12:57 / 28.01.2023
37419

Kinoga ko‘chgan hayot. Nashavand yigitning oddiy mushuk tufayli dunyoga mashhur bo‘lgani haqida hayotiy hikoya

Britaniyalik Jyeyms Bouen boshpanasi va tayinli ishi yo‘q oddiy bir ko‘cha daydisi edi. U geroin iste’mol qilishga o‘rganib qolgan va yegulik uchun pul topish maqsadida ko‘chada qo‘shiq aytardi. Kunlardan birida yigitning yonida yoqimtoy bir mushuk paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng mushuk tufayli yigitning hayoti tubdan o‘zgarib ketadi. U giyohvand moddalar iste’mol qilishni to‘xtatadi. Keyinchalik esa boyib ketadi. Shu tariqa oddiy bir mushuk nashavand yigitni giyohvand moddalar ta’siridan va yo‘qchilikdan qutqaradi.

Bugun multimedia juda rivojlangan va barcha kamerasi bor qurilmalar ko‘tarib yurgan zamonda bitta muvaffaqiyatli videolavha tufayli inson mashhur bo‘lib ketishi ham mumkin.

Geroin iste’mol qilishga o‘rganib qolgan britaniyalik daydi yigit Jyeyms Bouen bilan shunday bo‘lgan. Yelkasiga mushugini o‘tqazib olib ko‘chada qo‘shiq aytib yurgan daydi yigit tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach u mashhur bo‘lib ketadi.

Yegulik uchun pul topish maqsadida Tottenhem shahri ko‘chalarida qo‘shiq aytib yurgan Jyeymsga odamlar e’tibor bermasdi. Kunlardan bir kun uning oldida mushuk paydo bo‘ladi.

Foto: fanpage.gr

Yelkasiga mushuk o‘tqazib olgan holda qo‘shiq kuylayotgan yigit o‘tkinchilarning e’tiborini tortadi. Shundan so‘ng odamlar to‘xtab Jyeymsning qo‘shiqlarini eshita boshlashadi.

Bu orada tomoshabinlar uni mushugi bilan qo‘shiq aytib turgan holida videoga olib, tasvirlarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi. Video millionlab insonlar tomonidan tomosha qilinadi.

Shu tariqa daydilik bilan kun kechirib yurgan nashavand yigit oddiy bir mushuk sababli giyohvand moddalar iste’mol qilishni to‘xtatadi va sog‘lom hayotga qaytadi. Shuningdek, mushukning ortidan mashhur bo‘lib ketadi. Keyinchalik u mushugi haqida kitoblar yozib, millionlab funt sterling mablag‘ ishlab oladi.

Jyeyms Bouen haqida

Jyeyms Bouen 1979 yilda Angliyaning Sarri grafligida tug‘iladi va ko‘p o‘tmay uning ota-onasi ajrashib ketishadi. Onasi boshqa odamga turmushga chiqadi va Jyeymsni o‘zi bilan Avstraliyaga olib ketadi.

1997 yilda Jyeyms 18 yoshda ekanida Britaniyaga qaytadi va o‘gay opasinikida yashay boshlaydi. Ammo u yerdan tezda quviladi va ko‘chalarda yashab yuruvchi boshpanasiz daydiga aylanadi.

Jyeyms ko‘chada yashar ekan, geroin iste’mol qilishga o‘rganib, nashavandga aylanadi. O‘sha paytda Jyeyms ko‘chalarda gitara bilan qo‘shiq kuylar va shu tariqa yegulik uchun ozroq pul ishlardi. Ammo u ishlagan pul geroinga va oziq-ovqatga yetmasdi.

Jyeyms Avstraliyadan qaytib kelgach 10 yil davomida shu tarzda darbadar yashaydi, turli shaharlar bo‘ylab ko‘chib yuradi. 2007 yilda u Tottenhem shahri ko‘chalarida yashab yurganida boshpanasizlarga ko‘mak beruvchi tashkilot xodimlari e’tiboriga tushadi.

Ular Jyeymsning geroindan xalos bo‘lishiga yordam berishga qaror qilishadi. Uni shahar ma’muriyati moliyalashtiradigan uylardan biriga joylashtirishadi.

Foto: dno24.com

Jyeyms geroin iste’mol qilmasligi uchun unga tarkibida metadon bo‘lgan tabletka ichishga ruxsat berishadi. Bu uchun unga maxsus kartochka berishadi. Jyeyms shu kartochka orqali tabletkani belgilangan vaqtda maxsus dorixonadan olishi mumkin edi. Dasturda metadon iste’moli vaqt o‘tishi bilan kamaytirib borilishi va shu yo‘l bilan giyohvand moddalar ta’siridan qutulish ko‘zda tutilgandi.

Jyeymsning hayotini o‘zgartirgan mushuk

Garchi Jyeyms endi sovuq va yomg‘irli havoda ko‘chada tunab qolishdan qutulib vaqtincha bo‘lsa ham o‘z boshpanasiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da oziq-ovqat uchun pul topish muammo edi.

U Tottenhemning odamlar gavjum joylarida gitara chalib qo‘shiq aytar ekan, tushadigan pul uning tuzukroq ovqatlanishi uchun yetmasdi. Ana shunday sharoitda, ayrim kunlarda ozib ketgan Jyeyms kunni och o‘tkazishga ham majbur bo‘lar edi.

Kunlardan bir kun u ertalab xonasida qandaydir ovozlarni eshitadi. Uyga o‘g‘ri tushdi deb o‘ylab chiroqni yoqqanida yoqimtoy mushukka ko‘zi tushadi. U mushukni Bob deb atay boshlaydi.

Jyeyms mushukka o‘zi uchun olib kelgan sutni beradi va so‘ng uydan chiqarib yubormoqchi bo‘ladi. Ammo mushuk ketmaydi. Shunda Jyeyms mushukning old oyoqlaridan biri yaralanganini ko‘rib qoladi va uni veterinarga olib borib davolaydi.

Foto: pikabu.ru

O‘sha vaziyatda o‘zi uchun zo‘rg‘a yegulik topayotgan Jyeyms mushukni ham boqa olmasdi. U barcha qo‘shnilardan so‘rab chiqadi, ammo mushukning egasi topilmaydi.

Ertasi kuni Jyeyms mushukni tashqariga qo‘yib yuboradi va qo‘shiq aytadigan joyiga jo‘naydi. Mushuk uning ortidan ergashadi. Jyeyms avtobusga chiqqanida mushuk ham uning ortidan chiqadi borib tizzasiga o‘tirib oladi. Shundan so‘ng u mushukni o‘zi bilan olib ketadi.

Jyeyms mushukni yelkasiga opichlab olib qo‘shiq aytar ekan, tomoshabinlar har kungidan ko‘proq to‘planayotganini va shunga yarasha pul ham ko‘p tushayotganini ko‘radi.

Jyeyms qo‘shiqni tugatgandan so‘ng bir qancha tomoshabinlar u bilan suratga tushishadi. Uni mushuk bilan qo‘shiq aytayotgan holatini videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi. O‘sha videolar millionlab odamlar tomonidan tomosha qilinadi.

Foto: theclinic.cl

Tez orada mushukning ham o‘z muxlislari paydo bo‘ladi. Ulardan biri Bobga chiroyli sharf sovg‘a qiladi. Havo sovuq bo‘lgan paytlarda Jyeyms mushukka ana shu sharfni o‘rab qo‘yardi.

Kutilmagan muvaffaqiyat Jyeymsni xursand qiladi. U giyohvand moddalar ta’siridan batamom qutulish uchun metadon qabul qilishni ham to‘xtatadi. Shundan so‘ng u bir necha kun tanasidagi og‘riqqa chiday olmay uyda yotadi.

Jyeyms giyohvand moddalardan qutulish uchun o‘zi bilan o‘zi kurashar ekan, mushuk och qolsa ham uning yonidan ketmaydi. Mushukning bu sadoqati Jyeymsga kuch beradi va u tanasidagi og‘riqlarni yengib chiqadi.

Keyinchalik Jyeyms mushugi haqida shunday degandi:

«Barchasiga shu mitti jonzot – mushuk sababchi. U kelib mendan yordam so‘radi. Giyohvand moddalar iste’moli tufayli tanam o‘z-o‘zini yemirish holiga tushganda men unga yordam berish uchun ham hammasini yengib o‘tdim. Har kuni tongda sog‘-salomat uyg‘onishimning sababchisi shu mushuk bo‘ladi. U menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, men qolgan umrimda u bilan birga bo‘laman».

Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgach Jyeymsning mushugini ko‘rish uchun u qo‘shiq aytadigan joyga ko‘pchilik kela boshlaydi. Tushum ham yaxshi bo‘ladi va yigitning moddiy ta’minoti biroz o‘nglanadi. Ammo bu vaqtinchalik holat edi.

Foto: dno24.com

Kunlardan bir kun u qo‘shiq aytayotgan paytda janjal bo‘ladi va Jyeyms politsiyaga tushib qoladi. Unga ko‘chalarda qo‘shiq aytishni cheklab qo‘yishadi. Chorasiz qolgan Jyeyms The Big Issue ko‘cha gazetasini sota boshlaydi.

Bu paytga kelib Jyeyms va uning mushugi ijtimoiy tarmoqlarda ancha tanilib qolgandi. Jyeyms mushugi bilan ko‘chada gazeta sotib yurar ekan, odamlar u bilan selfi qilishni xohlashar, yigit bundan foydalanib faqat gazeta sotib olganlarga suratga tushishga ruxsat berardi. Ko‘p o‘tmay gazeta sotuvchi raqobatchilarining ig‘vosi bilan u bu ishdan ham ayriladi.

Shundan so‘ng Jyeyms bir necha kun yig‘ilib qolgan pullarini ishlatadi. Pullar tugagach mushuk bilan ikkalasi yana och qolishadi. U o‘ziga belgilangan cheklovni buzib yana ko‘chada qo‘shiq aytishga chiqadi.

Ko‘p o‘tmay cheklov bekor qilinadi va Jyeyms mushugi bilan qo‘shiq aytishda davom etadi.

Jyeyms Bouen yozuvchi

2010 yilga kelib Jyeyms ancha mashhur bo‘lib ulgurgan, mahalliy telekanallarda u haqda bir nechta lavhalar efirga berilgan bo‘lsa-da yigit hamon ko‘chada darbadar holda qo‘shiq aytib yurardi.

O‘sha paytda mahalliy Islington Tribune gazetasida ko‘cha qo‘shiqchisi va uning mushugi haqida maqola e’lon qilinadi.

Maqolani adabiy agentlik bilan shug‘ullanuvchi Meri Penkos ismli ayol o‘qib qoladi va Jyeymsni qidirib topadi.

Meri Jyeymsga boshidan o‘tganlarni yozib kitob holida chop etish taklifini beradi. U Jyeymsni bu ish barchaga foyda keltirishiga ishontiradi.

Merining taklifidan so‘ng Jyeyms adiblardan biri bilan hamkorlikda boshidan o‘tkazgan voqealarni yoza boshlaydi. Jyeyms o‘z asariga «Bob laqabli daydi mushuk» deb nom beradi.

Foto: alamy.com

Kitob chop etilgach u Jyeymsga ancha mablag‘ va ulkan mashhurlik olib keladi. Kitob birgina Britaniyaning o‘zida million nusxada sotiladi.

Qisqa vaqtda dunyoning 30 tiliga tarjima qilinib chop etilgan kitob The Sunday Times gazetasining besseller asarlar reytingida qariyb bir yarim yil (76 hafta) mobaynida eng qiziqarli kitob sifatida birinchi o‘rinni egallab turadi.

2013 yilda Jyeymsning kitobi AQShda ham chop etiladi va New York Times gazetasining besseller asarlar ro‘yxatida dunyoning eng qiziqarli kitoblari orasida yettinchi o‘rinni egallaydi.

Foto: grandoman.com

Jyeymsning kitobi juda katta muvaffaqiyat bilan sotilgach noshirlar unga kitobning davomini va bolalar uchun mo‘ljallangan variantlarini yozishni taklif etishadi.

Shundan so‘ng Jyeyms mushugi haqida yana o‘nga yaqin kitob yozadi:

  • «Dunyo Bob nomli mushuk nigohida»
  • «Bob g‘ayrioddiy mushuk» (Bolalar uchun)
  • «Bob nomli mushuk: sevgi bilan» (Bolalar uchun)
  • «Bob qayerda?»
  • «Mening ismim Bob»
  • «Bob ismli mushukdan sovg‘a»
  • «Bob yordamga shoshiladi»
  • «Bobning mitti kitobi»

Jyeymsning kitoblari bir nechta sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 2012 yilda «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi Britaniya milliy kitob sovrinini qo‘lga kiritadi.

2014 yilda Dunyo kitob kunida «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi o‘smirlarni ilhomlantiruvchi eng yaxshi asarlardan biri sifatida tan olinadi.

«Bob laqabli ko‘cha mushugi» filmi

Jyeymsning «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi mashhur bo‘lgach 2015 yilda AQShlik taniqli kinorejissyor Rojyer Spottisvud shu asar asosida film suratga olishini e’lon qiladi.

Ushbu rejissyor 1992 yilda suratga olingan «To‘xta, bo‘lmasa onam otadi» (Bosh rolda Silvester Stallone suratga tushgan), «Xirosima» (Xirosimaga AQSh atom bombasi tashlashi haqida) filmlari bilan mashhur.

Suratga olish ishlari 2015 yil 25 oktyabrdan 6 noyabrgacha Londondagi «Tuiknem» kinostudiyasida va shaharning Kovent-Garden tumanida bo‘lib o‘tadi. Asar nomi ancha uzun bo‘lgani uchun filmga «Bob laqabli daydi mushuk» deb nom beriladi.

Foto: alamy.com

Filmning budjeti 8 million dollar etib belgilanadi. Unda bosh rolni britaniyalik taniqli kinoaktyor Lyuk Tredevey, Bobni esa Jyeymsning mushugi haqiqiy Bob ijro etgan.

Filmning jahon taqdimoti 2016 yil 3 noyabr kuni Londondagi kinoteatrda bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni film dunyo kinoprokatiga chiqariladi. Taqdimotga shahzoda Uilyamning rafiqasi Ketrin Middlton tashrif buyuradi.

Garchi film aksariyat kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan bo‘lsa-da turli reytinglarda uncha yuqori ball ololmaydi. Shu sababli prodyuserlar sarflagan pullarini zo‘rg‘a yig‘ib olishadi.

2017 yilda film Britaniya milliy kinomukofoti tanlovida «Eng yaxshi film» deb topiladi.

Mazkur filmda Jyeyms Bouenning o‘zi ham bir marta ko‘rinish bergan. U sotib olgan kitobiga film qahramonidan dastxat qo‘ydiradi va unga ajoyib asar uchun minnatdorchilik bildiradi.

Foto: pikabu.ru

Bob va Jyeymsning keyingi taqdiri

2020 yilda Bob va Jyeymsning hayoti haqida yana bir film suratga olinadi. Film suratga olinib bo‘lganidan so‘ng Jyeyms ommaga o‘zi bilan 2007 yildan 2020 yilgacha qariyb 14 yil birga yashagan mushugi vafot etgani haqida xabar beradi.

Shu tariqa geroin iste’mol qilishga o‘rganib qolgan daydi yigitning to‘g‘ri hayotga qaytishiga sababchi bo‘lgan mushuk vafot etadi.

Bugun Jyeyms Bouen Britaniyadagi mashhur insonlardan biri. Uning hisob raqamlarida millionlab funt sterling bor.

Yigitning tarjimai holini o‘qimagan yoki u haqdagi filmlarni tomosha qilmagan odamlar uning bir paytlar boshpanasiz daydi va nashavand bo‘lganiga ishonmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top