15:44 / 04.02.2023
20145

Samarqandda bir guruh shaxslar ichida 720 mln so‘m bo‘lgan bankomatni o‘g‘irlab ketishdi

To‘rt nafar shaxs bankomatni pana joyga olib borib, uni bo‘laklab tashlagan va ichidagi pullarni olib ketgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘rt nafar shaxs tijorat banklaridan biriga tegishli, ichida 720 mln so‘m bo‘lgan bankomatni o‘g‘irlab ketishgan.

Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2023 yil 25 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan biri IIBga Kattaqo‘rg‘on tumani “A.Navoiy” MFYda o‘rnatilgan bankomat shoxobchasidan noma’lum shaxslar bir dona bankomat qurilmasi ichida bo‘lgan 720 million so‘m miqdordagi pullari bilan o‘g‘irlab ketilganini bildirgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv davomida Kattaqo‘rg‘on tuman Tavaron mahallasi hududidagi tashlandiq joydan o‘g‘irlangan bankomat apparati bo‘laklarga bo‘lingan holda topilgan.

Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni qidirib topish bo‘yicha olib borilgan surishtiruvlarda mazkur jinoyatni to‘rt nafar shaxs sodir etgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyatchilar qo‘lga olinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top