21:34 / 08.02.2023
21709

Yashil energiyaga 1 milliard dollar, bosh rejasiz qurilishga moratoriy – prezident poytaxt aylandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Prezident tashrif davomida ko‘plab muhim masalalarda topshiriqlar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholi ishlab chiqargan energiya davlat tomonidan sotib olinadi

Prezident qayta tiklanuvchi energiya salohiyatidan samarali foydalanish zarurligini aytdi. Toshkent shahrida kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkinligi qayd etildi. Bu ishlar bilan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obektlari, davlat idoralari va tadbirkorlik binolarining tom qismi, sanoat zonalari hududi, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin.

Bu choralar ko‘rilsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik talabni 4 baravar ortig‘i bilan, ya’ni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Prezident elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, panel o‘rnatgan tadbirkorlar ishlab chiqargan elektrni davlat kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilar ham elektr energiyasini davlatga sotishi mumkin bo‘ladi.

Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovati 1 ming so‘mdan sotib olinadi (hozirgi tarif 295 so‘m). Har oyda hisob-kitob qilib, mablag‘lar xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Yashil energiya uchun 1 milliard dollar

Toshkent shahrini energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida prezident tomonidan quyidagi qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi:

* sanoat zonalari va yirik korxonalarda quyosh panellari o‘rnatish orqali 400 million kilovatt soat elektr chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash;

* ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga 75 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlash;

* Yuqori Chirchiq tumanida 500 megavattli yirik quyosh elektr stansiyasini qurish;

* poytaxtdagi sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini 1 foizga kamaytirish va energiya samaradorligini 3 foizga oshirish;

* 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimini to‘liq yangilash;

* 300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilab, yo‘qotishlarni 5 foizga kamaytirish.

Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltirilishi aytildi.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda 2023 yilda poytaxtda aholi bandligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha vazifalarni bajarishda tadbirkorlarga tayanish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozimligi aytildi. Jumladan, bu yili Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m kredit yo‘naltiriladi, oilaviy tadbirkorlik uchun 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar:

– 14 ta yirik savdo kompleksini ishga tushirish, shuningdek 12 mingta savdo-servis obektlari tashkil etishni ta’minlash;

- 57 ta mehmonxona, 3,5 mingta umumiy ovqatlanish va mahallalarda 7 mingta savdo-servis obektlarini ishga tushirishga ko‘maklashish vazifasi topshirildi.

«Open budget» uchun 573 milliard so‘m

Mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun Toshkent shahriga 1,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, «Ochiq budjet» doirasida mahallalar infratuzilmasiga 573 milliard so‘m ajratiladi.

Prezident mahallalarni obodonlashtirish, tarmoqlar, yo‘llar, suv inshootlarini ta’mirlash ishlariga yana qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’kidladi. Shu sabab poytaxtdagi 584 ta mahallaning har biriga budjetdan qo‘shimcha 1 milliard so‘mdan, jami yana 584 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi.

Jamoat transporti

«Biz poytaxt aholisining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, bunday xayrli ishlarimizni jadal davom ettiramiz», dedi prezident.

Yig‘ilishda poytaxt jamoat transporti sohasida olib borilayotgan va rejalashtirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi: «Mana, bugun yangi metro stansiyalarini borib ko‘rdik. Yangi liniyada jami 7 ta stansiya ishga tushganidan keyin metroda kunlik yo‘lovchilar soni 1 millionga chiqadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘yliqdan Sergeliga 15 daqiqada

Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenidagi olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

2020 yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. O‘sha yil dekabrda Sergeli yo‘nalishi ishga tushdi. Ayni damda mazkur ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazilgan.

Prezident ushbu transport inshootini borib ko‘rdi, Nuroniylar va faollar bilan suhbatda loyiha ahamiyati haqida gapirdi: «Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz – 1 million yo‘lovchi. Agar o‘z vaqtida buni boshlamaganimizda, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi. Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi. Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.

Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshadi, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shaharda tirbandlikni qisqartirish, odamlarning uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan bu ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi. Jumladan:

– 1 aprelga qadar qo‘shimcha mingta avtobus olib kelinadi;

– 25 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi;

– yil yakunigacha 233 ta chorrahadagi svetoforlarni yo‘lovchi oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy etiladi;

– 20 ta oqim yuqori ko‘chalarda xususiy sheriklik asosida jami 10 ming o‘rinli parkomatlar tashkil qilinadi;

– Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil qilinib, tayyor biznes sifatida auksionga chiqariladi.

Bosh rejasiz yangi qurilish bo‘lmaydi

Prezident qurilishga ruxsat berganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qilib, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi ta’kidladi.

2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi bog‘ tashkil qilinadi. «Toshkent yashil belbog‘i» loyihasi boshlanib, bahor mavsumida 525 ming tup daraxt va butalar, 20 million tup gul ko‘chatlari ekiladi.

«Maxsustrans» faoliyati isloh qilinadi

Yig‘ilishda poytaxtda chiqindi bilan ishlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Toshkent shahrida yiliga 700 ming tonna chiqindi hosil bo‘ladi, ammo bugungi kunda ularning atigi 18 foizi qayta ishlanayotgani, bundan tashqari, chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham mutlaqo qoniqarsizligi ta’kidlandi.

«Maxsustrans» faoliyatini isloh qilish, uning moliyaviy ahvolini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga shahar chiqindisini qayta ishlashni kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilish yakunida shahar rahbariyati va tumanlar hokimlarining hisoboti tinglandi.

Transformator zavodiga tashrif

Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi «Aysel Energy» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.

Qish ancha sovuq kelgani elektr energiyasi tizimidagi muammolarni yaqqol yuzaga chiqardi. Xususan, ayrim eski transformatorlar yuklanishni ko‘tara olmay, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Prezident soha mutasaddilariga elektr tarmoqlarini yangilash, zarur jihozlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bu tashrif o‘sha vazifalar ijrosi, kelgusida energetik muammolarning oldini olishga qaratilgan ishlarning bir qismi ekani ta’kidlandi.

«Aysel Energy» yiliga 10 ming dona yirik elektr uskunalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Turkiya texnologiyasi o‘rnatilgan korxonada mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetgan. Natijada mahsulot ishlab chiqarish tannarxi va o‘rnatish xarajati kam. Bu eskirgan transformatorlarni nafaqat poytaxtda, balki butun respublikada yangilash imkonini beradi.

Mutasaddilar bu yil mamlakatimizda 3 ming 200 ta transformator, 12 ming kilometr kabellarga zarurat borligi haqida axborot berdi. Davlatimiz rahbari import tahlilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlarga buyurtmalarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Odamlar bilan uchrashuv

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Ezgulik mahallasida bo‘lib, odamlar bilan muloqot qildi. Bu mahallada 26 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 6 mingdan ziyod aholi yashaydi.

Prezident mahalla vakillaridan hol-ahvol so‘radi. Nuroniylar o‘tgan sovuq kunlarda xalqimiz va davlat idoralari xizmatchilarining birligi bilan qiyinchilik ortda qolganini aytishdi.

«Bu bizga saboq bo‘lishi kerak. Energetikada 3-4 karra ko‘proq zaxira yaratishimiz zarur. Shuning uchun qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga e’tibor beryapmiz. U – muqobil, ishonchli va ekologik toza», dedi prezident.

Top