18:39 / 14.02.2023
19279

Turkmanistonda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish to‘xtab qolgani ortidan mansabdorlar ishdan olindi

Prezident Serdar Berdimuhamedov bosh vazirning energetika sohasiga mas’ul bo‘lgan ikki o‘rinbosarini lavozimidan ozod qildi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov respublika yoqilg‘i-energetika kompleksida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, bosh vazirning ikki o‘rinbosari – neft-gaz kompleksiga rahbarlik qilgan Shohim Abdurahmonov hamda elektroenergetika, qurilish va sanoat masalalari bo‘yicha mas’ul Chorimurod Purchekov o‘z lavozimidan ozod etildi.

Neftegaz nashrining yozishicha, Turkmaniston yoqilg‘i-energetika kompleksidagi o‘zgarishlar «kutilgan edi» va shu yil yanvar oyida «Galqinish» gaz konida yuzaga kelgan va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda uzilishga olib kelgan muammolar bilan bog‘liq. Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan audit shuni ko‘rsatdiki, qo‘shni respublikaga gaz ta’minoti to‘xtab qolgan 6 kun davomida yetkazilgan zarar miqdori 59,7 million dollarni tashkil etgan.

Avvalroq, Turkmanistonning «Turkmengaz» davlat konsernida 6 kishi, jumladan, Moddiy-texnika resurslari va asbob-uskunalar boshqarmasi rahbari Shuhrat Ajdarov va «Turkmengazaqdirish» uyushmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Chopanov hibsga olingan edi. Ular Turkmanistondagi eng yirik «Galqinish» gaz konida yuz bergan avariya va yanvar oyining sovuq kunlarida O‘zbekistonga gaz yetkazib berishning to‘xtab qolishida aybdor deb topilgan.

Turkmen.news xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani uchun Turkmanistondan katta miqdorda pul kompensatsiyasi talab qilgan. Biroq muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston tomoni yetkazilgan zarar miqdorida suyultirilgan gaz olishga rozi bo‘lgan. Turkmaniston rasmiy matbuotida suyultirilgan gazning bepul berilishi «qo‘shni davlatga do‘stona va birodarlik yordami» sifatida taqdim etilgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi bu xabarni rad etib, Turkmanistondan gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani uchun O‘zbekiston katta miqdorda pul kompensatsiyasi talab qilgani haqidagi xabar asossiz ekanini bildirdi.

«Energetika vazirligi ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emasligi va mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi… Shuni alohida ta’kidlaymizki, Turkmaniston tomonidan O‘zbekistonga do‘stona va birodarlik bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida suyultirilgan gaz partiyasi bepul taqdim etildi», deyildi xabarda.

Energetika vazirligi Turkmaniston tomonidan taqdim etilgan suyultirilgan gaz «yaqin kunlarda ehtiyojmand oilalarga bepul tarqatilishini» qo‘shimcha qilgan edi.

Top