10:17 / 25.01.2023
7758

Toshkentda kogeneratorlardan foydalanish rejalashtirilmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri aholisini qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Norma.uz

Hujjat Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Xususan, poytaxtning issiqlik tarmoqlarining so‘nggi qismlarida joylashgan 11 ta tumanida parallel ravishda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun kogeneratsiya uskunalari hamda gaz dvigateli o‘rnatiladi.

Shu tariqa, poytaxtning 11 ta mahallasida 236 ta ko‘p kvartirali uy, 5 ta maktab va 13 ta bolalar bog‘chasini issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash yaxshilanadi.

Energetika vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali bir hafta muddatda uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan aloqa o‘rnatib, tayyor uskunalarni yetkazib berish hamda o‘rnatish, shu jumladan, texnik ta’minlash bo‘yicha tijorat takliflarini kiritish topshirildi.

Istisno tariqasida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga ekspertizadan o‘tkazmasdan: uskunalarni xarid qilishga; uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirish hamda issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish uchun pudratchilarni aniqlashga ruxsat berildi.
 
Uskunalarni xarid qilish ishlari Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. Issiqlik va elektr energiyasi ko‘p kvartirali uylardagi iste’molchilarga amaldagi tariflar asosida yetkazib beriladi.

Top