18:52 / 03.02.2023
12086

Qirg‘izistonda antibiotiklardan o‘lim holati qayd etildi  

Dorilardan biri O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. 

Foto: AP

Yanvar oyida Qirg‘izistonda tseftriakson antibiotiki tufayli to‘qqizta anafilaktik shok holati va bir o‘lim qayd etilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.

«Dori vositalari va tibbiy buyumlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir holatda bemor vafot etgan. Tahlil Hindiston, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Xitoy, Misr, Turkiya va Rossiyada ishlab chiqarilgan tseftriakson dorisiga reaksiya borligini ko‘rsatdi», deyiladi bayonotda.

Beshta holatda nojo‘ya ta’sirlar uy sharoitida dori ishlatilgani oqibatida kelib chiqqan. Ya’ni bemorda anamnez, laboratoriya tekshiruvlari, tibbiyot xodimlari ko‘rigi o‘tkazilmagan.

«Mutaxassislarning ta’kidlashicha, anafilaktik shok holatlari ko‘payishi tendensiyasi kuzatilmoqda, bu antibakterial preparatlarni nazoratsiz, noratsional qo‘llash oqibati bo‘lishi mumkin», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Vazirlik antibiotiklarni faqat tibbiy nazorat ostida va faqat sog‘liqni saqlash tashkilotlarining davolash xonalarida amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan. Ambulatoriya sharoitida davolanayotgan bemorlarga antibiotiklarni tabletkalarda va faqat shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha olish tavsiya etilgan.

Top