17:56 / 15.02.2023
37136

3 mln dollarni o‘zlashtirishda gumonlanib qamoqqa olingan shaxs ozod qilingani ma’lum bo‘ldi

DXX va prokuratura departamenti tomonidan qo‘lga olingan «Realnaya Investitsiya» MChJ direktori yana ijtimoiy tarmoqda ko‘rinish berdi. U Jinoyat kodeksining 7 ta moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida gumonlanuvchilardan biri edi. Toshkent shahar sudlari Kun.uz so‘roviga javoban ish apellyatsiyada ekani vajidan unga nisbatan qanaqa hukm chiqqanini ochiqlamadi.

Foto: Videodan kadr

2022 yil aprel oyida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti «Realnaya Investitsiya» MChJ rahbarini qo‘lga olgan edi.

O‘shanda u fuqarolarning 15 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pullarini olib, ularga har oyda kamida 10 foizdan foyda berishni va’da qilganlikda gumonlanayotgandi.

DXX axborot xizmati tarqatgan videoda jamiyat rahbari 560 nafar fuqaro bilan oldi-berdi qilganini aytgan, 100 ga yaqin fuqarodan jami 2,5–3 mln dollar atrofida qarzi borligini bildirgan.

Shuningdek, tashkilot rahbari noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko‘chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgani aytilib, uni qo‘lga olish jarayonida turli o‘tkir tig‘li jismlar ham topilgani namoyish qilingan edi.

Ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 7 ta moddasi – 168 (firibgarlik), 178 (chet el valutasini yashirish), 179 (soxta tadbirkorlik), 184 (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 188-1 (pul mablag‘larini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat), 189 (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.

O‘shanda «Realnaya Investitsiya» MChJdan jabr ko‘rgan fuqarolardan Toshkent shahri prokuraturasiga murojaat qilish so‘ralgan edi.

Foto: Videodan kadr

Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, korxona rahbari o‘zining Instagram sahifasiga joylayotgan video va rasmlardan uning ayni paytda ochiqda ekanini taxmin qilish mumkin.

Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, «Realnaya Investitsiya» MChJ rahbari bilan bog‘liq ish ish yuzasidan tergov yakunlanib, sud hukmi chiqarilgan.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaroga 2022 yil 26 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining hukmi chiqqan. Prokurorning protestiga asosan, ish hozirda Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida ko‘rilmoqda.

Sud hukm hali qonuniy kuchga kirmagani sabab qilinib, ayblanuvchiga nisbatan qanday jazo tayinlangani ma’lum qilinmadi.

Mavzuga oid
Top