08:35 / 12.02.2023
36719

Turkiyaga yordam, qurilishlar sifatidan xavotir va vazirning maslahati - hafta dayjesti

Odam zilziladan emas, binolar qulashidan vafot etadi. Binolarni 9 ballik zilzilada ham qulamaydigan qilib qurishning yo‘li esa allaqachon o‘ylab topilgan. Hozir – “birinchi navbatdagi javobgar obektning egasi” deydigan emas, boshqalarning xatolaridan saboq chiqaradigan payt. Yakunlanayotgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Turkiya va Suriyada vayronkor zilzila

Dushanba kuni tongga yaqin Turkiya va Suriyada ro‘y bergan kuchli zilzila barchamizni larzaga soldi. 7,8 magnitudaga teng bunday kuchli yer silkinishi Turkiya tarixida 1939 yildan keyingi, Suriya tarixida esa 1822 yildan keyingi davrdagi eng vayronkor zilzila bo‘ldi.

Tabiiy ofat Anadolu va Arabiston tektonik plitalari to‘qnashishi natijasida sodir bo‘lgani, Turkiya Arabiston tomonga 3 metrga siljigani aytilyapti. Xuddi shu plitalar to‘qnashuvi bundan avval ham bir necha marta zilzilalarga olib kelgan. Siljishni Qahramonmarash va G‘oziantep o‘rtasidagi yo‘llardan olingan tasvirlarda ko‘rish mumkin.

Episentri G‘oziantepdan 34 km masofada bo‘lgan 7,8 balli zilziladan keyin mingdan ortiq aftershoklar qayd etildi. Ulardan 31 tasi 5 ball va undan yuqori magnitudali zilzilalar bo‘ldi. Birlamchi silkinishdan 9 soat o‘tib Qahramonmarash provinsiyasida ro‘y bergan eng vayronkor aftershokning kuchi noodatiy ravishda katta – 7,7 magnitudaga teng bo‘ldi.

Turkiyada umummilliy motam e’lon qilingan. 11 fevral holatiga Turkiya va Suriyadagi jami qurbonlar soni 25 mingdan oshgan, jarohatlanganlar esa 80 mingga yaqin. Bu raqamlar o‘sishda davom etyapti. Qurbonlar orasida kamida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi borligi ma’lum. Ulardan biri Malatya, yana biri Hatay, uchinchisi Qahramonmarash shahrida yashagan. O‘ndan ortiq o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

Ofat hududlariga butun dunyodan insonparvarlik yordami jo‘natilyapti. O‘zbek xalqi ham musibat kunlarida qardosh turk xalqiga ko‘mak ko‘rsatyapti. Toshkentda, viloyatlarda va Turkiyaning o‘zida vatandoshlarning ko‘ngilli guruhlari pul, moddiy buyumlar yuborish va bevosita ofat ro‘y bergan joylarda xizmat ko‘rsatish orqali zilziladan jabrlanganlarga yelkadosh bo‘lyapti. O‘nlab vatandoshlar hamdardlik belgisi sifatida Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi oldiga gullar qo‘yib ketishyapti.

15 mingdan ortiq o‘zbek yashaydigan Hatay viloyatida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining yuzga qutqaruvchisi ishlayapti. Yana 71 nafar qutqaruvchi, xususan Mudofaa vazirligining 50 kishidan iborat tibbiy otryadi G‘oziantep shahriga jalb etilgan. Ular kerakli texnikalar va boshqa vositalar bilan yetib bordi. Qutqaruvchilar bilan birga O‘zbekistondan insonparvarlik yuklari ham Turkiyaga yetkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zilzila ro‘y bergan kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi, keyinroq Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borgan holda hamdardlik bildirdi.

Odamlar ko‘nglidagi g‘ulg‘ula

Turkiya – biz uchun begona bo‘lmagan, qardosh mamlakat. U yerdagi vayronkor zilzila va ofatning ko‘lamini aks ettirgan videolar ko‘plar qatori o‘zbekistonliklarni ham xavotirga tushirib qo‘ydi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi dushanba kuni bayonot bilan chiqib, O‘zbekistonda zilzila darakchilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan holda, aholini tinchlantirishga urindi. E’tiborlisi, aslida ham shunday bo‘lib chiqdi: juma kuni Afg‘onistonda, Qirg‘izistonda va Qozog‘istonning janubida o‘rtacha 4 ballik zilzilalar ro‘y berdi, lekin ular O‘zbekiston hududida deyarli sezilmadi.

Ochig‘ini aytganda, Turkiyada qulagan uylar orasida hatto yangi qurilganlari ham borligi xavotirga sabab bo‘lmasligi mumkin emas. Chunki oxirgi yillarda O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkentda turk quruvchi kompaniyalari anchagina faollashgan. Mamlakatda korrupsiya qay darajada ekani esa hech kimga sir emas.

Seshanba kungi matbuot anjumanida jurnalistlar qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilovdan O‘zbekistonda qurilayotgan uylar zilzilaga qanchalik bardoshli ekani, necha ballgacha chidashiga kafolat borligi haqida so‘radi.

“Bu yerda inson omili bor. Men 36 million odamning qilayotgan ishi uchun sizga garantiya bera olmayman. Men kafolatni davlat tomonidan o‘rnatilgan nazorat, joriy qilingan tartib-qoida va standartlar bo‘yicha bera olaman. Qurilish ishlariga javobgar organ birinchi bo‘lib uni qurgan buyurtmachi hisoblanadi. O‘zbekcha aytganda, obektning egasi. Obektni qurayotgan “boy ota” 100 foiz mas’ul”, – deb javob berdi Davron Odilov.

Vazir o‘rinbosarining bu javobi internetda ko‘p tanqidlarga uchradi. Chunki uy sotib olayotgan odam birinchi navbatda davlatga, davlatning har xil vazirliklariga, inspeksiyalariga, tayyor binoni qabul qilib olib, foydalanishga ruxsat bergan organlariga ishonadi. Oddiy xaridor uchun quruvchining halolligiga nisbatan ishonch eng oxirgi o‘rinda. Shunday sharoitda, davlatning katta bir amaldori, shu sohaning egasi, qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari asosiy mas’uliyatni quruvchiga tashlab qo‘yishi albatta e’tirozlarga sabab bo‘lishi tabiiy edi.

Tanqidlardan keyin Qurilish vazirligi rasmiy bayonot tarqatib, Davron Odilovning so‘zlariga izoh berdi. Vazirlik uning so‘zlarida xato yo‘qligini ta’kidlagan holda, qurilishlar ustidan nazoratning to‘rtta toifasi borligini bildirgan: qurilish ustidan davlat nazoratidan tashqari, buyurtmachining texnik nazorati, loyihachining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati ham bo‘lishi kerak.

Qurilish vazirligiga ko‘ra, qurilish boshlanishidan oldin loyiha davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi, bunda bino hududning seysmik joylashuviga qarab, 7, 8 yoki 9 balli zilzilaga bardoshli qilib loyihalashtirilishi kerak. 4-toifadagi obektlar qo‘shimcha ravishda Seysmologiya instituti tomonidan seysmik ekspertizadan ham o‘tkaziladi.

Tanqidlar va xavotirlar bilan birga, haftaning eng yaxshi xabari ham qurilish sohasiga taalluqli bo‘ldi. Toshkent shahrida nihoyat yangi qurilishlarga vaqtincha moratoriy e’lon qilinadi. Prezidentning aytishicha, poytaxtning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarni boshlash taqiqlanadi. Moratoriy qachondan kuchga kirishi hozircha noma’lum.

“Oylik + bemorlar bergan pul = yetmaydimi?”

Hafta boshida tanqidlarga duchor bo‘lgan yana bir rasmiy yangi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bo‘ldi. U Farg‘onada tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda bir necha marta korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishi haqida gapirdi. Shunday uchrashuvlardan birida qatnashgan jurnalist unga korrupsiyaga qarshi kurashish uchun oyliklarni oshirish kerakligini aytib qoldi. Inoyatov esa bunga javoban shifokorlarga kutilmagan maslahat berdi.

“Bemorni agar mehr bilan davolab, to‘g‘ri yondashsangiz, rozi bo‘lib o‘zi sizga barakasini berib ketadi. So‘ramasangiz ham. To‘g‘rimi? So‘ramasangiz ham o‘zi berib, xursand bo‘lib ketadi. Ochiq-oydin aytyapman. Men uchun buni vazir sifatida aytish qanchalik to‘g‘ri, lekin men ochiq aytyapman. Yetmaydimi degan savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz kerak.

Gar qanoat birla bo‘lsang barqaror,
Dunyoda hech bo‘lmagaysan xor-u zor, deydi.

Odam sabrli bo‘lib, qanoat bilan, o‘zining ustida ishlab, o‘zining brendini yaratsa, zo‘r mutaxassis qilib o‘zining shaxsiy brendini yaratsa, xalq shunday boqadiki... Eh-he, jonajon xalqimizning o‘zi oyog‘ingizni yerga tekizdirmasdan olib yuradi”, dedi vazir.

Bunaqangi fikrlash bilan korrupsiyaga qarshi kurashib bo‘lmasligi haqida, xayriyatki, faqat internetdagi faollar emas, rasmiylardan ham sado chiqdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi bayonot bilan chiqib, bemor bergan pulni shifokorni rag‘batlantirishning yo‘li deb hisoblash qonunchilikka ham, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatiga ham to‘g‘ri kelmasligini tasdiqladi.

Ayrim faollar esa do‘xtirlar oyligi haqida avvalgi sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyevning gaplarini esladi. “Bir yil ichida shifokorlarning oylik maoshi 40 foizga ko‘tarildi. Menimcha, yana ularning oylik maoshini ko‘tarishga hojat yo‘q”, degandi 2019 yili, o‘sha paytda vazir o‘rinbosari lavozimida bo‘lgan Abduhakim Hojiboyev.

Shu hafta e’lon qilingan 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida oyliklar haqida faqat bitta band bor. Unga ko‘ra, kelasi yili kollej va texnikumlardagi oyliklar maktablardagi oyliklarga yetkaziladi. Boshqa kasb egalarining oyligi masalasi loyihada tilga olinmagan. Avvalroq rasman e’lon qilingan bog‘chalardagi maoshlarni maktablar bilan tenglashtirish ham negadir dastur loyihasiga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi davlat dasturida malakali o‘qituvchilar va shifokorlarning oyliklarini ming dollarga yetkazish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilash nazarda tutilgan edi. Bu qadamlar belgilanganmi-yo‘qmi, noma’lum.

Aholi yashaydigan joylarda tezlik 60 ga tushirilishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasida bir qator yaxshi yangiliklar bor. 1 iyundan boshlab nafaqat shaharlar va ulardagi markaziy ko‘chalar, balki umuman aholi yashaydigan har qanday joyda transport vositalarining maksimal tezligini 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirish reja qilinyapti. Eslatib o‘tamiz, birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston bo‘yicha avariyalar oqibatida 2356 kishi halok bo‘lgan. Dunyo tajribasiga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini 15 foizga kamaytiradi. Bu degani biz tezlikni tushirish orqali yiliga 350 kishining hayotini saqlab qolishimiz mumkin.

Dastur loyihasidagi yaxshi yangiliklardan yana biri – bu yil my.gov.uz portali orqali olish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlarini 200 taga ko‘paytirish ko‘zda tutilyapti. Shu tariqa, uyda o‘tirib ham foydalansa bo‘ladigan davlat xizmatlarining ulushi 73 foizga yetishi mumkin. Yil oxirigacha tibbiy ma’lumotnomalar ham to‘liq elektron shaklga o‘tadi. Masalan, haydovchilik guvohnomasi uchun “086-forma”, yoki o‘qituvchilarning har yili avgust oyidagi tibbiy ko‘rik xulosalari elektron shaklda bo‘ladi. Xalq tilida “bolnichniy” deb aytiladigan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari ham qog‘oz shaklda berilmaydigan bo‘ladi.

Davlat dasturida, shuningdek, budjet tashkilotlariga yoppasiga quyosh panellari va issiq suv kollektorlarini o‘rnatish, metan-shoxobchalarga elektron hisoblagich qo‘yishni majburiy qilish, o‘tgan yilga qaraganda 2 barobar ko‘p yangi xonadonni qurib foydalanishga topshirish, prokurorlarning tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini sudlarga o‘tkazish kabi o‘zgarishlar ham sanab o‘tilgan.

O‘zbekistonning sobiq “bosh farmatsevti” hibsga olindi

Hafta davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bir nechta shaxslarni hibsga oldi.

Davlat xavfsizlik xizmati o‘nlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dorisi bo‘yicha tergov doirasida Farmatsevtika agentligining sobiq direktori Sardor Qoriyev va yana bir necha kishini qamoqqa oldi. Ular DXXning tergov izolyatorida saqlanyapti. Bungacha, yanvar oyi boshida bu ish bo‘yicha 4 kishi hibga olingandi.

Prokuratura organlari Nukus voqealari bo‘yicha huquq-tartibot idoralarining 3 nafar xodimini qamoqqa oldi. Ularning qaysi tuzilmaga mansubligi va lavozimi oshkor qilinmayapti. Ular o‘tgan yili iyulida Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealar paytida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganlikda ayblanyapti. Hozirga qadar xalqaro tashkilotlar bu namoyishlarni bartaraf etishda organ xodimlari vakolatidan chetga chiqqan bo‘lsa, ularga ham chora ko‘rishga chaqirib kelayotgan edi.

Ichki ishlar organlari esa bloger Abduqodir Mo‘minovni hibsga oldi. U ikki modda bo‘yicha – firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanyapti. Xususan, internetda video tarqatish orqali jinoyat ishini hal qilib berish uchun 10 ming dollar so‘rab, shundan 3800 dollarini olgani, boshqa bir holatda esa sahifasida tanqidiy videoni chiqarmaslik evaziga bir tashkilot rahbaridan 70 ming dollar so‘ragani aytilyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Turkmanistonda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish uzilib qolgani tufayli mansabdorlar hibsga olindi. Bundan tashqari, rasmiy Ashxobod 9 kunlik uzilish uchun kompensatsiya sifatida O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz partiyasini yetkazib berdi. Shuningdek, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Turkmanistonga 20 ta Volkswagen Caddy rusumli tez yordam mashinalarini jo‘natdi.

Havoning iflosligi sabab toshkentliklar yiliga 503 ta sigareta chekkandek bo‘lyapti. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Toshkentda havo sifatining yomonligi shahar aholisining salomatligiga xuddi yiliga 503 ta sigareta chekkan kabi salbiy ta’sir qilishi ma’lum bo‘ldi. Iflos havo odamlar sog‘ligiga eng ko‘p zarar keltiradigan 20 ta katta shahar orasida O‘zbekiston poytaxti 16-o‘rinni egalladi.

Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan gaz ittifoqi tuzish bo‘yicha harakatlarini davom ettiryapti. Tomonlar bir-biriga va uchinchi davlatlarga gaz yetkazib berishni muhokama qilyapti. Uchta davlat tashqi gaz bozoridagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirishi mumkin. 9 fevral kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlari “Gazprom” raisi bilan uchrashdi. 1 martdan boshlab Rossiyadan gaz import qilish boshlanishi kutilyapti. Narx masalasidagi muhokamalardan hozircha ma’lumotlar yo‘q, keyin ham bo‘lmasligi mumkin. Umuman, energetika sohasida bilganlarimiz bilmaganlarimizdan qanchalik ko‘pligini shu hafta borgan sari yaxshiroq tushunib oldik.

Top