10:02 / 31.01.2023
8454

JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda

Xitoyda koronavirus tarqalishi avj olgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qo‘mitasi Jyenevada yig‘ilib, COVID-19 pandemiyasini tugagan deb e’lon qilish mumkinmi yoki yo‘qligini muhokama qilishni boshladi.

Xitoyda kovidning yangi to‘lqini pandemiya yakunlanganini e’lon qilish masalasini savol ostida qoldirdi. Foto: EPA

O‘tgan yil oxirida tashkilot rahbari koronavirus bilan bog‘liq favqulodda holat tez orada bekor qilinishiga umid bildirgandi, biroq Xitoyda koronavirus tarqalishi keskin avj olishi va 2023 yil boshida o‘lim holatlari soni global ko‘payishi bu prognozlarni shubha ostiga qo‘ymoqda.

JSST koronavirusni global pandemiya deb e’lon qilganidan uch yil o‘tib, tashkilotning Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ushbu kasallik hali ham dunyo aholisi uchun jiddiy xavf tug‘diradimi yoki yo‘qligini baholamoqda.

Mutaxassislar o‘z xulosalarini JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesusga ma’lum qiladi, ular asosida pandemiya holatini o‘zgartirish yoki saqlab qolish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

Kasallik tarqalishi hozirda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatdir. Bu JSST tasnifiga ko‘ra tahdidning eng yuqori darajasidir.

Ritorika o‘zgardi

O‘tgan yil sentabr oyida Gebreyyesus pandemiya tugashiga oz vaqt qolganiga ishonch bildirgan va dekabrda uning 2023 yilda tugashiga umid bildirgandi.

O‘sha paytda, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kovid bilan bog‘liq o‘lim holatlarining o‘rtacha soni haftasiga 10 000 kishini tashkil etgan – bu 2022 yil yanvariga nisbatan besh baravar kam.

Biroq, o‘tgan hafta JSST rahbari dekabr oyidan beri dunyo bo‘ylab koviddan vafot etganlar soni ko‘payganidan xavotirda ekanini bildirdi.

Xitoyda «nol bardoshlilik» siyosati bekor qilinganidan besh hafta o‘tib, rasmiylarga ko‘ra, shifoxonalarda Covid-19 bilan bog‘liq 60 ming o‘lim holati qayd etilgan. Foto: Reuters

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz hafta ichida dunyoda 170 ming kishi koviddan vafot etgan va bu faqat ro‘yxatga olingan o‘limlar, haqiqiy raqamlar ancha yuqori, dedi Gebreyyesus matbuot anjumanida.

Rasmiylarga ko‘ra, Xitoyning kovidga qarshi keskin siyosati bekor qilinganidan besh hafta o‘tgach, shifoxonalarda ushbu kasallik tufayli ro‘y bergan o‘lim holatlari soni 60 mingni tashkil etdi.

Bu hukumatning rasmiy ma’lumotlari, biroq ekspertlar fikricha, haqiqiy ko‘rsatkich ancha yuqori, chunki bu raqamlar uyda vafot etganlarni o‘z ichiga olmaydi. Shuningdek, Xitoydagi ko‘plab shifokorlar kovidni o‘limning asosiy sababi sifatida ko‘rsatmaslikka harakat qilishgan.

«Yuklama yana oshdi»

«Biz pandemiya avj olgan uch yil oldingi holatga qaraganda ancha yaxshi holatda bo‘lsak-da, tibbiyot xizmatiga global yuklama yana oshdi», dedi JSST rahbari.

Buning sababi, Gebreyyesusning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda emlanganlar soni yetarli emasligi, virusga qarshi dori vositalaridan foydalanishning cheklanganligi va notekisligi, shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimlari bemorlar oqimiga dosh bera olmayotganidir.

JSST rahbari «soxta fan nazariyalari va dezinformatsiyalar oqimi»ni pandemiyani to‘xtatishga urinayotgan shifokorlar va xalqaro tashkilotlar uchun jiddiy muammo bo‘lib qolayotgani sabablaridan biri sifatida alohida ta’kidladi.

Kovidga qarshi cheklovlar olib tashlanishi va yana qaytishi

Xitoyda yangi kovid to‘lqini boshlanishidan oldin, ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa emlash darajasi yuqori deb hisoblangan mamlakatlar niqoblar va karantin choralaridan voz kechishdi, bu esa pandemiya tugashidan umidvor qilgan edi.

Ispaniya Yevropadagi jamoat transportida niqob taqish majburiy bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. 7 fevraldan bu qoida bekor qilinadi.

Kovid o‘ta yuqumli kasalliklar toifasiga ko‘tarilgan Yaponiyada hozirgacha qat’iy karantin qoidalari saqlanib qolmoqda. Yaqinda mamlakat hukumati kovidning 8 maydan boshlab gripp kabi nisbatan kamroq xavfli kasalliklar toifasiga o‘tishini ma’lum qildi. Bu esa kovidga qarshi cheklovlarni, jumladan, harakatlanish, ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini yumshatadi.

Shu bilan birga, Xitoyda yangi kovid to‘lqini tufayli butun dunyo hukumatlari yanvar oyida Xitoydan kelayotgan odamlarning kirishiga cheklov qo‘yishni boshladi. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Kanada, Isroil Xitoydan kelgan odamlarni majburiy test topshirishini joriy qildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top