22:56 / 02.02.2023
22052

Samarqandda ovqatdan zaharlangan ikki kishi botulizmdan vafot etgani ma’lum qilindi

Zaharlanganlar bir oila a’zosi bo‘lgan va qo‘lbola usulda tayyorlangan tuzlama iste’mol qilishgan.

Avvalroq Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida besh kishi ovqatdan zaharlangani va ularning ikki nafari vafot etgani haqida xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, ular botulizmdan vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 6 yanvar kuni Qo‘shrabot tuman "Zarmitan" MFYda yashovchi 51 yoshli N.S. uning 51 yoshli turmush o‘rtog‘i, farzandlari 1996 yilda tug‘ilgan D.E., 1998 yil tug‘ilgan Sh.E. va 2008 yilda tug‘ilgan B.E. tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda oila boshlig‘i 2023 yil 5 yanvar kuni kechki payt ovqatlanayotib uyda qo‘lbola usulda tayyorlagan pomidor-bodring tuzlamasini iste’mol qilishganini aytgan.

Bemorlar ko‘zdan kechirilib ularga “ovqatdan zaharlanish botulizm” tashxisi quyilgan. Nafas olishdagi patologik o‘zgarishlar bo‘lgani sababli ular sun’iy nafas olish apparatiga ulanib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar olib borilgan.               

2023 yil 14 yanvar kuni 1998 yilda tug‘ilgan Sh.E., 26 yanvar kuni esa 1996 yilda tug‘ilgan D.E. ko‘rsatilgan reanimatsion yordamga qaramasdan o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi natijasida “botulizm bulbar sindromi” tashxisi bilan shifoxonada vafot etgan.

17 yanvar kuni 2008 yilda tug‘ilgan B.E.ning ahvoli yaxshilangani uchun jonlantirish bo‘limidan yuqumli kasalliklar bo‘limiga o‘tkazilgan. 23 yanvarda sog‘ayib ketgan oila boshlig‘i ham shifoxonadan chiqarilgan.

«Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi fuqarolarni uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm kasalligi sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi. Shu sababli qo‘lbola usulda tayyorlangan va sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslikni so‘raydi», deyiladi xabarda.

Top