilmagan, ammo agar bizdan so‘rashsa, biz to‘sqinlik qilmagan bo‘lardik», dedi u yakshanba kuni fransuzlarning LCI TV telekanali efirida.

O‘tgan dam olish kunlarida Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Polsha NATOning Leopard 2 tanklariga ega bo‘lgan va ularni Berlinning ruxsatisiz ham Kiyevga berishga tayyor bo‘lgan mamlakatlardan iborat koalitsiya tuzmoqchi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava Ukrainaga 14 ta tank bermoqchi.

«Agar biz oxir-oqibat bu rozilikni olmasak ham, kichik koalitsiya doirasida baribir o‘z tanklarimizni boshqalarniki bilan birga Ukrainaga beramiz», degan Moravetskiy.

Dushanba kuni Polsha Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yuborish masalasida Germaniyaga rasman so‘rov yubordi.

Ammo Varshava Berlin va NATO bo‘yicha boshqa ittifoqchilar ham o‘z tanklarini yuborishiga erishmoqchi, chunki polshaliklarning 14 ta tanki jang maydonidagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartira olmasligi aniq.

Polsha prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Marchin Pshidach esa Berbokning bayonotini olqishlagan, ammo Germaniyaning pozitsiyasi haqida kansler Olaf Sholsning so‘zlarini ham eshitishni ma’qul ko‘rishini bildirgan.

Umuman olganda, Sholsning Ukraina bo‘yicha siyosatini Germaniyada ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi - yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, so‘ralganlarning 41 foizi Germaniya kerakli miqdorda qurol yetkazib beryapti deb hisoblaydi, 26 foizi - keragidan ko‘p, 25 foizi esa - yetarli emas degan fikrda.

Berlinning pozitsiyasi

Shols esa an’anaviy ravishda Germaniyaning harbiy mojarolardagi ishtirokiga skeptik yondashadi. Berlin Moskva yangi eskalatsiya qo‘zg‘ashidan xavfsiraydi, lekin ko‘plab ekspertlar vaziyat bunchalik emasligini aytishadi.

Nemis tanklari Ukraina zaminida paydo bo‘lishi g‘oyasi Germaniyaning o‘zida ham ko‘pchilikka ma’qul emas, bu Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq yoqimsiz assotsiatsiyalar uyg‘otadi.

To‘g‘ri, Rossiyaning Ukrainaga bosqini Germaniya rahbariyatining mudofaa siyosati haqidagi ko‘plab tasavvurlarni tezda o‘zgartirib yubordi: urush boshlangach Shols nemis hukumati YaIMning 2 foizini bundesver uchun investitsiya qilishiga va’da berdi (bu NATOning barcha mamlakatlari uchun qo‘yilgan talab, lekin Berlin avval buni ortiqcha deb hisoblagan).

May oyida nemis parlamenti armiya modernizatsiyasi uchun 100 mlrd yevrolik fond tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Fransiya Ukrainaga AMX-10RC rusumli yengil tanklarini yuborishga tayyorlanmoqda

Tanklar bormi?

O‘tgan dam olish kunlarida GFR kansleri Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi: Fransiya oldinroq Ukrainaga yengil tanklar yuborish majburiyatini olgan va Makron Ukraina qurolli kuchlari uchun fransuzlar tomonidan ishlab chiqarilgan Leclerc rusumli og‘ir tanklar ham yetkazib berilishi mumkinligiga ishora qildi.

O‘tgan haftada esa Germaniya Ukrainaga Leopard tanklari yetkazib berishga tayyorligi, ammo buning uchun AQSh ham o‘zining M1 Abrams rusumli tanklarini Kiyevga berishga rozi bo‘lishi talab etilishi haqida xabar chiqdi. Ammo AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin juma kuni «Ramshtayn» uchrashuvidan keyingi chiqishida bu xabarlar to‘g‘ri emasligi va Berlin ham AQSh birinchi bo‘lib qadam tashlashini kutmayotganini aytdi.

Shanba kuni Spiegel nashri Germaniya hukumatidagi manbasiga asoslangan holda, mamlakat mudofaa vazirligi bir necha oy oldin o‘z ixtiyoridagi turli modelga mansub barcha Leopard tanklari ro‘yxatini tuzgani haqida xabar berdi.

Bu ro‘yxatda Ukrainaga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan tanklar ham hisobga olingan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bundesver ixtiyorida turli modeldagi 212 dona xizmatga yaroqli Leopard tanklari mavjud. 2022 yil yozidagi holatga ko‘ra, yana yuzga yaqin tank ta’mirlash jarayonida bo‘lgan.

Ammo agar kansler Leopard tanklarini yuborish uchun yashil chiroq yoqsa ham, bu tanklarning ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Rheinmetall konsernining ogohlantirishicha, ta’mirlash va harbiylarni tanklarni boshqarishga o‘qitish bo‘yicha talablar bir necha oyga cho‘ziladi.

G‘alaba garovimi?

Leopard 2 tanklari rossiyaliklarning T-90 tanklariga qarshi kurashish uchun maxsus ishlab chiqarilgan, Moskva Ukrainaga qarshi urushda aynan shunday tanklardan faol foydalanmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyoda turli modifikatsiyadagi 2 mingdan oshiq Leopard tanklari bor va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shunday tanklardan 300 donasi Rossiyaning mag‘lubiyatini ta’minlashga yordam berishini aytgan.

BBC nashrining qurollar bo‘yicha tahlilchisi Kris Partrijning qayd etishicha, Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard tanklarining qariyb uchdan ikki qismi Yevropada va shu tufayli Kiyev aynan shunday tanklarni so‘ramoqda. Chunki ularni Ukrainaga yetkazish oson bo‘ladi, qolaversa, bu texnikalarga xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashni ham osonlashtiradi - bu esa har qanday qurol tizimlari uchun o‘ta muhim jihatlardir.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, G‘arbning jangovar tanklari yetarli miqdorda yetkazib berilishi Ukrainaning g‘alabasi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi - qolaversa, tanklar Rossiya kuchlarining bahorda boshlashi mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli yurishini to‘xtatish uchun ham muhimdir.

Buyuk Britaniya Ukrainaga Challenger-2 rusumli 14 ta tank va’da qilgan

Ammo bugungi kunda Ukraina armiyasi uchun faqat Buyuk Britaniya zamonaviy tanklar yetkazib berish masalasini to‘liq hal qilgan, inglizlar Ukrainaga Challenger 2 rusumli 14 dona tank yetkazib beradi. Boshqa mamlakatlar esa zirhli transportyorlar, shuningdek havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa artilleriya qurollari yetkazib bermoqda yoki yetkazib berishni va’da qilmoqda. Shu bilan bir vaqtda ukrainalik harbiylar kundan kunga zamonaviy harbiy mashinalarga katta ehtiyoj sezmoqda.

Pistorius shu kunlarda agar ittifoqchilar konsensusga erishsa, Berlin tezlik bilan harakat qilishga tayyorligini aytdi. Endi masala qachon kelishuvga erishish mumkinligida qolmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top