17:02 / 17.02.2023
5743

2022 yilda daraxtlarni noqonuniy kesish oqibatida 10 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan

2022 yil davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 7,3 mlrd so‘m ma’muriy jarima belgilangan, tabiatga yetkazilgan zarar - 10 mlrd so‘m. Bu haqda Tabiat resurslari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklarining axborotida aytilgan.

Foto: KUN.UZ

O‘tgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxtlar kesilgan. Vaziyat tahlil etilganda, qurilish obektlari atrofini o‘rab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud bo‘lish holatlari sodir etilayotganligi aniqlangan.

“Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida davlat ekologik ekspertizasi obektlari qatoriga barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari hamda shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari kiritilgan. Biroq, mas’ullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish obektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bog‘liq 2019 yilda 235 ta, 2020 yilda 89 ta va 2021 yilda 99 ta obektga o‘rganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilganligi va qurilish loyihalari ishlab chiqilganligi aniqlangan.

2022 yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt hududlari o‘rganilishi natijasida umumiy 21031 dona turli xildagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan, ularning 17767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxtlar bo‘lib, ularning 103 tasi qurib qolganligi va 20 tasi turli xil kasallanganligi ma’lum bo‘lgan. 

Respublika bo‘yicha 500 dan ziyod qurilish obektlari atrofi o‘rab olingan bo‘lib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xavf ostida qolmoqda. Bir qator qurilish obektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.

Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan qurilish obektida xandaq (kotlovan) qazish ishlari olib borilgan hududda jami 55 tup daraxt yo‘q qilingan. Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi uchun o‘rab olingan hududda 18 tup daraxt shikastlantirilgani aniqlangan, Yashnobod tumanida qurilish obektida 83 tup ko‘p yillik manzarali daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan.

Qonunchilik palatasidagi eshituvda deputatlar tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga qurilish obektlariga daraxtlar kesilishining oldini olishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligi ta’kidlandi. Qurilish obektlarining atrofni o‘rash tartibini qonunchilik hujjatlarida aniq belgilash, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi.

Top