10:18 / 27.01.2023
17901

O‘zbekiston Banco Santander'ga 4 ta yo‘nalishda loyihalarni moliyalashtirishni taklif etdi

Ispaniyaning Banco Santander banki va O‘zbekiston Transport vazirligi vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ispan tomonidan Banco Santander bankining Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha loyiha guruhi rahbari David Plaza va O‘zbekiston tomonidan transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.  

Foto: Dunyo AA

Banco Santander banki vakili hozirgi kunda bank rahbariyati tomonidan O‘zbekistonda yirik sarmoyaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni moliyalashtirish orqali O‘zbekiston bank xizmatlari bozoriga chiqish imkoniyatlari o‘rganilayotganini ma’lum qildi. 

«Investitsiya jozibadorligi, iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan faol o‘zgarishlarni hisobga olgan holda bank O‘zbekistonni faol hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilamoqda, - dedi David Plaza. - Mamlakatda jadal rivojlanayotgan sohalardan biri bo‘lgan transport jabhasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik loyihalarda kredit mablag‘lari ajratish masalalari o‘rganilmoqda».

O‘zbekiston vakillari Banco Santander bankiga aviatsiya, temiryo‘l, shahar transporti kabi yo‘nalishlardagi yirik loyihalarni amalga oshirish hamda mintaqa darajasida rejalashtirilayotgan davlatlararo yangi temiryo‘llarni qurish loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etish taklifini bildirdi.

Muzokaralar natijasida barcha qo‘shimcha ma’lumotlarni almashish uchun ekspertlar darajasida muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Top