18:15 / 25.01.2023
34845

Putinning cho‘ntak armiyasi: yollanma askarlar va mahkumlar to‘dasi – «Vagner»

Rossiyaning Ukrainaga bosqinida «Vagner» guruhi borgan sari faol qatnashmoqda. Soledarni mustaqil egallaganini iddao qilayotgan guruh asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya armiyasi qo‘mondonlarini ham mensimayapti, qamoqdan urushga olib ketilgan vagnerchilar shtab boshlig‘ini bemalol haqorat qilmoqda. Putinning sobiq oshpazi bunday «maqom»ga qanday erishdi?

Foto: Kun.uz

Ukrainadagi urush bu mudhish jarayonning barcha razilliklarini bo‘y-basti bilan namoyon etadigan pallaga kirdi. Shu paytgacha tan olinmagan yoki borligi inkor etib kelingan «Vagner» guruhi ochiq faoliyat yurita boshladi va xalqaro hamjamiyatga ham chaqiriqlar bilan chiqmoqda. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, bu yollanma to‘da shu urush davomida paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u 10 yillik tarixga ega. Hozircha guruh Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilib, boshqarilishi rasman tan olinmagan. Ammo hamma biladiki, bu Putinning bevosita nazoratidagi armiya.

Tarixi

2013 yilda Moran Security Group xususiy harbiy kompaniyasining rus menejyerlari Vadim Gusev va Yevgeniy Sidorov savdo kemalarini qaroqchilardan himoya qilish xizmatini ko‘rsatuvchi «Slavyan korpusi» nomidagi yana bir kompaniyani Hongkongda ro‘yxatdan o‘tkazishadi hamda rasmiy faoliyat boshlashadi. Ularning dastlabki buyurtmasi Suriyadagi neft konlari va quvurlarini qo‘riqlash bo‘lib, kompaniya buning uchun 267 kishini yollaydi. Ammo bu davlatdagi urush tobora kuchayishi ortidan «Slavyan korpusi» jangchilari ham unga aralashib ketadi va qator harbiy harakatlarda ishtirok etishadi.

Askarlar va kompaniya sohiblari guruh bo‘lib Rossiyaga qaytishlari bilan boshqa davlat hududida harbiy harakatlardagi yollanma ishtiroki uchun hibsga olinadi. Ulardan biri podpolkovnik maqomidagi Dmitriy Utkin bo‘lib, uning harbiy laqabi «Vagner» edi. 2014 yilda Rossiya Ukraina hududida qator operatsiyalar boshlaydi va Dmitriy Utkin sirli ravishda Luhanskda paydo bo‘ladi. Bu hibsdagi yollanma askarlar bilan hukumatning norasmiy kelishuviga oid dastlabki belgi bo‘lgan.

Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol tug‘iladi: millionlik rasmiy armiyasi, shuncha qurollari bo‘lgan Rossiyaga yoki Putinga yollanma askarlarning nima keragi bor edi? Aslida barcha yirik davlatlarda ham maxfiy operatsiyalarni bajaradigan josuslar, yashirin guruhlar mavjud. Ular tan olinmaydi, qo‘lga tushgan holatda hech kim ular uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Rossiya vaziyatga ko‘ra bunday guruhni o‘ta katta hajmda, alohida qo‘shin shaklida tuzdi va uning dastlabki vazifasi «rus izi»ni qoldirmagan holda harbiy operatsiyalarni bajarish edi.

Bugungi kunga kelib esa «Vagner» nomidagi tuzilma kengaya-kengaya hatto ko‘pchilik davlatlarning qurolli kuchlaridan ham ulkanroq armiya shakliga kirib qoldi.

Podpolkovnik Utkinga qaytamiz. U tuzilmani dastlab boshqargan, «Vagner» laqabi guruh nomiga berilgan bo‘lsa-da, tez orada nazorat markaz tomonidan qayta ko‘rib chiqildi va bugungi kunning o‘ziga xos «qahramoni»ga aylangan Yevgeniy Prigojin maydonga chiqdi.

Prigojin kim o‘zi?

Rossiya elitasining aksariyat vakillari singari Prigojinning kelib chiqishi ham Sankt-Peterburg shahriga borib taqaladi. Bugungi kunda Rossiya, «LXR» va «DXR» qahramoni deya ulug‘lanadigan Yevgeniy Prigojin 62 yoshda va tadbirkorlik faoliyati bilan tilga tushgan. U tashkil qilgan «Konkord» firmasi hukumat vakillariga ziyofatlar uyushtirish bilan shug‘ullangan va buning ortidan Prigojinga «Putinning oshpazi», «Kreml oshpazi» kabi laqablar tirkalgan.

Prigojinni «Putinning oshpazi» deb atashadi. Foto: REUTERS

Ammo Prigojin bu bezarar soha bilan cheklanib qolmaydi va yuqori eshelonlarga tobora ko‘proq suqilib kirib, zimdan shipshitiladigan buyruqlarni ham bajara boshlaydi. Uning tashkilotchilik qobiliyati va ayyorligi munosib baholanib, «Vagner» boshqaruvi topshiriladi. Harbiy tajribasi ham, salohiyati ham bo‘lmagan Prigojin o‘ziga yuklatilgan vazifalarni yaxshi anglardi – nima qilib bo‘lsa ham, qaysi usullarni qo‘llasa ham jirkanch operatsiyalarni bajarish hamda rasmiy hukumatga yopishishi mumkin bo‘lgan iflosliklarni zimmasiga olish.

Dastlab mutlaq maxfiylikka amal qilinadi va qoidaga ko‘ra har ikki tomon bir-birini – hukumat «Vagner»ni, «Vagner» hukumatni tan olmay faoliyat yuritadi. Ammo Ukrainadagi operatsiyalar lokal ziddiyatlar doirasidan chiqib, haqiqiy urushga aylanib ketgach, Rossiya «maxsus harbiy operatsiya» deya nomlab, keng qamrovli harbiy harakatlarga kirishadi va «Vagner»ning maxfiy yurishidan ham ma’no qolmaydi. Yevgeniy Prigojin endi qamoqxonadagi mahkumlarni, pul evaziga hech narsadan qaytmaydigan xorijlik kallakesarlarni ham yollab, o‘z safini kengaytirishga kirishib ketadi.

Uning koloniyalardan biridagi mahkum/jinoyatchilarga qarata: «Vatan oldida o‘z aybingizni yuvib, qahramonga aylanish imkoniyatingiz bor», deya so‘zlagan nutqi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Chunki bundan oldin Rossiya propagandasi Ukraina himoyasi uchun qamoqxonadagi mahkumlar ham jalb etilayotganini masxara qilgan, jinoyatchilarga suyangan davlat tez orada tanazzulga uchrashi haqida ta’kidlagandi.

«Vagner» askarlari soni va ta’minoti

Bu yollanma to‘da «vagnerchilar», «muzikantlar», «orkestr» nomlari bilan ham ataladi. Undagi askarlar soni haqidagi ma’lumotlar ham turlicha. Chunki «Vagner» qo‘shinlar tarkibi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik bilan birga o‘lganlar sonini ham ko‘pincha sir tutadi. Faqat ayrim hollarda jangovar ruhni ko‘tarish uchun qaysidir o‘lgan askarning dabdabali motam marosimi uyushtiriladi, yaqinlariga yordam berilishi ta’kidlanadi.

Nisbatan tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yil martida 1000 kishidan iborat bo‘lgan to‘da 2017 yilning dekabrida 6000, 2022 yilning aprelida esa 8000 kishiga yetgan. Bugungi kunda yanada kengaygani aniq.

Ta’minot bo‘yicha ham turlicha raqamlar keltiriladi. «RBK» nashri hisob-kitoblariga ko‘ra «Vagner»ning yillik ta’minoti 5,1–10,3 mlrd rubl atrofida. Bu esa taxminan 150 mln dollar demakdir. Ammo so‘nggi yil yakuni va urush davridagi hisobot bu raqamni karrasiga oshirib yuborishi aniq. Vagnerchilarga maoshlar naqd pul shaklida beriladi, ular biror joyda rasmiy ishlashi qayd etilmaydi. Shuningdek, bosib olingan hududlaridagi o‘ljalari ham nazorat qilinmaydi.

Amalga oshirilgan operatsiyalar

Uzoq yillar rasmiy Moskva «Vagner»ga aloqador har qanday ma’lumotlarni rad etib keldi. Ayniqsa, Suriyadagi qator operatsiyalarda yaqqol dalillar taqdim qilinganda ham Putinning matbuot kotibi Peskov «Bizning bu ishlarga aloqamiz yo‘q va bu odamlar kimligi haqida ma’lumotga ega emasmiz», deya gapni qisqa qildi. Aslida Suriya hududidagi vagnerchilar soni muntazam oshirib borilgan va 2022 yilga kelib 3 ming kishiga yetgan.

Ular ishtirokida Suriya hukumati tarafdorlari qo‘llab-quvvatlanadi va vagnerchilar Hasham jangida faol qatnashadi. Undan tashqari, Bashar Asadga qarshi isyon ko‘targan al-Buta tutib olinib, ulkan bolg‘alar bilan shafqatsizlarcha o‘ldiriladi va butun jarayon videoga olib tarqatiladi.

Liviyadagi vagnerchilar soni yanada ko‘pligi aytiladi. Uning safida 7 mingdan ortiq askar va 30 ta reaktiv samolyot jangovar harakatlarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Mali, Mozambik, Burkina-Faso kabi davlatlarda ham «Vagner» izlarini payqashgan. Har doimgidek na Rossiya, na o‘sha davlatlarning o‘zi va na «Vagner» bu operatsiyalardagi ishtirokini tan olgan.

Ammo yuqoridagi davlatlardagi jarayonlarning hech biri Ukrainadagi urush kabi ko‘lam kasb etmadi. 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan paytda «Vagner» va hukumat o‘rtasida ola mushuk o‘tgan kunlar edi. Tezda hammasi unutildi, «Vagner» jangovar guruhining xorijdagi vakillari ham chaqirildi va to‘daga alohida yo‘nalishlarda vazifalar topshirildi.

Bu urushda «Vagner»ning shov-shuvi shu qadar oshib ketdiki, Mariupolni egallaganini da’vo qilgan Ramzon Qodirov va qodirovchilar ham ko‘zga ko‘rinmay qoldi. «Vagner»ga, xususan uning rahbari Yevgeniy Prigojinga qator davlatlar sanksiyalar kiritdi. AQSh hukumati «Vagner»ni transmilliy jinoiy tashkilot deb e’lon qildi. Bu orada vagnerchilar otryadi boshlig‘i bo‘lgan Andrey Medvedev Norvegiyaga qochib o‘tdi va Prigojinga qarshi ko‘rsatma berish, to‘da haqida ma’lumotlar taqdim etish istagini bildirdi.

«Vagner»ning Ukrainadagi faoliyati nafaqat xalqaro miqyosda, balki Rossiyaning o‘zida ham qator ziddiyatlarga sabab bo‘ldi. Tiyiqsiz Prigojin Rossiya mudofaasi bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov bilan ochiq janjallashishgacha bordi. Bu ochiq mojaroning o‘ziga xos jihati shunda ediki, Gerasimov, ya’ni bosh shtab boshlig‘i Rossiya qurolli kuchlarining eng yuqori harbiy amaldori edi. Ya’ni bu holat Rossiyadagi kuchlar orasida jarlik borligini ayon qilgan.

«Vagner» bugungi kunda

Yuqorida aytilganidek, «Vagner» endi ochiqdan ochiq faoliyat yuritayotgan harbiy to‘da hisoblanadi va u Rossiya manfaatlarini himoya qiladi. Uning rahbari Yevgeniy Prigojinning vakolatlari shu qadar kengayib ketdiki, u Sankt-Peterburg shahrida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ofisini ochdi va ulkan binoni egallab, rasmiy faoliyat olib bormoqda. «Adolatli Rossiya» partiyasi lideri Mironovdan «Vagner» haqida so‘ralganida «Rossiya manfaatlarini himoya qiladigan har qanday kuchlar qahramonlardir va ular qo‘llab-quvvatlashga loyiq», deb javob berdi. Bu Putin qo‘l ostidagi rus siyosatchilari va partiyalar qurolli to‘dani tan olayotganini anglatadi.

So‘nggi vaqtlarda vagnerchilar Baxmut va Soledar yo‘nalishida faol harakat qilmoqda. Suratda Prigojin Soledar atrofidagi yollanma jangchilar davrasida. 

«Rus sidyashchaya» xayriya fondi rahbari Olga Romanovaning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida va 2023 yilning o‘tgan davrida «Vagner»ga jalb qilingan 50 ming nafardan ortiq mahkumlarning (bu guruhning jami a’zolarining taxminan 90 foizi) faqat 10 mingdan kamrog‘i bugun janglarda ishtirok etmoqda. Qolganlari janglarda halok bo‘lgan yoki yaralangan, ukrainlarga asir tushgan yoki qochib ketgan.

Romanovaning taxmin qilishicha, «Putinga urushda g‘olib bo‘lishni va’da qilgan» Prigojin bedarak yo‘qolganlar yoki dezertirlik qilgan mahkumlar statistikasini yuritmayapti va ularning barchasini shunchaki halok bo‘lganlar ro‘yxatiga qo‘shmoqda. OAVda ham xususiy harbiy kompaniya mahbuslarning qarindoshlariga bo‘sh tobutlarni yuborayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi.

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Ukraina hududidagi to‘da a’zolarining 80 foizidan ortig‘i mahkumlardir. Ming afsuski, to‘da safida o‘zbekistonliklar ham bor va ularning ayrimlari halok bo‘lgan.

Abror Zohidov

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top