13:30 / 15.02.2023
45349

Do‘ppi o‘rniga yulinayotgan bosh: aholi va biznesga quyosh panellari majburiy tarzda o‘tkazilmoqda

Keyingi kunlarda deyarli barcha viloyatlarda kichik biznes vakillari va aholini, ayniqsa, budjet sohasida ishlayotganlar xonadonlariga bank krediti evaziga quyosh panellari o‘rnatishga majburlash hollari ko‘paygan.

Foto: Kun.uz

Xususan, hamkasbimlarimdan biri Navoiydagi bank filiallaridan biri 25 million so‘m evaziga panel o‘rnatishga kredit olishi kerakligi, bunga ularni viloyat hokimligi majburlayotganini hikoya qilgan. Agar u rozilik bersa — o‘rnatadigan firma ham tayyor: bir kunda o‘rnatib ham ketishar ekan.

Telegramdagi aloqa botimga kelgan yana bir murojaatda shunday yozilgan:

«Bankirlarni aytyapsiz, quyosh elektr panellarini o‘rnatish uchun bizni ham majburlashyapti. Oylik maoshim 4 mln, qaysi pulga qo‘yishni bilmay qoldim. Yo‘li bor, lekin tinch qo‘yishlari uchun faqat pora berish kerak...»

Hamma og‘zidan bol tomib maqtaydigan viloyat hokimi ham har hafta apparat yig‘ilishlarida «panel o‘rnatmaganlarni ishdan ol, svetini o‘chir», deb ochiqchasiga po‘pisa qilyapti ekan.

Bir paytlar «tovuq», «chorva», «parnik»ka kredit olishga majburlanganlarning ko‘pchiligi bugun hech qanday daromad olmasdan, bo‘ynigacha qarzga botib o‘tiribdi. Xalqning bir marta «og‘zi kuygan», endi hushyor tortmoqda.

Qolaversa, prezident quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishi bo‘yicha vazifalarni faqat davlat va budjet tashkilotlari uchun belgilab bergan edi. Ammo oddiy fuqarolar va biznes vakillariga joylarda quyosh panellarini o‘rnatishni viloyatlardagi mutasaddilar prezident topshirig‘i, deya aholini majburlashayotgani ayon bo‘lmoqda.

Odatdagidek, do‘ppi o‘rniga bosh yulinmoqda

Iqtisodchi Bakirov bu holatga baho berar ekan, «Eng ezgu va ratsional tashabbuslar ham xudo qisgan hokimlarning qo‘li bilan absurdga aylantirilishi birinchi marta emas», deb yozdi.

«Do‘ppi desa, bosh yulib kelinadigan kampaniyabozlik barcha viloyatlarda davom etmoqda, lekin doimgidek O‘zbekiston qonunlari ishlamaydigan Andijon viloyati shu masaladayam yetakchi.

Tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishga majburlovda uchta muammoni qayd etishmoqda:

Birinchidan, biznes vakillariga ularning zaruriyatidan ortiq panellar o‘rnatish vazifasi topshirilmoqda.

Ikkinchidan, taklif etilgan panellar qimmatlashtirilgan va erkin tanlov mavjud emas. Ayniqsa, kredit hisobiga sotib olishga majburlanayotgan panellar karrasiga qimmatlashtirilgan. Bu bilamizki, qizil tovuqdan tortib qoramolgacha bo‘lgan masalalarda tajriba orttirgan o‘zbek hokimlarining sevimli pul ishlash usuli.

Uchinchidan, tadbirkorlarning hisobi bor, ular shuning uchun ham tadbirkor. Karrasiga qimmatlashtirilgan va bank krediti hisobiga sotib olinayotgan panellar generatsiyasi ertaga hatto bozor narxlariga o‘tsak ham, tariflar uch barobar oshsayam, 10 yilda o‘zini oqlamaydi. Bu qanaqa afzallik va bu qanaqa muqobillik?» — deb yozadi Bakirov.

Prezident nima degan edi?

Fevral oyi boshida vodiy viloyatlariga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida faollar bilan uchrashganda yashil energetika mavzusida gap ochgan edi.

«Nima uchun mas’ul rahbarlar o‘z hududida yetishmovchilikni qoplash, «yashil energiya»ni joriy qilish, tejamkorlik haqida o‘ylamagan?» — deya savol qo‘ygan davlatimiz rahbari.

Prezident o‘sha yig‘ilishda vodiy viloyatlarida 160 MWʼli quyosh panellari va 100 ta mikro GESlar qurilishi haqida gapirgan va bu ishlarni joylarda to‘g‘ri tashkil etish, masalalarni hal qilish uchun viloyat hokimlarining 1-o‘rinbosarlari mas’ul bo‘lishi va barcha ishlardan ozod qilinishi, ularga respublika bank rahbarlari biriktirilishini belgilagan edi.

Ijtimoiy soha obektlarida «quyosh energiyasi»dan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etilishi, unga 200 mln dollar mablag‘ berilishi va bu kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatishi hamda «yashil energiya»ni budjet korxonasiga sotishi belgilangan edi. Bu soha daromadliligini tadbirkorlarga tushuntirib, ularni ham bu ishga jalb qilish kerakligi ta’kidlangandi.

Yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilishi aytilgandi. Birgina vodiy viloyatlarida 1 408 ta yirik korxona o‘zining elektr ehtiyojini 100 foiz o‘zi ta’minlashga o‘tkazish viloyat hokimlari, Energetika vazirligi va tarmoq rahbarlari uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi prezident tomonidan belgilangan edi.

Sanoat korxonalarida quyosh panellari o‘rnatish va kichik stansiyalar qurish uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 2 milliard dollar jalb qilish choralari ko‘rilishi aytilgan edi.

Nega bankirlar yana g‘imirlab qolishdi?

Kam ta’minlangan oilalarga kredit evaziga tovuq, chorva mollari tarqatish, parnik qurib berish «operatsiyalari»da garchi mablag‘ davlat budjetidan ajratilgan bo‘lsa-da, eng katta foydani (noqonuniy foydani, albatta!) bankirlar va ta’minotchi korxonalar ko‘rgani hech kimga sir emas.

Chunki kredit evaziga parranda, chorva va parnik oluvchilar ajratilgan pulga o‘zlari sifatlirog‘i va arzonrog‘ini emas, aynan bankirlar ko‘rsatgan ta’minotchi korxonalardan sifatsizrog‘i va qimmatrog‘ini olishga majbur bo‘lishdi.

Ta’minotchi korxonalarda esa chorva va parranda narxi bozordagidan 3 baravargacha qimmatroq, quriladigan parnik bilan ham shu ahvol. Sifatsiz, «mendan ketguncha egasiga yetguncha» qurilgan parniklar haqida o‘nlab murojaatlarni o‘rgangan inson sifatida yozyapman buni.

Qolaversa, o‘shanda xizmatni bajarib, tovuq, chorva, parniklarni yetkazib berib, bankdan pulini undirolmay yurgan ta’minotchilar ham bizga murojaat qilishgandi, bunday korxonalar axtarilsa hozir ham chiqsa kerak.

Hammasi bankir va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida tuziladigan «o‘zaro manfaatli bitim» bilan bog‘liq. Bankka «ulush»ini bergan ta’minotchining oshig‘i olchi. Kelisholmagani, to‘g‘rirog‘i, pora bermagani pulini ololmay yuradi. Bu 100 foiz korrupsion sxema.

Quyosh panellari bilan ham aynan shunday bo‘lyapti, deb qo‘rqmasdan ayta olaman. Bir ezgu tashabbus bahona, kimlardir mo‘may daromad ilinjida eshagini qamchilamoqda.

«Eshagidan tushovi qimmat»

Sanoat korxonalari va biznesni-ku qo‘yaturing, o‘zi hozirgi sharoitda xonadonlarga kredit evaziga quyosh panellari o‘rnatish samaralimi?

Masalan, Navoiyda banklar xonadonlarga eng kamida 2,2 KWa quvvat beradigan quyosh panellari uchun 25–27 million so‘mlik kredit taklif etishmoqda. Bundan tashqari uning foizlari ham bor.

Oddiy arifmetika

Hisob-kitob qilib ko‘raylik: 25 mln so‘m bugungi kunda 1 KW-soat uchun xonadonlarga belgilangan tarif — 295 so‘mdan hisoblansa 84 ming 745 KW bo‘ladi. Bir oyda 100 KW elektr energiya ishlatsangiz — bu summa 847 oy (70 yil)ga yetadi. 200 KW ishlatsangiz 423 oy (35 yil)ga yetadi.

Aniq ko‘rinib turibdiki, kreditga o‘rnatilgan quyosh panellarining hech qachon puli chiqmaydi va o‘zini oqlamaydi. Hattoki elektr energiyasi narxi erkinlashtirilib, narx ikki barobarga oshirilgan taqdirda ham.

To‘g‘ri, quyosh panellari kerak. Yashil energetikaga sekin-asta o‘tishimiz shart. Buni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Lekin bu tarzda, haybarakallachilik va fuqarolar haqini o‘zlashtirish maqsadida shoshilinch va majburlovchi harakatlar bilan odamlarni bezdirib qo‘yilmayaptimi? Undan ko‘ra yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishni ko‘paytirish, sohaga investorlarni ko‘proq jalb qilish afzal emasmi?

Avvalo shaxsiy namuna bo‘lsin

Samarasi mavhum bo‘lgan buyum uchun kredit olishga nega yana aynan maoshi u oydan bu oyga zo‘rg‘a yetadigan budjet sohasi xodimlari majburlanmoqda? Modomiki, shu ishlar mana shunday majburlov tarzida amalga oshirilishi kerak bo‘lsa ham buning samaraliroq, barchaga birdek foydasi tegadigan yo‘li bor-ku?

Yillik o‘rtacha elektr energiyasi iste’moli 5000 KW-soatdan oshgan xonadonlardan boshlash kerak emasmi? Elektr energiyasini «ichayotgan» xonadonlar haqidagi ma’lumotlar elektr ta’minoti korxonalarida bor. Arzon va subsidiyalangan elektr energiyasidan boylar tarallabedod qilib foydalanishmoqda. Hojatxonasigacha konditsioner o‘rnatib... deymiz-u, ammo buni amalga oshirishga ham korrupsiya degan balo albatta xalaqit beradi.

Chunki yuqorida botga kelgan murojaatda aytilganidek, majburiy talabdan pora evaziga qutulib qolsa bo‘ladi. Boylarda esa pul ko‘p, ularni bu narsaga majburlab bo‘lmaydi.

Yoki aholini kredit olinglar deb majburlayotgan banklarni to‘liq elektr tarmog‘idan uzib, quyosh panellariga o‘tkazish kerak. Ana shunda energetikamizga ham foyda ko‘proq bo‘lar edi. Quyosh botganidan so‘ng bank ishchilari ham odamga o‘xshab, uyiga borib oilasi davrasida dam olar edi, yarim kechagacha ishda o‘tirmasdan.

Yoki yana bitta chora: o‘sha majburlovlar ustida turgan hokim, “zamhokim”, boshqarma boshliqlari avval o‘zlari xonadonlarini to‘liq quyosh paneliga o‘tkazib, uyini elektr tarmog‘idan uzib tashlab, xalqqa shaxsiy namuna bo‘lib ko‘rsatsin. «Pichoq»ni avval odam o‘ziga «urishi», og‘rimasa birovga «urishi» kerak-ku?

Ochko olishga o‘rgangan hokimlar bu ishlari bilan ham prezidentning «ko‘ziga cho‘p suqayotganlari»ni, mashmashalar ortidan «otiladigan har qanday tosh» aynan prezidentga borib tegishini nahot o‘ylamaydilar?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Top